O‘zbekiston | 14:32 / 02.06.2022
85970
12 daqiqa o‘qiladi

Ikki oy oldin armiyaga kuzatilgan yigit yurak xurujidan o‘lgani aytilmoqda, marhumning yaqinlari bunga ishonmayapti

8 aprel kuni armiya safiga tantanali ravishda kuzatib qo‘yilgan Ruslan Qidiraliyev uyiga tobutda qaytdi. Qarshi tumanidagi harbiy qismga xizmatni o‘tash uchun yuborilgan askar bir yarim oydan sal ko‘proq xizmat qila oldi xolos.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasida 18 yashar askarning o‘limiga “yurakning surunkali ishemik kasalligi. Yurak gipertrofiyasi. Kardioskleroz. Aorta va yurak toj tomirlari aterosklerozi” sabab bo‘lgani, ekspertiza tekshiruvi jarayonida marhumda “o‘tkir yurak va qon-tomirlari yetishmovchiligi, bosh miya va o‘pka shishi” ko‘rinishidagi kasalliklar asoratlari aniqlangani qayd etilgan.

Biroq marhumning yaqinlari bunga ishonishmayapti. Agar o‘g‘limizda qandaydir surunkali kasallik bo‘lganida bu tibbiy ko‘riklar vaqtida aniqlanar va uni harbiy xizmatga olishmasdi, deyishmoqda marhumning ota-onasi.

Rinat Sauletov, marhum askarning otasi / Foto: Kun.uz

“O‘limining sababi sifatida yuragi, o‘pkasida kasali borligi, yana besh-oltita kasallar keltirilmoqda. Bular ikki oy ichida paydo bo‘ladigan kasalliklar emas. Agar unda oldindan shu kasalliklar bo‘lganida tuman mudofaa ishlari bo‘limidagilar uni xizmatga jo‘natishmasdi. Avval o‘zimizning tumanda, keyin viloyatda tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. Hamma tekshiruvlari yaxshi chiqdi.

Agar bolam kasal bo‘lganda armiyaga jo‘natib o‘tirmasdim. “Ota, Vatanga xizmat qilmoqchiman, yigitlik burchimni bajarmoqchiman” degani uchun yuborgandim. Bo‘lmasa, pulini to‘lab, bir oylik yig‘inga jo‘natsam bo‘lardi, hozir afsus qilyapman shunga”, deydi Ruslan Qidiraliyevning otasi Rinat Sauletov.

Gulzira Sauletova, marhum askarning onasi / Foto: Kun.uz

“O‘g‘lim harbiy xizmatga ketguniga qadar biror marta yurak og‘rig‘i, o‘pka kasalligidan shikoyat qilmagan, dori ichmagan. Qo‘limda uning bolaligidan to armiyaga ketguncha bo‘lgan davrda yuritilgan tibbiy daftarchasi bor, u bolamning surunkali kasalliklari bo‘lmaganini isbotlaydi. Armiyaga ketishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tganida ham u sog‘lom deb topilgan. Agar tibbiy ko‘rik natijasiga ko‘ra u kasal deb topilganda armiyaga jo‘natmagan bo‘lardik, bunday holatda uni armiyaga olishmasdi ham. O‘g‘lim o‘zi bilan birga ko‘rikdan o‘tgan chaqiriluvchilardan birining yuragi sal tezroq urgani uchun uni qaytarib yuborishganini aytib bergandi. Ruslan bilan bunday holat kuzatilmagan.

Avvalo, uni armiyaga qabul qilishlariga mutlaqo ishonmaganman. Sababi 10 yasharligida qo‘li sinib, qiyshiq bitgandi. Bundan tashqari, ko‘k tomirini ikki marta operatsiya qildirganmiz. Shu sababli uni askarlikka olishlariga ishonqiramaganmiz. Tibbiy komissiyadan o‘tishi uchun kimgadir pul berganimiz yoki tanish-bilishning yordamidan foydalanganimiz yo‘q. O‘tgan yili odamlar pul bilan ham muddatli harbiy xizmatga jo‘natisholmaganini eshitgandik. Shuning uchun o‘g‘limning xizmatga qabul qilinganidan hayron bo‘lgandik”, deydi ona Gulzira Suletova.

Marhum Ruslan Qidiraliyevning ambulator tibbiy kartasi / Foto: Kun.uz

Askar yigitning otasi Rinat Sauletovning aytishicha, marhum farzandining jasadida momataloq izlari bor. Shuningdek, ota o‘g‘lining qovurg‘a suyaklari singanini ham aytmoqda. Biroq o‘lim haqidagi tibbiy ma’lumotnomada bular haqida ma’lumot yo‘q.

Marhum 28 may kuni onasi bilan qo‘ng‘iroqlashgan va “ikki kundan beri komandirlari urmayotgani” haqida xursand bo‘lib gapirib bergan. Ma’lum bo‘lishicha, Ruslan komandirlar kaltaklayotgani haqida avval ham onasiga aytgan, shuningdek, harbiy qasamyod qabul qilganda uni ko‘rishga borgan otasiga ham gap orasida bu haqda aytgan.

Biroq o‘zi ham harbiy xizmat mashaqqatlarini boshdan kechirgan ota o‘g‘liga: “Ayb o‘zingdadir, bekordan bekor urishmasa kerak”, deganidan so‘ng bu mavzu yopilganini eslaydi. Ota-onaning taxminicha, farzandlarining jasadidagi momataloq izlari aynan kaltaklashlardan qolgan va ular Ruslanning vafotiga shu narsa sabab bo‘lgan deb o‘ylashmoqda.

Ota-onasining so‘zlariga ko‘ra, marhum mo‘min-qobil, halim yigit bo‘lgan. U birov bilan nizoga boradigan, o‘zidan kattalarga gap qaytaradigan bola emasdi, demoqda ular.

Marhum Ruslan Qidiraliyev / Foto: Kun.uz

“Xarakteri rosa yumshoq edi. Armiyaga ketayotganida qo‘rqqandim, qanday xizmat qilarkin, qiyinchiliklarga qanday chidarkin deb. Bolam rosa sodda, bo‘sh, bizga juda mehribon edi. Birov bilan janjallashadigan bola emasdi. Mahalladagilar ham, sinfdoshlari ham bilishadi uning qanaqaligini, hammasi maqtashadi uni. Birovga gap qaytaradigan odati yo‘q edi. Kim nima ish aytsa, xo‘p deb qilaverardi. Shu xarakteri yoqmasdi. Bo‘shsan, odamlar yuvoshligingdan foydalanishadi deb ko‘p urishardim”, deydi Gulzira Sauletova.

O‘lim haqidagi tibbiy guvohnoma / Foto: Kun.uz

Oddiy askar Ruslan Qidiraliyevning o‘limi bilan bog‘liq ochiq qolayotgan savollar talaygina. Shulardan biri harbiy qism mas’ul ofitserlarining xatti-harakatlari bilan bog‘liq. Gap shundaki, o‘zini askarning komandiri sifatida tanishtirgan shaxs marhumning otasiga 29 may kuni ertalabki soat 9-10 larda qo‘ng‘iroq qilib, Ruslanning tobi qochib gospitalga tushib qolganini aytgan, zudlik bilan Qarshiga yetib kelishni so‘ragan. Holbuki, bu vaqtga kelib allaqachon uning joni uzilgan edi.

Bosh prokuratura axborot xizmati Kun.uz'ga taqdim etgan ma’lumotda Ruslan 29 may kuni soat 07:40 larda nonushtaga tayyorgarlik ko‘rish uchun ertalabki yo‘qlamaga saflangan vaqtida hushini yo‘qotib, saf maydonida yiqilgani, unga harbiy qismda birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, hushiga keltirilgach, Qarshi harbiy gospitaliga yuborilgani keltiriladi. Biroq soat 07:55 larda Qarshi harbiy gospitaliga olib kelingan askarda biologik o‘lim qayd etiladi. Marhumning otasi bilan gaplashgan mas’ul ofitser nima uchun undan farzandining o‘limini sir tutgani, u Qarshiga qarab yo‘lga chiqqanidagina bu haqda ma’lum qilgani tushunarsiz.

Shu o‘rinda Bosh prokuratura bergan ma’lumot ham qator savollarni keltirib chiqarganini ta’kidlash kerak. Yuqorida o‘qiganingizdek, askar 7:40da hushidan ketgan. Unga harbiy qismda birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, hushiga keltiriladi, mantiqan olib qaraganda uni harbiy qism tibbiyot bo‘limiga olib borish, birinchi yordam ko‘rsatish ma’lum bir vaqt, hech bo‘lmaganda 5-10 daqiqani talab etadi. Biroq u yerdagi harbiylar supermen shekilli, yashin tezligida harakatlanib, bemorni 7:55da Qarshidagi harbiy gostitalga yetkazib borishadi. Bunday deyotganimizning sababi Xonobod qo‘rg‘onidagi harbiy qismdan to Qarshi shahrigacha 25-30 daqiqada yetib borish mumkin. Juda tez borganda ham 20 daqiqadan avval yetib borish imkonsiz. Shunday ekan, 7:40da hushdan ketgan askarga birinchi yordam ko‘rsatilmaganda ham 15 daqiqada harbiy gospitalga yetkazib borilgani juda shubhali.

Ruslan Qidirilayevga esa birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va bunga ham qanchadir vaqt sarflangan. Demak, bu yerda kimdir yolg‘on ma’lumot bermoqda.

