Jamiyat | 12:45 / 29.05.2022
52688
5 daqiqa o‘qiladi

Oyoqsiz yigit: inson irodasi chegara bilmaydi

U ikki oyog‘idan ajralganida sakkiz yoshda edi. Hayotda sinib, o‘rnini topolmay qolishi uchun shu sinovning o‘zi ham kifoya qilardi. Ammo u shaxsga aylanish uchun, birovga muhtoj bo‘lib qolmaslik uchun o‘zini qo‘lga oldi.

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani Zangiboyi mahallasida yashovchi Ulug‘bek Yusupov bilan suhbat davomida uning biror marta ham noliganiga guvoh bo‘lmadik. U hech qachon nogironlik aravachasidan foydalanmaydi, qo‘llari yordamida «yuradi».

Foto: Kun.uz

Ulug‘bek o‘sha mudhish kunni eslay olmasligini aytdi. Onasining xotirlashicha, qahramonimiz bolaligida o‘rtoqlari bilan poyezdga osilgan va oyoqlari relsda qolib ketgan.

Ulug‘bek Yusupov 15-16 yoshida otasining payvandlash uskunasidan foydalanishni o‘rganib oladi. Ko‘p vaqtini shu ishni o‘rganishga sarflaydi. Natijada mustaqil tarzda ustachilik qilishni boshlaydi. Dastlab mahalladan, sekin-asta tumanning boshqa hududlaridan buyurtma olib payvandchilik qiladi. Hozirgi vaqtda sheriklari bilan turli viloyatlarga borib ko‘p qavatli uylar, maishiy binolar qurilishida ishlayapti.

«Nogironlik aravachasida yurishni istamayman. Uyda yotib olib, nogironman, menga yordam beringlar ham degim kelmaydi. Xudoga shukr, hunarim bor. Ko‘chaga chiqsam, ish topiladi. Katta-kichik buyurtma olaman. Hech bo‘lmaganda, ro‘zg‘orimga yarim kilo go‘sht va ikkita non topib kelolaman», – deydi Ulug‘bek.  

Hozirgi kunda Ulug‘bekning ikki farzandi bor.

Foto: Kun.uz

«Ochig‘i, bir kun kelib oila qurishga qaror qilganimda, qanday qiz menga rozi bo‘larkin degan xayolga ham borganman. Yo‘q, shukrki, oqila juft nasib qildi. U mutlaqo sog‘lom, oyoq-qo‘llari bor. Bir o‘g‘il, bir qizli bo‘ldik. Ishga ketganimda ayolim tez-tez telefon qilib, holimni so‘raydi. Ust-boshim tozaligi, qanday ovqat yeyotganim bilan qiziqadi. Ota-onamning xizmatini qilyapti. Menga yana nima kerak?» – deya hayotdan mamnunligini bildirdi.

Ulug‘bek Yusupovga bir marta homiylar tomonidan nogironlik aravachasi ham berilgan. U aravachadan foydalanishni istamagan va boshqa mahallada ikki oyog‘i ishlamay qolgan qizchaga sovg‘a qilgan. «O‘sha paytda qizcha va uning onasi yig‘lab duo qilishdi. Bu holatni tasvirlab bo‘lmaydi», – deb eslaydi qahramonimiz.

Ulug‘bek payvandchilik qilib oyiga hech bo‘lmaganda bir million so‘m, ko‘proq ish topilganda besh million so‘mgacha daromad qilishini aytdi. «Biror marta pulga muhtoj bo‘lib qolganim, ota-onamning pensiyasiga qaraganimni eslolmayman», – deydi u.

Ochig‘i, Ulug‘bek Yusupov istalgan texnikani boshqara olaman, deganda hayratimizni bildirdik. Yo‘q, u o‘zining holatida mushkul bo‘lgan bu vazifani ko‘z oldimizda uddalab berdi.

Foto: Kun.uz

U tomorqada belkurak yordamida yer ag‘darib, dehqonchilik qila olishini ham bildirdi.

Joriy yilning fevral oyida Ulug‘bek Yusupov bilan bog‘liq holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. U Past Darg‘om tumanida boshqaruvni yo‘qotib, jarlikka qulagan mashinani o‘chirish uchun o‘zini tutab turgan texnikaning ichiga uradi. Ulug‘bek o‘sha voqeani aytib berdi.

«Mashina ag‘darilganda, hamma jarlikdan tepaga qarab yugurdi. Chunki u tutayotgandi. O‘sha vaqt kimdir mashina ichida bola bor dedi. Men bolalarni yaxshi ko‘raman. Bu gapni eshitib o‘zimni tutib turolmadim va mashinaga oshiqdim. Ichkarida hech kim yo‘q ekan, mashinani o‘chirib, kalitni olib chiqdim», – deydi u.

«Kimlardir hayotingni xavfga qo‘yding, bekorga, hech kim yo‘q ekan-ku deyishdi. Kimdir mashinada qolgan bo‘lishi ham mumkin edi-ku? Shuning uchun afsuslanmayman, insonga o‘lim istagan vaqtda kelishi mumkin. Peshonamizga yozilganini yashaymiz», – deydi Ulug‘bek.

Foto: Kun.uz

Ulug‘bek Yusupov biz uchun vaqt ajratgan kuni Qashqadaryoga jo‘nab ketayotgan ekan. Ikki haftalik ishim bor, katta buyurtma olganmiz, dedi. Onasining duosini olib, safarxaltani yelkasiga ilarkan, nazarimizda uning oyoqlari bordek tuyuldi.

U o‘z hayoti, yashash tarzi bilan inson irodasi chegara bilmasligini isbotlamoqda.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid