Ayollarni zo‘ravonlikdan himoyalash tizimi qanday ishlaydi?
O‘zbekistonda 2021 yilda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 40 mingga yaqin xotin-qizga himoya orderi berilgan. Afsuski, bu zo‘ravonliklarning 87 foizi oilalarda sodir etilgan.
Xotin-qizlar huquqlari haqida gap ketganda, nafaqat bu huquqlarni ta’minlash haqida, balki bu muammo qay darajada dolzarbligini tushuntirib borish ham muhim ahamiyatga ega.
Bu borada quyidagi raqamlarning o‘zi katta ma’noga ega: 2021 yida ichki ishlar organlariga xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 39 343 ta murojaat kelib tushgan va shuncha xotin-qizni himoya qilish maqsadida himoya orderlari rasmiylashtirib berilgan.
Zo‘ravonlikka uchragan ayollarning juda kam qismi tegishli joyga murojaat qilishi, ularning aksariyati qo‘rquv va boshqa sabablar bilan tazyiqlarga toqat qilishga majbur ekanini inobatga olsak, haqiqiy raqamlar bundan ancha yuqoriligini anglash mumkin.
87 foiz ayol yaqinlaridan jabr ko‘rgan
Guruhlarga bo‘linganda: 106 ta jinsiy, 234 ta iqtisodiy, 18 777 ta ruhiy, 13 658 ta jismoniy zo‘ravonlik hamda 7 174 ta tazyiq holatlari aniqlangan. Eng yomoni, zo‘ravonlik holatlarining 34 330 tasi yoki 87 foizi oilada sodir etilgan.
Demak, bir yilda taxminan 40 mingga yaqin ayol zo‘ravonlik va tazyiqqa uchrab himoya orderi olishga majbur bo‘lyapti, ularning 87 foizi o‘z yaqin(lar)i jabridan panoh so‘ragan.
Aslida, har oy yoki bir-ikki oyda bir necha marta ijtimoiy tarmoqlarda o‘g‘il tug‘magani, ko‘p ovqat yegani yoki boshqa sabablar bilan ezilgan ayollar hikoyalari tarqaladi, omma esa ikki tomonga ajralib muhokamalarga tushib ketadi.
Umuman, ayollar huquqlari mavzusi nima sabab bilan ko‘tarilganidan qat’i nazar, bu muhokamalarni yoqtirmaydigan va nizolarga ayolning o‘zi ham sababchi ekanini uqtirishga urinadiganlar ko‘plab topiladi.
Buni tushunish uchun qiz bo‘lib tug‘ilish kerak
Bloger Shahnoza Soatova xotin-qizlar huquqlari kritik darajada himoyaga muhtojligini inkor etuvchilarga javoban, jamiyatda ayollar duch kelayotgan adolatsizlikni his etish uchun ayol bo‘lib tug‘ilish va bu tengsizlikni o‘z tanasida his etish kerakligi haqida post qoldirdi.
“Biz nima uchun o‘zbek jamiyatida “ayollar huquqi” deb gapiramiz va bu ko‘pchilikka yoqmaydi?
Buning sabablarini bilish uchun qiz bola bo‘lib tug‘ilish kerak.
Shaharga o‘qishga yo olimpiada-seminarlarga xorijga ketish uchun kechalari uxlamay “ishqilib ruxsat berishsin” deb Ollohdan iltijo qilib chiqish kerak.
Kelin bo‘lib ko‘rish kerak. Qo‘lingga bitta uzukni mahr deb tutqizib, ota-onang yemay-ichamay, qizim tinch bo‘lsin deb 5-10 ming dollarga qilgan sepidan ayb topishlariga chidashing kerak.
Eringdan bunga qarshi bir og‘iz e’tiroz kutma, o‘sha paytda u kar-ko‘r bo‘lib oladi.
Tug‘ruqxonada to‘lg‘oqdan sutkalab azoblansang-da, vrachlar “kesarcha kesaylik” deganiga qaynonang va ering ruxsat bermasa, o‘z tanangga o‘zing ega chiqolmay, ming azobda oxiri ko‘zing yoriganda boshi qattiq lat yegan nogiron farzandni qo‘lingga tutqizishsa, “kasalmand bola tug‘ding” deb ta’nalarga ko‘mishsa, ovoz chiqarmay ko‘zyoshlaringga ko‘milishing kerak.
