“20 millionlik kasal novvosni qassob 500 mingga sotib oldi”: Rishtonda qoramollar kasallikdan nobud bo‘lyapti
Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida qoramollar teri toshmasi kasalligidan qirilib ketyapti. Aholi mol go‘shti sotib olishga qo‘rqib qolgan. Qo‘shni tuman qassoblari xasta mollarni arzon-garovga sotib olib ketyapti. “Kasallangan mol go‘shtlari qassobxona, kolbasa sexi va oshxonalarga chiqib ketgan bo‘lishi ham mumkin, tirikchiligi chorvadan bo‘lgan aholi sarosimaga tushib qoldi”, deydi chorvasini davolatayotgan fuqarolardan biri.
Kun.uz muxbiri kasallik tarqagan Zohidon qishlog‘ida bo‘lib, qoramoli kasallikdan nobud bo‘lgan aholi vakillari bilan suhbatlashdi. Ma’lum bo‘lishicha, avval Buvayda tumanida avj olgan kasallik ayni paytda Rishton tumanining boshqa qishloqlarida, Farg‘ona tumanining Xonqiz, Chimyon va Marg‘ilon shahriga ham keng yoyilgan.
“20 mln so‘mlik novvos 500 mingga sotildi…”
“Kasallik boshlanganiga ikki oydan oshib ketdi. Rishton tumanida 90 foiz chorva kasal bo‘ldi. 20 mln so‘mlik katta novvoslarni boshqa tumandan kelgan qassoblar 500 ming so‘m berib olib ketyapti. Tanishim ikki katta kasallangan novvosini 1 mln so‘mga sotvordi o‘sha qassoblarga. Kasal mol go‘shti qassobxonagami, kolbasa sexigami yoki oshxonalarga tarqatilyaptimi, hayronmiz. Hozirda ikki molim kasallangan. Vaksina qilinganda shunday bo‘lmasmidi? Vaksina olish 200 ming so‘m deyishyapti. Pul sarflab mollarimni davolatyapman.
Yana bir do‘stim azoblanayotgan molining o‘lishini ko‘rmay deb qassoblarga tekinga bervordi”, – deydi ismi sir qolishini iltimos qilgan murojaatchilardan biri.
“Sigirimizni asrab qoldik, shukur…”
“Sigirimiz to‘satdan o‘t yemay, suv ichmay qo‘ydi. Keyin oyog‘i shishib, cho‘loqlana boshladi. Doktor 4 kun ukol qildi, shundan keyin sal o‘nglanishni boshladi. Keyin badaniga toshmalar chiqdi, dorilardan keyin toshmalar qurib tushdi. Qishloqda ko‘pchilikning qoramoli qirilib ketdi.
Xudoga shukur, ming marta shukur, biznikini qaytib berdi. Endi tirik qolgani rost bo‘lsin, jonivor sakkiz oylik bo‘g‘oz edi, bola tashlab qo‘yadi deb xavotirga tushdim, yaxshiki bolasi tushmadi. Ayolim “saxar”, sutidan ichsa davo bo‘ladi deb, qiynalsak ham sigir boqamiz”, – deydi zohidonlik Homidjon Mahmudov.
“To‘yimga deb boqayotgan ikki molim o‘lib qoldi…”
“Yaxshi niyatda to‘ylarga deb mol boqib turgandik. Kasallik keldi, mollarim o‘lib qoldi, ko‘mib qo‘ydik.
Mollarning oyog‘i shishib cho‘loqlana boshladi, keyin doktorga davolatdik, iloji bo‘lmadi. Har turli ukol, dorini qildik. Bir hafta, o‘n kun davomida davolatdik. Dori-darmonga ham ikki-uch million pul sarfladik. Bu kasallikdan davo topgan mol haqida aniq eshitmadim. Ko‘p mollar o‘lib ketyapti. Molim omon qoldi, yaxshi bo‘lib ketdi, degani juda kam. Bir mahalladan uch-to‘rt kishining moli o‘lyapti. Molxona yoniga kelsam, ularni xayolimga keltirib siqilaman.
Odamlar mol go‘shti yemayapti, asosan qo‘y go‘shti olishyapti. Mol go‘shti uncha savdo ham bo‘lmayapti, kasal mol go‘shti sotyapti, degan gap-so‘z bo‘lgani uchun ko‘p inson go‘sht yegisi kelmayapti. Hukumatdan yordam berishni so‘raymiz”, – deydi ikki qoramolidan ayrilgan Alisher Abdumutalov.
“Qishloqda mol qolmadi…”
“Chorva bilan shug‘ullanaman. Bozordan mol olishga cho‘chib qoldik. Kasallik yo‘qolsagina, keyin bemalol ish qilamiz endi. Molbozorlarda savdo bo‘lyapti, lekin tavakkal bo‘lyapti-da. Mol doktorlarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Ulgurishmayapti.
Odamlarga qiyin bo‘ldi hammadan. Qishloqda mollar qirilib ketdi, qishloqliklarning tirikchiligi chorvadan-ku. Masalaga aniq bir chora ko‘rish kerak. Kasallikka aniq tashxis qo‘yish kerak. Shuni davolayman deb tuzataman degan doktor kam. To‘g‘risi, tavakkal ukol qilinyapti.
Mol doktorlar tuzatyapti, lekin tuzalmagani ham bo‘lyapti. Mahallamizda mol qolmadi. Hukumatimiz yordam berishini so‘rab qolamiz. Odamlar molim kasal bo‘ldi deb tepaga chiqib aytishga ham qo‘rqadi”, – deydi murojaatchilardan biri.
Nodulyar dermatit
“Hozirda tumanda veterinarlar aholi xonadonlaridagi qoramollar, qo‘y, it, va mushuklarga to‘liq emlash ishlari olib boryapti. Nodulyar dermatit kasalligining oldini olish maqsadida emlash ishlari olib borilmoqda.
Kasallik “nodulyar dermatit” deyiladi. Hozirgi paytda bo‘layotgan kasalliklarda terida toshma paydo bo‘lishi, yelinlarida, tuyoq sohalarida suyuqlik yig‘ilishi, harorat oshib ketishi kuzatilmoqda.
Bu teri-tanosil kasalligi hisoblanib, virusli kasallik ekan. Kasallik qo‘ylarga yuqmayapti, insonga yuqishi ham isbotlanmagan. Qishloq aholisi mol go‘shti sotib olishga ham qo‘rqmoqda. Biz odamlardan ehtiyot bo‘lishlarini so‘rab qolamiz. Qassobxonadan olinayotgan go‘shtlar veterinariya nazoratidan o‘tkazilib, iste’mol qilishga tasdiqlangan bo‘lsa, biz o‘shani tavsiya qilamiz.
Qishloqda kasallik bir yarim oy avval boshlangan. Xitoydan kirib kelgan deb taxmin qilinmoqda. Hozirgi kunda emlash ishlari yakunlangan, endi hayvon egalarining murojaatlariga asosan davolash ishlari tashkil qilinmoqda”, – deydi tuman veterinariya bo‘limi xodimi A’zamjon Yangiboyev.
“Tekshiruv kuchaytirilgan”
“Rishton tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimlari tomonidan oshxona va boshqa obektlarda, go‘sht savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘konlarda targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Har bitta mahsulot tegishli xulosalarni olgandan keyin savdo faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berilyapti. Misol uchun, go‘shtga keladigan bo‘lsak, laboratoriya xulosalari bilan veterinariya bo‘limining maxsus ruxsatnomasi orqali faqat tegishli sertifikatlar olgandan keyin savdo faoliyatini olib borishlari to‘g‘risidagi targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda tumanda kasal hayvon so‘yilishi yoki savdoga chiqish hollari aniqlanmadi”, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi mudiri Temurbek Hakimjonov.
“Qassobxonalarda savdo avvalgidek emas”
“Har bir molni tekshirib, sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirib sotib olyapmiz. So‘yayotgan molni doktorlar ko‘zdan kechiryapti. Go‘sht tekshirilib, savdoga chiqarilyapti. Kasal mollar aniq namoyon bo‘ladi o‘zi. Tuyoqlar shishib ketgan bo‘ladi.
Aholi vahimaga tushgani rost. Ko‘pchilik moldan ko‘ra qo‘y boqishga o‘tib ketdi. Qassobxonalarda savdo avvalgidek emas. Kasallik tarqamasidan oldin kuniga ikki-uch novvos so‘yib sotardik. Hozir esa bitta sotyapmiz”, – deydi qassob Bobur Otaxonov.
“Bitta xonadondan ikkita-uchta mol o‘lganlari ham bo‘ldi”
“Ko‘p vet dorilarda yetishmovchilik bo‘lib qoldi. Olib kelganlarimiz ham tezda tugab qolyapti.
Bir kunda sakkizta-o‘nta mol o‘ldi. Doktorlarning aytishiga qaraganda bu nodulyar dermatit degan kasallik ekan. U teri kasalligi bo‘lib, turli xil hasharotlar chaqishi bilan hayvondan hayvonga o‘tarkan. Aytishlaricha, kasallik Marg‘ilon shahrida va Andijonda ham avj olgan emish.
Qishloqda oltita-yettita mol doktor bor. Kasallik rosa avj olgan paytda ularning qo‘li qo‘liga tegmay qoldi. Bitta xonadonda ikkita-uchta mol o‘lganlari ham bo‘ldi”, – deydi veterinariya aptekasi xodimi Husanboy Hamdamov.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sador Mamirov.
Mavzuga oid
01:46 / 07.12.2024
JSST noma’lum kasallik sabablarini aniqlash uchun Kongoga o‘z mutaxassislarini yuboradi
19:45 / 03.12.2024
Kongoda noma’lum kasallik tufayli 140 dan ortiq inson vafot etdi - Reuters
14:00 / 01.12.2024
“Farzandlarimga kitob o‘qish hamda mehnatdan qochmaslikni o‘rgataman” – chempionning taksist otasi
16:29 / 16.09.2024