Jahon | 17:12 / 08.12.2024
7007
5 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: urush boshlanganidan beri 43 ming ukrainalik harbiy halok bo‘ldi

Ukraina prezidenti Rossiya tomonining yo‘qotishlariga ham baho berdi. Zelenskiyga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi 2022 yil fevraldan beri 198 ming askaridan ayrilgan.

Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA

Rossiya tomonidan 2022 yil fevral oyida Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri 43 ming ukrain askari halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’lum qildi.

«Odamlarimiz o‘z hayoti evaziga uyini himoya qilmoqda, jangchilarimiz va fuqarolarimizning har birining hayoti biz uchun qadrli. Keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Ukraina 43 ming jangchisidan ayrildi, ular jang maydonida halok bo‘ldi.

370 ming kishi yaralangan — ularning taxminan 50 foizi yana safga qaytayotgani inobatga olingan holatda va barcha jarohatlar, jumladan, yengil va qayta yaralanishlar ham qayd etilmoqda», — deydi Zelenskiy.

Shuningdek, Ukraina prezidenti Rossiya tomonining yo‘qotishlariga ham baho berdi. Uning so‘zlariga o‘ra, RF 198 ming askaridan ayrilgan, 550 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi yaralangan.

Zelenskiy 2024 yil fevralida Rossiya bilan keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon ukrainalik 31 ming harbiy xizmatchi halok bo‘lganini aytgandi.

Ukrainada e’lon qilingan nekrologlar hamda halok bo‘lgandan keyin berilgan mukofotlash ro‘yxatlari asosida (ro‘yxat haqiqiyligini  «Meduza» va «Mediazona» jurnalistlari tasdiqlagan) ualosses.org saytida e’lon qilingan ro‘yxatda 2022 yil 24 fevralidan buyon halok bo‘lgan 60 mingdan ortiq ukrainalik harbiy xizmatchi nomi keltirilgan. Katta ehtimol bilan, qurbonlarning haqiqiy soni ko‘proq — Rossiya armiyasi yo‘qotishlari bo‘yicha xuddi shu kabi ro‘yxatdagi raqamlar haqiqiy qurbonlar sonidan ikki barobar kamroq.

«Meduza» va «Mediazona» jurnalistlari meros ishlari bazasi ma’lumotlariga asoslangan hisoblariga ko‘ra, 2024 yil iyul holatiga kelib Ukrainada 120 ming rossiyalik harbiy halok bo‘lgan. 2024 yil bahori va yozida RF qurolli kuchlarida kuniga o‘rtacha 250 kishi halok bo‘lgan. Yo‘qotishlarning bunday sur’atida urush boshidan 2034 yil dekabriga qadar Rossiya armiyasi yo‘qotishlari halok bo‘lgan 155 000-160 000 kishiga yetishi mumkin. Bu raqam Rossiya tomonda turib jang qilgan Ukraina fuqarolarini (xususan, Donetsk va Luhansk oblastlarida «DXR» va «LXR» rasmiylari tomonidan safarbar qilinganlar) o‘z ichiga olmaydi.

NATO: Rossiya Ukrainada kuniga taxminan 1270 kishini yo‘qotmoqda

Ukrainadagi jang maydonida Rossiya armiyasidan sentabr oyida har kuni o‘rtacha 1271 kishi halok bo‘ldi va yaralandi. 17 oktyabr kuni mudofaa vazirlari yig‘ilishi chog‘ida Bryusselda o‘tkazilgan brifingda Shimoliy Atlantika alyansining yuqori martabali amaldori shunday ma’lumotlarni taqdim etdi.

Bu Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich: may oyida NATO bu borada 1000 qurbon va yaradorlar sonini keltirgan edi. Alyans rasmiysi Rossiyadan bunday yo‘qotishlar 2024 yil oxirigacha davom etishini ta’kidlaydi. U Rossiya yo‘qotishlarining ko‘payishini hozir nafaqat Xarkiv, balki Kursk oblastida ham shiddatli janglar olib borilayotgani, umuman olganda, butun front chizig‘i bo‘ylab janglar avj olgani bilan bog‘ladi.

Shu bilan birga, Rossiyada urushga yollash qizg‘in sur’atda davom etmoqda: oyiga taxminan 30 ming kishi, deya ma’lum qildi rasmiy, buning natijasida rus qo‘shinlari shu paytgacha inson resurslarini to‘ldirishga muvaffaq bo‘lishdi, ammo katta yutuq uchun ularga safarbarlikning yangi to‘lqini kerak bo‘ladi.

Avvalroq AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukrainaning harbiy yo‘qotishlarini (yaralanganlar bilan qo‘shib hisoblaganda) mos ravishda 600 va 400 mingga baholagandi.

Mavzuga oid