Jahon | 21:13 / 15.06.2022
28580
7 daqiqa o‘qiladi

Hammasi ham baxtli yakun topmagan: Quduqqa tushib ketgan bolalarni qutqarish operatsiyalari

Foto: KUN.UZ

Chiroqchi tumanidagi quduqqa tushib, deyarli bir sutka qolib ketgan 6 yashar bolakayning qutqarilishiga oid qisqa lavha hammani to‘lqinlantirib yubordi. Ko‘pchilik FVV qutqaruvchilarining harakatlarini olqishladi, ko‘ziga yosh oldi.

Bunday qutqaruv operatsiyalari ancha noyob bo‘lsa-da, dunyo bo‘yicha yaqin yillar ichida bir necha marta amalga oshirilgan. Hatto O‘zbekistonda ham kuzatilgan. Quyida ana shular haqida hikoya qilamiz.

Alinani qutqarish

Foto: Associated Press

2001 yilda Ruminiyaning Pipera nomli shaharchasi kutilmaganda mashhur bo‘lib ketdi. Gap shundaki, 2 yoshli Alina Paskaru ismli qizaloq quduqqa tushib ketadi va uni qutqarish uchun hamma oyoqqa turadi.

Quduq tor, bola esa nimanidir tushunishga va ip ushlab chiqishga yoshlik qilardi. Quduq atrofida o‘ra qaziladi, ammo baribir kimdir yurak yutib quduqqa osilib tushishi va bolani olib chiqishi shart edi. Chunki qizaloq 5 metr chuqurlikda chelak va devor orasiga tiqilib qolgan, quduqning o‘zi yanayam chuqur, tezroq qutqarilmasa, yanayam pastga tushib ketishi mumkin edi.

Qutqaruvchilar tuproq bosib qolishidan ehtiyot bo‘lib ishlashlari zarur bo‘lib, 6 soat davomida turli yo‘llarni izlashadi. Bu paytda OAV vakillari yetib kelishgan, voqea joyidan jonli efirlar ham boshlangandi. Shunda o‘smir qiz, ozg‘ingina Oana Furnika quduqqa tushishga tayyor ekanini bildiradi. Uni beli, oyog‘idan bog‘lab, boshi bilan quduqqa tushirishadi. Dastlabki urinish natija bermaydi. Oana o‘zini tortib olishlarini so‘raydi.

Biroz o‘ziga kelib olganidan keyin yana tushadi va Alinani qo‘llari bilan tortib chiqadi. Hamma ko‘z yoshlar bilan bu vaziyatni olqishlaydi. Shahar meri Oanaga yer uchastkasi hadya qiladi, tomoshabinlar esa jasur qizga 5 ming dollar pul yig‘ib berishadi.

Xenandagi operatsiya

Xitoyning Xenan shahridagi qutqaruv operatsiyasi ancha murakkab kechgan. Chunki 2 yoshli bolakay rosa 10 metrli beton quduqqa tushib ketgan, hayoti jiddiy xavf ostida edi. Bolaning do‘mboqligi ish beradi va u quduq yarmiga borib tiqilib qoladi. Dastlab qutqaruvchilar bola yoniga kislorod quvuri tushirishadi. Keyin quduqqa sig‘adigan xodim topiladi va u bolani olib chiqadi.

Bolakay qalin kiyinib olgani bois ozgina shilinmalarni aytmasa deyarli jarohat olmagandi.

Erkak bolaligidanoq erkak

Navbatdagi hodisa ham Ruminiyada sodir bo‘lgan. Uch yoshli bola quduqqa tushib ketadi va hayot-mamot orasida qoladi. Yaxshiki quduqda suv kam, bolaning belidan kelardi. Lekin o‘zini yo‘qotib qo‘ygan bola bir necha marta yiqilib, bo‘kib qolay deb turgandi.

