Partiyalar Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish tashabbusi bilan chiqdi
O‘zLiDeP va «Milliy tiklanish» mamlakat Konstitutsiyasini yangilash jarayonini boshlash taklifini bildirishdi. Deputatlar islohotlardan kelib chiqib, Konstitutsiyani bugungi kun talablariga moslashtirish zarur deb hisoblaydi.
16 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida deputatlar Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayonini boshlash taklifi bilan chiqdi. Bu haqda O‘zLiDeP matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fraksiya a’zolari Konstitutsiyani bugungi real voqelikka moslashtirish, yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish bo‘yicha o‘zlarining aniq pozitsiyalarini ma’lum qilgan.
Shuningdek, O‘zLiDeP fraksiyasi saylovoldi maqsad va vazifalari hamohangligi tufayli ushbu masalani «Milliy tiklanish» partiyasi bilan qo‘shma yig‘ilishida ko‘rib chiqishni rejalashtirgan.
«Yuqoridagilardan kelib chiqib, parlamentdagi O‘zLiDeP fraksiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi yana bir yetakchi fraksiya – «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish bo‘yicha ilgari surayotgan tashabbuslari partiyalarning maqsad va vazifalari hamda saylovoldi dasturlari bilan hamohang ekanligidan kelib chiqib, ushbu masalani mazkur fraksiyalarning qo‘shma yig‘ilishida muhokamaga qo‘yilishi tashabbusini ilgari surdi», deyiladi partiya axborotida.
«Milliy tiklanish» fraksiyasi yig‘ilishida ham konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish tashabbusi muhokama qilingan.
Partiya bayonotida bugungi kunda mamlakatda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, Harakatlar strategiyasidan Taraqqiyot strategiyasiga o‘tish jarayoni, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, mamlakat Bosh qomusini takomillashtirishni taqozo etayotgani qayd etilgan. Globallashuv, raqamlashtirish, tez o‘zgarib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jarayonlar, jamiyat va davlat barcha jabhalarini modernizatsiya qilishda konstitutsiyaviy-huquqiy islohotlar o‘tkazish talabini qo‘yayotgani ta’kidlangan.
«Ilgari surilayotgan tashabbusda Konstitutsiyamizda oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarimizni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha bildirilayotgan takliflar partiyadoshlarimiz va xayrixohlarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ishonchimiz komil.
Bunday muhim vazifani jamoatchilik bilan maslahatlashgan holda jahondagi ilg‘or tajribani chuqur o‘rganish asosida amalga oshirish, nafaqat bugungi avlod, balki kelajak avlod vakillari oldidagi burchimizdir», deyiladi partiya matbuot xizmati xabarida.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi bilan maslahatlashuvlardan kelib chiqib, mazkur masalani ushbu fraksiyalarning qo‘shma yig‘ilishida muhokama qilish tashabbusi ilgari surilgan.
- Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 dekabr kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev asosiy qomusni yangilash to‘g‘risida gapirib o‘tgan hamda konstitutsiyaviy islohotlar uchun 9 ta zaruratni sanagan edi.
Mavzuga oid
17:01 / 15.12.2024
Barcha kommunal xizmatlar bir paketga birlashtirilishi mumkin
18:14 / 11.12.2024
Konstitutsiyaviy sud prokurorlarning ikkita vakolatini bekor qilishga chaqirdi
18:21 / 11.11.2024
Alisher Qodirov LGBT targ‘ibotini taqiqlovchi qonun ishlab chiqilishini ma’lum qildi
17:49 / 03.11.2024