“Taklif yig‘ishni boshlaymiz” - deputatlar Konstitutsiyani yangilashga kirishdi
O‘zbekiston parlamentida eng ko‘p o‘ringa ega ikki partiya – O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” fraksiyalari qo‘shma yig‘ilish o‘tkazib, Konstitutsiyani takomillashtirish jarayonini boshlashga qaror berdi. Tashabbuskorlar asosiy qonunni yangilash “keng va ochiq” jarayon bo‘lishini va’da qildi.
Bir ovozdan qabul qilingan qarorga ko‘ra, Konstitutsiyani takomillashtirish masalasi Oliy Majlis palatalari kengashlariga kiritiladi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha fraksiya rahbarlari OAV vakillari uchun brifing o‘tkazdi. Brifingdan so‘ng Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov Kun.uz muxbirining: “Konstitutsiyani o‘zgartirishga doir qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqariladimi”, degan savoliga javob berdi.
“Birinchidan, hali loyiha yo‘q. Bugungi qilingan ish – tashabbus. Tashabbusning zarurati nimadan kelib chiqqanini biz bayon qildik. Bu O‘zbekiston rivojlanishining aynan shu bosqichidagi zarurat. O‘zgarishga bo‘lgan ehtiyoj Konstitutsiyamizda yaqqol ko‘rinib turibdi va buni butun jamoatchilik e’tirof etyapti. O‘zbekistonning bugungi rivojlanish bosqichi yangi Konstitutsiyani taqozo qilmoqda.
Hozir “Milliy tiklanish” va O‘zLiDeP fraksiyalari buni qo‘llab, navbatdagi belgilangan choralarni ko‘rish tashabbusini ilgari surishdi. Bu qanday? Oliy Majlis palatalarining kengashlariga konstitutsion islohotlarni tashkil qilish masalalarini ko‘tardik. Endi navbatdagi masala, kengashlar tegishli komissiyalarni yig‘gan holatda bu jarayonga start berishadi. Va u yerda aniq bir taklif, loyiha yoki mana buni ko‘rib chiqamiz degan masala yo‘q. Komissiyaga butun jamoatchilik, siz va biz ham partiya sifatida o‘zimizning takliflarimizni beramiz. Butun O‘zbekiston bo‘ylab takliflarni umumlashtirgan holda bu komissiya o‘z faoliyatini tashkil qiladi. Konstitutsiyani qaysi moddasida, nimalarni o‘zgartirish kerak, nimalarga ehtiyoj bor, degan savollarni komissiya tahlil qiladi va o‘z faoliyatini jamoatchilikka ochiq shaklda tashkil qiladi.
Bu faoliyat hech kimdan yashiringan yoki qaysidir masalalarni o‘zicha muhokama qiladigan jarayon bo‘lmaydi. U keng va ochiq jarayon bo‘ladi. Hozirgi kunda biz tashabbusni ko‘tardik, endi palatalarni kengashlari o‘z vakolatlaridan kelib chiqib ishchi guruh yoki komissiya tashkil qiladi. Bu guruhga barcha mutaxassislarni jalb qilgan holda, kelib tushgan takliflar asosida ishini tashkil qiladi. Ana o‘shandan keyin loyiha paydo bo‘ladi. Shundan so‘ng, loyihani yana muhokama qilib, uni qanday tartibda qabul qilish masalalari muhokama qilinadi.
Hali bular – keyingi bosqich, biz hozir birinchi bosqichdamiz. Hech qanday loyiha haqida gap yo‘q, faqat takliflarni qabul qilish bosqichidamiz”, – dedi Alisher Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Konstitutsiyani takomillashtirish masalasi haqida prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil noyabr oyida, ikkinchi muddatga saylanganidan keyingi inauguratsiya marosimidagi nutqida so‘z ochgandi.
Davlat rahbari, shuningdek, o‘sha yili Konstitutsiya kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida, asosiy qomusni yangilashning 8ta omilini sanab o‘tdi.
Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov 2021 yil dekabr oyida “Konstitutsion islohotlar – davr talabi” sarlavhali maqola e’lon qilib, unda prezidentlikka “barcha” nomzodlarning saylovoldi uchrashuvlarida “konstitutsiyaviy islohotlar qilish taklifi ilgari surilgani” haqida yozdi.
Mavzuga oid
17:01 / 15.12.2024
Barcha kommunal xizmatlar bir paketga birlashtirilishi mumkin
18:14 / 11.12.2024
Konstitutsiyaviy sud prokurorlarning ikkita vakolatini bekor qilishga chaqirdi
16:50 / 03.12.2024
Sudyalar Oliy kengashi tarkibi Senat tomonidan saylanishi mumkin
16:10 / 03.12.2024