Jahon | 09:27 / 01.06.2022
20524
2 daqiqa o‘qiladi

OPEK davlatlari Rossiya bilan kelishuvni bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda 

G‘arb sanksiyalari va Yevropaning Rossiya neftini yetkazib berishga qo‘ygan embargosi Rossiyaning ko‘proq neft qazib olish qobiliyatiga putur yetkazishi mumkin, deb hisoblamoqda OPEK’ga a’zo ba’zi davlatlar.

Foto: Picture Alliance

Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEK) a’zolari orasida Rossiyani neft kelishuvidan chetlashtirish g‘oyasi muhokama qilinmoqda, deb yozadi The Wall Street Journal gazetasi 1 iyun, chorshanba kuni OPEKdagi manbalariga tayanib.

E’lon qilingan materialda ta’kidlanishicha, OPEK Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan keyin g‘arbning Moskvaga nisbatan joriy etgan sanksiyalari va Rossiya neftini yetkazib berishga Yevropa qisman embargosi Rossiyaning ko‘proq neft qazib olish qobiliyatiga putur yetkazishi mumkin, deb hisoblaydi. Rossiyada neft qazib olish 2022 yil oxiriga kelib 8 foizga qisqarishi kutilmoqda. 

Bunday holda, kelishuvning bekor qilinishi va Rossiyaning «qora oltin» qazib olish bo‘yicha majburiyatlaridan ozod etilishi Saudiya Arabistoni, BAA va OPEK’ga a’zo boshqa mamlakatlar uchun kvotalar qayta taqsimlanishi hamda neft qazib olish hajmini sezilarli darajada oshirish imkoniyatlarini ochishi mumkin. Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush boshlanganidan keyin neft narxi bir barrel uchun 100 dollardan oshgani sababli, AQSh va Yevropa davlatlari buni amalga oshirishga intilmoqda, deb yozadi WSJ. 

2020 yilda OPEK’ga a’zo 13 ta davlat va 10 ta hamkor davlat (OPEK+), shu jumladan Rossiya neft qazib olishni nazorat qilish bo‘yicha bitim tuzdi, keyinchalik uning shartlari qayta ko‘rib chiqildi va aniqlashtirildi. Moskva kelishuvdan chiqishga rozi bo‘ladimi yoki yo‘qmi, hozircha aniq emas, biroq Rossiya bilan raqobatlashayotgan ayrim davlatlar qazib olish hajmini ko‘paytirishga hozirlik ko‘rmoqda. Bugungi kunda Rossiya dunyodagi neft qazib oluvchi eng yirik uchta davlatdan biridir. 

Mavzuga oid