Ering bilan birga nonushta qilganing uchun qaynonang dodingni berganida, kechqurun ishdan qaytgach unga tabassum qilishga ham qo‘rqish nimaligini tuyishing kerak.
“Nuqul xo‘mrayib kutib oladi” deb ustingga xotin olganida esa, ko‘nishing kerak.
Ko‘nib ham biron marta eringga “ikki xotin aro adolat qil” demasliging lozimki, yo musht tagida qolasan, yo javobingni olasan.
Mabodo ishlashga ruxsat berishsa, ish kuning soat 6 da tugasa-da, soat 6 yarimda kechki ovqating pishmasa, tamom. Lekin oyligingni tiyinigacha olib qo‘yishlari mumkin.
Ishxonangda esa seni “bu ayol, tug‘adi, bolasi kasal bo‘ladi” deb lavozimlarga loyiq ko‘rmasliklari mumkin.
Shunday yashab, chidab, oxiri yaxshi qaynona bo‘lolmasang, faqat o‘zing aybdorsan.
Bunga chidamay, ajrashsang ham sen aybdorsan.
Umuman, sen har doim aybdorsan.
Buni gapirsang, aybdorsan.
Jim tursang, aybdorsan.
Ketsang, aybdorsan.
Qolsang, aybdorsan.
Erkaklar, hamma mas’uliyat menda, sen uyda o‘tir, itoatkor bo‘l degan erkaklar bu holatni o‘zgartirmasalar, islohni o‘zlaridan boshlamasalar, Islomdan ham, an’analardan ham faqat o‘zlariga yoqadigan tomonlarini olib, omuxta va qulay bir tutumlarni yaratib olgan bo‘lsalar, bu tutumlar onalari, opa-singillari, qizlariga ham zarar yetkazishini bilib ham, vaziyatni o‘zgartirmasalar, chidaysan!
Tushunmaydilarki, har qanday isyonlar zulm ortidan kelib chiqadi. Isyondan keyin hammasi battarroq bo‘lishi mumkin, ammo isyon qiluvchilar ahvolni yaxshilash uchun emas, holatga chiday olmaganlaridan dod demoqdalar...
“Gender tenglik” desa sakrab tushayotgan, ayollar huquqlari haqida gapirganlarga turli yorliqlar ilayotganlar, Sizlar oqibat bilan kurashyapsizlar.
Sabablarni ham ko‘ring, adolat qiling!”
Izohlarda hamma oilada ham bunday vaziyat emasligi, ayol kishini hurmat qiladigan oilalar ko‘pligi haqida fikrlar bildirilgan. To‘g‘ri, shunday: baxtli oilalar ko‘p. Lekin bu atigi bir yil ichida tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 40 ming ayolning dardini hech kim aytmasligi kerak degani emas va ular uchun ham kimdir gapirishi kerak.
Zo‘ravonlik quyidagi shakllarda ro‘y berishi mumkin?
- jinsiy zo‘ravonlik – xotin-qizlarga nisbatan ularning roziligisiz shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish;
- jismoniy zo‘ravonlik – jismoniy harakatlar orqali yoki shunday tahdidlar bilan xotin-qizlarning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligiga xavf solish;
- iqtisodiy zo‘ravonlik – xotin-qizlarning normal yashash va kamol topish uchun oziq-ovqat, uy-joy hamda boshqa zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlanishga bo‘lgan huquqini, mulk huquqini, ta’lim olish hamda mehnatga oid huquqini amalga oshirishni cheklashga olib keladigan harakat (harakatsizlik);
- ruhiy zo‘ravonlik — xotin-qizlarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish, tahdid qilish, ularning sha’nini, qadr-qimmatini kamsitish kabilar.
- tazyiq — biror turdagi javobgarlikka sabab bo‘lmaydigan, biroq xotin-qizlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakat (harakatsizlik), shilqimlik.
Agar ushbu ta’riflardagi holatlardan biri yuz bersa, demak, zo‘ravonlik yoki tazyiq sodir bo‘lgan deb hisoblanadi.
Zo‘ravonlik va tazyiqqa duch kelganlar 1146 ishonch telefoniga murojaat qilishi mumkin.
Oldingi yilgidan ko‘proq himoya orderi
Himoya orderi murojaatchi vaziyati o‘rganilib, profilaktika inspektori tomonidan 24 soat ichida 1 oy amal qiluvchi muddatga beriladi. Bu payt davomida order olgan shaxs himoyada bo‘ladi va unga nisbatan nojo‘ya harakat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, ayollar reabilitatsiyasini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Bahodir Qahhorovning ma’lumot berishicha, 2021 yilning birinchi 3 oyida 11 070 ta himoya orderi berilgan bo‘lsa, 2022 yilning birinchi 3 oyida 13 849 ta odamga himoya orderi berilgan.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid prezident farmonida himoya orderi sud qarori bilan bir yilga berilishi mumkinligi belgilandi. Hozir tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Reabilitatsiya markazlari
Bahodir Qahhorovning ma’lumot berishicha, zo‘ravonlikka duch kelgan xotin-qizlarni joylashtirish uchun respublikada ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha 29 ta markaz mavjud. Bu markazlarga ayollar holati o‘rganilib, joylashtiriladi.
Markazlarga borishga joyi yo‘q yoki boshqa og‘ir vaziyatga tushgan ayollar joylashtiriladi. Ularga tibbiy, psixologik yordam ko‘rsatiladi, deb ma’lumot berdi qo‘mita rasmiysi.
Farg‘ona tajribasi yo‘lga qo‘yiladi
Ma’lum bo‘lishicha, Farg‘onada yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilyapti. Bunda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarning faqat o‘zlari bilan emas, ularning oila a’zolari bilan ham ishlashadi.
Har bir tumanda ijtimoiy maslahat xonalari tashkil qilinib, ularda psixolog, yuristlar faoliyat yuritishi rejalashtirilyapti.
“Murojaat qilgan ayol zo‘ravonlik ta’siridan chiqqandan so‘ng uning oila a’zolari bilan ham ishlash boshlanadi. Aksar holatlarda ayollarning oilada tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashiga sabab o‘zaro kelishmovchilik va yo‘qchilik bo‘ladi. Agar ayolning oila a’zolari ishsiz bo‘lsa, ularni kasbga o‘qitish va ishga yo‘naltirishga harakat qilamiz”, dedi qo‘mita rasmiysi.
Bahodir Qahhorovning aytishicha, bu tajriba 1 iyundan Farg‘onada qo‘llab ko‘riladi. Agar butun oila bilan ishlash tajribasidan ijobiy xulosa olinsa, unda butun respublikada shu yo‘nalishda ishlashga o‘tiladi.
Lekin hududlarda kasbga o‘qitish va ishga joylashtirish oson bitadigan ish emas. Buni migratsiyadan qaytgan ayollar bandligini ta’minlashdagi kamchiliklar misolida ko‘rgandik.
Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi mas’uli ishga yo‘naltirishda, kasbga o‘qitishda hududning holati va u yerdagi talabni hisobga olishga harakat qilinishini bildirdi. Natijani esa tajriba qo‘llab ko‘rilgach, vaqt ko‘rsatadi.
Himoya orderi ham, reabilitatsiya markazlari ham vaqtinchalik, ular xotin-qizlarni doimiy himoya qilish imkoniyatini bermaydi. Ayollarga o‘z huquqlarini tanishtirib borish, ularning ta’lim olishi va ish bilan bandligini oshirish kabi tizimli yondashuvlar kerakdir.
Yuqorida ma’lumot berilganidek, moddiy yetishmovchiliklar ham oilalarda nizolar va zo‘ravonlik holatlari sodir bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Buning yechimi esa bir qarashda oddiy, amalga oshirish esa oson bo‘lmayotgan erkin bozor iqtisodiyotini qurish va inklyuziv iqtisodiy o‘sishga borib taqaladi.
Bu borada ishlayotgan tashkilotlar tahlillarni, aholi orasida turli so‘rovlarni ko‘paytirishi, aholi, umuman, xotin-qizlar ehtiyojini ko‘proq o‘rganishi talab etiladi.
Zilola G‘aybullayeva tayyorladi.
Mavzuga oid
15:29 / 19.12.2024
Indoneziyada ayollarga nisbatan zo‘ravonlik tufayli favqulodda holat e’lon qilindi
13:50 / 02.12.2024
Dunyoda shunday qishloq bor: unga erkaklar kirishi taqiqlangan
17:13 / 29.11.2024
Tojikistonda bolalarni xivchin bilan savalagan ayol ushlangani ma’lum bo‘ldi
12:00 / 27.11.2024