Jamiyat | 11:03 / 14.05.2022
34405
3 daqiqa o‘qiladi

Jambildagi avariya qurbonlari soni oshdi. Jabrlanganlar O‘zbekistonga olib kelindi

Qozog‘istonning Jambil viloyati, Jualin tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida jabrlanganlar O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar bermoqda.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidentining tezkor topshirig‘iga asosan hukumat qarori bilan Favqulodda vaziyatlar vazirining o‘rinbosari A.Latifjonov boshchiligida tashkil etilgan ishchi guruh kecha, 13 may kuni soat 18:05 da Jualin tumanining markaziy shifoxonasiga yetib borgan.

Guruh Qozog‘istonning mas’ul idoralari rahbarlari bilan uchrashgan va hamkorlik asosida tashkiliy va amaliy harakatlar olib borilgan.

O‘zbekistonliklar soat 23:40 da Jualin tuman markaziy shifoxonasidan yo‘lga chiqib, 14 may kuni soat 04:55 da O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasi “G‘ishtko‘prik” bojxona maskaniga yetib kelgan.

“Shuni alohida ta’kidlash joizki, do‘st Qozog‘iston mas’ullari yuzaga kelgan mazkur baxtsiz hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jarohatlanganlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatishda yaqindan ko‘mak berishdi”, deyiladi xabarda. 

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Sog‘liqni saqlash va Transport vazirliklari hamkorligida 2 nafar vafot etgan fuqaroning jasadi yashash manzili – Buxoro va Xorazm viloyatlariga yuborildi. Hozirda mahalliy hokimliklar tomonidan marosim tadbirlarini o‘tkazish yuzasidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. 

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Bildirilishicha, bugun, 14 may kuni baxtsiz hodisa oqibatida yana bir fuqaro vafot etdi. Ayni paytda marhumni olib kelish yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda.

Olib kelingan 23 nafar fuqarodan 18 nafari Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markaziga joylashtirilgan, 5 nafar fuqaroning ahvoli yaxshi bo‘lgani uchun uyiga javob berilgan.

Hozirgi vaqtda markazga joylashtirilgan fuqarolarning ahvoli shifokorlarning qat’iy nazoratiga olinib, tegishli muolajalar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 12 may kuni Jambil viloyatida yo‘lovchi avtobusi ishtirokida YTH sodir bo‘lgan.

Nukus-Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan avtobusda 53 nafar yo‘lovchi, jumladan, 47 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. 

Mavzuga oid