O‘zbekiston | 21:03 / 19.06.2022
84758
4 daqiqa o‘qiladi

1 iyuldan tonirovka bepul bo‘lishi haqida gap-so‘zlar tarqaldi. IIVda bu haqda ma’lumot yo‘q

Internet foydalanuvchilari 1 iyuldan avtomobillar oynasini qoraytirish uchun belgilangan to‘lovlar bekor qilinishi kutilayotgani haqida yozishmoqda. Kun.uz bu mish-mishlar qanchalik haqiqatga yaqin ekaniga oydinlik kiritish maqsadida Ichki ishlar vazirligidan izoh oldi.

Shu kunlarda 1 iyuldan tonirovka uchun to‘lovlar bekor qilinishi kutilayotgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Kun.uz ushbu mish-mishlar qanchalik haqiqatga yaqin ekaniga oydinlik kiritish maqsadida IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov bilan bog‘landi.

«Hozircha avtomobil oynalarini qoraytirish 1 iyuldan bekor qilinishi bo‘yicha bizda ma’lumot yo‘q. Bu borada rasmiy ma’lumotga ega bo‘lishimiz bilan bu haqda IIVning rasmiy sahifalarida e’lon qilinadi», degan IIV rasmiysi.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqda tonirovkani bekor qilish so‘ralgan murojaatlar yana ko‘paydi. Bunga yildan yilga jazirama tafti kuchayib borayotgani, 40–50 daraja issiqda qoraytirilgan oynalar huzur-halovat emas, hayotiy ehtiyoj hisoblanishi bot-bot takrorlanmoqda. Internet foydalanuvchilari davlat va hukumat mas’ullariga murojaat qilib, fuqarolarning talablariga e’tibor qaratishni so‘rashmoqda.

Aslida aprel oyidayoq internetda foydalanuvchilar avtomobil oynalarini qoraytirishni bepul qilishni so‘rab chellenj boshlashgan, ko‘plab o‘zbekistonliklar o‘z sahifalariga #tonirovka_jinoyat_emas heshtegi bilan videolar joylashgandi.

Bir necha kun muqaddam Kun.uz bloger Shavkat Hasanning videomurojaati haqida yozgan edi. U mashinasining orqa yon oynalariga yopishtirilgan tonirovka muddati 1 hafta oldin tugaganini YPX xodimi to‘xtatganida bilgan, shundan so‘ng 7,5 mln so‘mlik jarima miqdori oynani qasddan noqonuniy qoraytirgan fuqarolarga ham, ruxsatnoma muddati o‘tgan fuqarolarga ham birdek baravar ekanidan norozi ekanini aytgandi.

Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov ham O‘zbekistonda oxirgi vaqtlarda yoz haddan ziyod issiq bo‘layotgani, shu sabab avtomobillar oynasini qoraytirishni bepul qilish kerakligi, tonirovka uchun to‘lovlarning bekor qilinishi aslida inson qadrining bir ko‘rinishi ekanini ta’kidlagandi.

Allamjonovning ushbu chiqishi jamoatchilik faollari tomonidan iliq kutib olindi. Jumladan, deputat Rasul Kusherbayev ham bu fikrga qo‘shilishini ma’lum qildi. «Darhaqiqat tonirovka jinoyat emas, xalq hisobidan, budjetdan tonirovka qildirish jinoyat. Gap egasini topadi», deb yozgandi u.

Aprel oyida YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov Kun.uz savoliga javoban tonirovka masalasida yengillik berilishi kutilmayotganini ma’lum qilgandi.

Bir yil oldin esa tonirovka narxini kamaytirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilgani aytilgan, shundan keyin rasmiylar bu mavzuni boshqa ko‘tarmagan edi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsat olish to‘lovi quyidagicha:

  • orqa yon oynalar – yiliga 4,5 BHM (1 mln 350 ming so‘m);
  • barcha yon oynalar – yiliga 45 BHM (13 mln 500 ming so‘m).

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 126-moddasiga ko‘ra, avtomashinani ruxsatsiz «tonirovka» qilish bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari — 7,5 mln so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari — 12 mln miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid