Mali markazidagi qishloqlarga uyushtirilgan hujumlarda 130 dan ortiq kishi halok bo‘ldi
Mali rasmiylari «Al-Qoida» bilan aloqador «Katiba Masina» guruhini Mopti mintaqasidagi qishloqlarga uyushtirilgan hujumlarda aybladi. BMT tinchlikparvar kuchlari hujumlarni xalqaro huquqning buzilishi deb atadi.
Mali markazidagi Mopti hududida bir qator aholi punktlariga uyushtirilgan qurolli hujumlar 132 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi. Bunday ma’lumotlarni g‘arbiy Afrika respublikasi rasmiylari 21 iyun, seshanba kuni taqdim etdi. Ular hujumlarda «Al-Qoida» bilan aloqador «Katiba Masina» terrorchilik guruhini aybladi.
Mahalliy hukumat sodir bo‘lgan voqeani «qirg‘in» deb ta’riflamoqda. Mahalliy amaldorlardan biriga ko‘ra, hujumchilar o‘nlab odamlarni o‘ldirishdan tashqari, ularning kulbalarini yoqib yuborgan va chorva mollarini o‘g‘irlagan. Radio France Internationale xabariga ko‘ra, 100 ta mototsiklda kelgan shaxslar Mali armiyasi va Rossiyaning xususiy harbiy kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlagani uchun qishloqlar aholisidan qasos olishga kirishgan.
Bryussel fojia munosabati bilan Afrika mamlakati xalqiga birdamlik bildirdi. Yevropa tashqi siyosiy faoliyat xizmati bayonotida aytilishicha, Yevropa ittifoqi «Mali va Saxeldagi tinch aholiga nisbatan qo‘llanilayotgan huquqbuzarliklar ko‘lami va davomiyligidan xavotirda». Yevropa ittifoqi shu va avvalgi qotillik holatlariga «aniqlik kiritishga», shuningdek, aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqirdi.
BMTning Malida barqarorlikni saqlash bo‘yicha tinchlikparvar missiyasi (MINUSMA) hujum qilganlarni qidirishda yordam berishini bildirdi. Missiya vakili bu fojiani xalqaro huquqning «jiddiy» buzilishi deb atadi. MINUSMA a’zolari mahalliy hokimiyat organlariga yaradorlarni evakuatsiya qilish va ularga g‘amxo‘rlik qilishda yordam beryapti.
2020 yil avgust oyida davlat to‘ntarishi natijasida harbiylar hokimiyatni qo‘lga kiritgan Mali, qo‘shni davlatlar – Burkina-Faso va Niger kabi bir necha yillardan beri jangarilar hujumlaridan aziyat chekmoqda. Bu bir necha ming harbiy xizmatchi va tinch aholi vakillarining o‘limiga olib keldi, ikki million kishi o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi.
Mavzuga oid
17:22 / 25.11.2024
Malida «Vagner»ning bir necha jangchisi o‘ldirildi
15:35 / 25.11.2024
Malida «Vagner» XHKning bir necha yollanma askarlari o‘ldirildi
13:20 / 15.10.2024
Kiyev Malidagi isyonchilarga UUA yetkazib berilgani haqidagi ma’lumotni rad etdi
07:51 / 06.08.2024