Jahon | 22:59 / 15.05.2022
49980
10 daqiqa o‘qiladi

Ukraina urushning yangi davri boshlangani va million harbiy qurollantirilishini e’lon qildi. Sulh kutish o‘rinsizmi?

Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov urushning uzoqqa cho‘ziluvchi yangi bosqichi boshlanganini e’lon qilib, mamlakatni «favqulodda og‘ir haftalar» kutayotganidan ogohlantirdi va bir million kishilik armiyani qurollantirishni va’da qildi. Bu vaqtda G‘arb davlatlari vakillari Vladimir Putin bilan kontaktlarni qayta o‘rnatmoqda va sulh tuzish zarurligi haqida gapirishmoqda, ammo ukrainlar yetakchisi Volodimir Zelenskiy ikki davlat rahbarlari o‘rtasida muzokaralar boshlanishi uchun Rossiya armiyasi Ukraina hududidan olib chiqilishi shart ekanini ma’lum qildi.

Foto: AFP

Reznikov feysbukdagi sahifasi orqali Ukraina aholisiga murojaat qildi. U Moskvadagilar hujumdan keyin bir necha kun ichida Ukraina kapitulyatsiya qilishidan umid qilishganini aytdi. Ammo, ukrainlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, ukrain xalqi bu rejalarni barbod qilgan va Rossiya strategik mag‘lubiyatga uchragan, Kiyev ostonasida katta yo‘qotishlar berib, birorta strategik maqsadga erisha olmagan rus qo‘shinlari esa taktikani o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.

«Bu fonda biz urushning yangi - uzoq davom etuvchi davriga kirmoqdamiz. Unda g‘olib bo‘lish uchun resurslarni puxtalik bilan rejalashtirish, xatolardan saqlanish va o‘z kuchimizni shunday loyihalashtirishimiz kerakki, oxir-oqibat dushman dosh bera olmasin», deya qayd etgan Ukraina mudofaa vaziri.

Mart oyi oxirida Rossiya o‘z qo‘shinlarini Ukrainaning shimoliy hududlaridan, jumladan Kiyev atrofidan olib ketishini e’lon qildi. Moskva Istanbuldagi muzokaralardan keyin «o‘zaro ishonchni mustahkamlash» sifatida shunday yo‘l tutayotganini bildirdi. Ammo g‘arblik ekspertlar va ukrain hukumati bu chekinish Rossiya harbiylari Ukraina poytaxti atrofidagi janglarda keng ko‘lamli harbiy mag‘lubiyatga uchragani bilan bog‘liq ekanini ma’lum qildi.

Donbassdagi yurishlar

Aprel oyida RF armiyasi Ukrainadagi maxsus amaliyotning ikkinchi bosqichi boshlangani haqida ma’lum qildi: bu bosqich Donetsk va Lugansk oblastlarining butun hududini egallashni, ya’ni Donbassning 2014-15 yillardagi urushlardan keyin ham Kiyev nazoratida qolgan hududlarini ushbu hududdagi tan olinmagan «respublikalar»ga qo‘shishni nazarda tutadi.

Ammo «Donbassdagi katta yurish»ning uch haftasidan keyin ham rossiyalik harbiylar Lugansk va Donetsk oblastlarida atigi bir necha aholi punktlarini egallay olishdi. Qolaversa janubda Mariupol ustidan ham hali to‘liq nazorat o‘rnatilgani yo‘q: shaharning aksar hududi vayron qilingan va RF armiyasi nazoratiga o‘tgan bo‘lsa-da, «Azovstal» metallurgiya kombinatidagi ukrain harbiylari qarshilik ko‘rsatishda davom etishmoqda.

Bunga parallel tarzda ukrain armiyasi Xarkov oblastida qarshi hujumga o‘tgan, natijada rossiyalik harbiylar ko‘plab pozitsiyalaridan chekinib, Ukraina chegarasiga qadar uloqtirilgan.