Shunda vaziyatni kuzatib turgan 13 yoshli Lui Kristian ismli o‘smir quduqqa tushishga tayyorligini bildirib, hammani hayron qoldiradi. Qutqaruvchilar unga quduq juda torligi, tiqilib qolib, hayoti xavf ostida qolishi mumkinligini bildirishadi. Ammo Kristian o‘z so‘zida qat’iy turadi va oyog‘idan bog‘lanib quduqqa tushiriladi.

Kristian bolani olib chiqqandagi holat hammaning ko‘zini yoshlarga to‘ldirdi. U “Mardlik” diplomi bilan taqdirlanadi. Eng katta mukofot esa u bir bolaning hayotini qutqarib qolgani, ota-onani katta ko‘rgilikdan asragani edi.

Oddiy bolakay Rayanni qutqarish va katta fojia

2022 yilning 1 fevral kuni Marokash shimolida joylashgan Igran qishlog‘ida Rayan ismli bola 32 metr chuqurlikdagi quduqqa qulab tushadi. Rayanning otasi uni bir necha soat davomida qidirgan, so‘ngra uning yer ostiga tushib ketganini bilib qolgan.

Qutqaruvchilar dastlab bolani qanday qutqarish mumkinligi haqida bosh qotirishdi. Chunki chuqurlik tor bo‘lib, u yerdan katta yoshdagi odamning pastga tushishi imkonsiz edi. Sodir bo‘lgan voqea Marokash qiroli Muhammad VI’ni ham befarq qoldirmadi. U mutasaddi idoralarga bolani qutqarish uchun barcha choralarni ishga solish haqida topshiriq berib, voqealar rivojini shaxsan o‘zi uzluksiz kuzatib bordi.

Rayan tushib ketgan quduq diametri 45 santimetr bo‘lib, u toza havosiz bo‘g‘ilib qolmasligi uchun chuqurlikka kislorod niqobi, shuningdek, suv, ovqat va kamera tushirildi. Kamera orqali bolaning ahvoli muntazam kuzatib borildi. Jarayon OAVda to‘liq yoritib borildi.

Oradan 5 kun o‘tib qutqaruvchilar qo‘lida bola bilan tunneldan chiqib kelishdi. Biroq uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Ma’lum bo‘lishicha, yer ostida uzoq vaqt davomida qolib ketgani, shuningdek, boshidan olgan jarohati uning o‘limiga sabab bo‘lgan.

“Haydar, men bilan gaplash”

Joriy yil fevraldagi yana bir voqea. Afg‘onistonning Zobul muzofotida 6 yoshli Haydar 25 metrli quduqqa tushib ketadi. Darhol qutqaruv operatsiyasi boshlanadi, atrof qazilib, tuproq tashiladi. Otasi o‘zi ado bo‘lsa-da bolasi bilan gaplasharkan uning ko‘nglini ko‘tarishga harakati qiladi:

“Haydar, men bilan gaplash, o‘g‘lim. Biz seni tez orada qutqaramiz. Xavotir olma”, – deydi u.

“Xo‘p ota, men gaplashib turaman” – javob beradi bolakay.

Operatsiya 4 kun davom etadi va bola olib chiqiladi. Ammo uning bor irodasi ota-onasini ko‘rishgagina yetgandi. Bir necha marta yutoqib nafas olgan Haydar ota-onasining ko‘z o‘ngida jon beradi.

Angren va kuchuk bolasi

Quduqdan qutqarish operatsiyasi bo‘yicha Chiroqchidagi holat O‘zbekistonda ham yagona emas. Joriy yilning 7 yanvar kuni Toshkent viloyati Angren shahri Bunyodkor ko‘chasida bir fuqaro 16 metrli quduq ichiga tushib ketgan kuchuk bolasini olib chiqmoqchi bo‘lgan.

Ammo u osilib tushayotgan arqon kutilmaganda uzilib ketib, quduqqa tushib ketadi. Qutqaruvchilar fuqaro va kuchuk bolasini quduq ichidan olib chiqishadi.

Abror Zohidov tayyorladi.

Mavzuga oid