Skrinshot. Harbiy qismdan Qarshi shahrigacha bo‘lgan masofa. Foto: Yandeks onlayn xaritasi

Askarning otasiga telefon qilgan komandirlardan biri unga o‘g‘li harbiy qism oshxonasida nonushta qilayotganda to‘satdan tobi qochib yiqilib tushganini aytgan. Vaholanki, rasmiy ma’lumotda askar saf maydonida hushdan ketib yiqilgani aytilmoqda, demak, bu yerda ham kimdir yolg‘on ma’lumot beryapti.

“O‘g‘limning jasadini maxsus transportda uyimizgacha olib kelgan ofitserlardan biri u harbiy qism oshxonasida nonushta qilayotgan vaqtda o‘zidan-o‘zi mazasi bo‘lmay qolib yiqilib tushdi deb aytdi”, deydi Rinat Sauletov.

Marhumning otasi farzandining qon guruhi 2-guruh manfiy ekani, biroq jasadni olib kelgan harbiylar o‘g‘linikiligini aytib tashlab ketgan xizmat kiyimi (forma)da uning qon guruhi 1-guruh musbat ekani qayd etilganini aytmoqda.

Marhumning harbiy formasi / Foto: Kun.uz

“Harbiy qasamyod qabul qilayotgan vaqtda o‘g‘limni ko‘rishga borganimda egnidagi formada qon guruhi 3-guruh musbat deb yozilgandi. Qanaqasiga bunday bo‘lishi mumkin? Ertaga askarlarga bir nima bo‘lib qolsa, qon quyishga to‘g‘ri kelsa, u esa hushida bo‘lmasa, kiyimidagi ma’lumotlar asosida qon quyishadi-ku. Noto‘g‘ri qon quyilishi natijasida u o‘lib qolsa, nima bo‘ladi?! Xonoboddagi harbiy qismda faqat mening o‘g‘limniki emas, boshqa askarlarning formasidagi qon guruhi ham noto‘g‘ri yozilganiga guvoh bo‘lgandim. O‘g‘limdan buning sababini so‘raganimda kimga qaysi forma to‘g‘ri kelsa, shuni kiyib olishgan, boshqa forma yo‘q deb aytgandi.

O‘g‘limning mayitini olib kelganlar qo‘limizga berib ketgan qog‘ozda u 177-sonli murda ekani qayd etilgan. Ajablanarlisi, o‘lim haqidagi tibbiy ma’lumotnomada bu raqam 174-songa aylanib qolgan. Murda bir, raqamlar har xil. Bu ham harbiy qismda ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, hujjat ishlarida soxtakorlik borligi, mas’ullar vazifasiga jiddiy qaramayotganini bildiradi”, deydi Rinat Sauletov.

Bitta murda ikkita hujjatda ikki xil raqamlangan / Foto: Kun.uz

Gulzira Sauletovaning aytishicha, 28 may kuni ikki oylik ta’minot maoshi – sakkiz yuz ming so‘mdan ko‘proq o‘g‘lining plastik kartasiga kelib tushgan. Marhum Ruslan do‘kondan qarzi borligi, borib shuni to‘lab kelishini aytgan.

“Odatda do‘kondan nima olsa, menga telefon qilardi, sms bordimi deb so‘rardi. Plastigini mening raqamimga ulab qo‘ygandi. Shu kuni do‘konga borayotganini aytib telefon qildi, ammo u yerdan qaytgandan so‘ng qo‘ng‘iroq qilmadi. Yuragim juda g‘ash bo‘ldi. Taxminimizcha, o‘sha kuni tunda nimadir sodir bo‘lgan va bu plastikdagi pul bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin”, deydi Gulzira Sauletova.

Marhumning yaqinlariga ko‘ra, plastik ayni vaqtda qayerda, kimning qo‘lida qolganini, undagi pullarga nima bo‘lganini bilishmaydi (karta hech bir to‘lov xizmatining mobil ilovasiga ulanmagani aytilmoqda). Faqatgina 28 may kuni 20:47da 139 ming so‘m yechib olingan, shundan so‘ng kartada 116 ming so‘mdan sal ko‘proq mablag‘ qolgan. Ungacha yechilgan pullar haqida SMS xabar kelmagan.

Bosh prokuratura axborot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan ayni paytda Qarshi harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Marhumning yaqinlari kelgusida bu kabi fojialar takrorlanmasligi uchun ham farzandlari bilan ro‘y bergan holat ipidan ignasigacha tekshirilishi, ish yopdi-yopdi bo‘lib ketmasligi, agar harbiy qismdagi muhit chindan rasvo bo‘lsa, uni yaxshilash choralari ko‘rilishi, boshqalar bundan aziyat chekmasligini istashmoqda.

Jamshid Niyozov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Nido

Mavzuga oid