«Xulosa qilib aytadigan bo‘lsa, Ukraina foydasiga strategik burilish ro‘y berdi. Bu jarayon ma’lum vaqt davom etadi. Uzoq muddatda esa bu tendensiyalar Rossiyaning mag‘lubiyatini muqarrar qiladi», deya hisoblaydi Reznikov.

Ukraina armiyasining asosiy umidi front chizig‘iga yangi kuchlar jalb etilishidan. Armiya G‘arb texnikalari bilan jihozlanishiga ham umid qilinmoqda - G‘arb Kiyevning harbiy qudratiga amin bo‘lgani hamda rossiyalik harbiylarning Kiyev atrofida, Sumi va Chernigovda sodir etgan harbiy jinoyatlarining dahshatli dalillariga guvoh bo‘lganidan keyin Ukrainaga faol harbiy yordam ko‘rsatishga kirishdi.

«Bizni favqulodda og‘ir haftalar kutmoqda. Ularning soni qancha bo‘lishini hech kim aniq ayta olmaydi. Bu davr mobaynida biz mudofaani asosan o‘z kuchimiz bilan ushlab turamiz», degan Reznikov va ayni vaqtda bir yarim ming ukrain harbiysi o‘qitilayotgani, ular G‘arbning yangi texnikalaridan foydalana oluvchi instruktorlar bo‘lib yetishishini qo‘shimcha qilgan.

Millionlik armiya

Reznikovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina o‘z mudofaa salohiyatini o‘stirmoqchi. «Bu zarur vositalarni xarid qilish va ishlab chiqarishga ham taalluqli. Biz asosiy e’tiborni dushmanga qarshi kurashuvchi bir million odam bilan ta’minlash zaruratiga qaratamiz», deya yozgan Ukraina mudofaa vaziri.

Oleksiy Reznikov
THOMAS LOHNES/GETTY IMAGES

Agar ukrain armiyasi faollik bilan yangi tuzilmalarni shakllantirishda davom etsa va o‘z qurol-yarog‘ zaxiralarini to‘ldirishga e’tibor qaratsa (hajmi va qudratiga ko‘ra bu borada hozircha Rossiya katta ustunlikka ega), rossiyalik harbiylar ham frontga yangi harbiy kuchlarni jalb qilishga zo‘r beradi. OAVdagi ma’lumotlarga ko‘ra esa Rossiya rasmiylari uchun buni amalga oshirish umuman oson emas.

Arlingtondagi CNA institutining Rossiya bo‘yicha tadqiqotlar bo‘limi direktori Maykl Kofman tvitterdagi sahifasida Rossiya hozircha katta yo‘qotishlarga uchragan asosiy tuzilmalarini to‘ldirish zaruratini bajara olmaydi va bu muammoni hal qilishi mumkin bo‘lgan choralarni (Ukrainaga rasman urush ochish, zaxiradagilarni safarbar etish yoki muddatli harbiy xizmat o‘tashga chaqirilganlarni frontga yuborish kabi) ko‘rishni istamaydi.

«Ayni vaqtda Rossiya uchun imkoniyatlar doirasi torayib bormoqda. Ular qancha ortga sursa, urushni qo‘llab-quvvatlash qobiliyati shunchalik ko‘p zarar ko‘radi va voqealarning keyingi rivoji bo‘yicha variantlar ular uchun yomonlashib boradi», deb hisoblaydi Kofman.

Harbiy ekspertlar - G‘arbdagilar ham, ukrainaliklar ham Reznikov aytgan «urushning yangi fazasi» aynan qancha vaqt davom etishi borasida aniq prognozlar berishdan tiyilmoqda. «Afsuski, men bu birgina oy bo‘ladi deb o‘ylamayman, besh oy ham, olti oy ham bo‘lishi mumki», degan harbiy ekspert Oleg Jdanov Ukraina televideniyesi efirida.

Sulh tuzilishi mumkinmi?

Urushning birinchi bosqichida Volodimir Zelenskiy bir necha bor vatandoshlari hayotini saqlab qolish uchun Vladimir Putin bilan o‘zaro uchrashuv o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qilgandi. Ammo endi uning ritorikasi boshqacharoq.

Volodimir Zelenskiy endi Kremlga yon berish haqida o‘ylamayapti. Foto: EPA

Juma kuni Zelenskiy Italiyadagi RAI1 telekanaliga bergan intervyusida ikki davlat yetakchisi o‘rtasida qandaydir muzokaralar boshlanishi uchun rossiyalik harbiylar Ukraina hududidan olib chiqilishi shart ekanini qayd etdi.

«Prezident sifatida men Putin bilan gaplashishga tayyorman. Lekin faqat uning o‘zi bilan. Qandaydir vositachilarisiz. Va ultimatum shartlari bo‘yicha emas, muloqot shartlari bo‘yicha. 24 fevraldan keyin okkupatsiya qilingan hududlardan chiqib keting. Bu har qanday muloqot uchun birinchi navbatdagi shart», dedi Ukraina prezidenti.

So‘nggi kunlarda G‘arbdagi nufuzli siyosatchilar Rossiyani zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.

Avvaliga Germaniya kansleri Olaf Shols Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. U tvitterdagi sahifasida bu muloqot haqida shunday yozadi: «Bugun Putin bilan uzoq davom etgan telefon muloqotidan asosiy uchta gap: Ukrainada imkon qadar tez fursatda o‘t ochish to‘xtatilishi kerak. U yerda natsistlar hukmronlik qilayotgani to‘g‘risidagi da’volar yolg‘on. Shuningdek, Rossiya global oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyat uchun javobgar ekanini ta’kidladim».

O‘z navbatida, Kreml saytida xabar berishlaricha, Putin o‘z suhbatdoshiga «Donbassdagi xalq respublikalarini himoya qilish bo‘yicha maxsus harbiy amaliyotning asosiy vazifalari va mantig‘i» haqida so‘zlab bergani va Sholsga «natsistlar mafkurasiga amal qiluvchi ukrain jangarilari» tomonidan xalqaro huquq buzilishi va ularning terrorchilik metodlaridan shikoyat qilgan. U shuningdek Rossiya-Ukraina muzokaralari «mohiyatan Kiyev tomonidan bloklangani»dan noligan.

Bundan tashqari, urush boshlanganidan buyon Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu ilk bor Ukrainadagi vaziyatni amerikalik hamkasbi Lloyd Ostin bilan muhokama qildi. «Ostin zudlik bilan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi va o‘zaro aloqa liniyalarini qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi», deyiladi Pentagon bayonotida.

Shu bilan birga, ko‘pchilikda Rossiya katta hududlarini, jumladan deyarli butun Xerson oblastini, shuningdek, Zaporojye, Xarkov, Donetsk va Lugansk oblastlaridagi rayonlarini egallab turar ekan, sulh tuzish Ukraina uchun qanchalik foydali bo‘lishi borasida savol tug‘iladi.

Sholsning Putin bilan muloqoti borasida rossiyalik muxolifatchi va shaxmat bo‘yicha sobiq jahon chempioni Garri Kasparov tvitteri orqali shunday munosabat bildirgan: «Sholsning Rossiya hamon Ukraina hududlarini egallab turgan vaqtda sulh haqidagi gaplari - bu masxara qilish. Bunday sulh qotilliklarni, zo‘ravonliklarni va ukrainlarning ommaviy ravishda o‘g‘irlanishini to‘xtatmaydi».

Yaqinda Putin va Zelenskiy bilan uchrashuvlar o‘tkazgan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish hafta yakunidagi chiqishida hozirda Ukraina va Rossiya o‘rtasida sulh tuzish imkoniyati mavjud emasligini aytdi.

Avvalroq AQSh, Buyuk Britaniya rasmiylari va Yevroittifoq rahbarlari bir necha bor Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush taqdiri jang maydonida hal bo‘lishi kerakligi va ular Moskva bu jangda mag‘lubiyatga uchrashi uchun imkon doirasidagi barcha ishni qilishlari haqida gapirishgandi.

Mavzuga oid