O‘zbekiston | 09:56 / 22.06.2022
11825
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi yetakchisi o‘z kabinetida joniga qasd qildi

Xodim onlayn qimor sababli joniga qasd qilgani aytilmoqda. Holat yuzasidan prokuratura tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib bormoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida tashkilot xodimi onlayn qimor qurboni bo‘lganligi aytilgan xabarlar tarqaldi. Viloyat prokuraturasi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, Boyovut tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi yetakchi mutaxassisi vazifasida ishlab kelgan T.B. 2022 yil 13 iyun kuni o‘zi ishlab kelgan tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi ma’muriy binosining ikkinchi qavatidagi bo‘sh xonasida, ishi bilan bog‘liq bo‘lmagan va hozirda aniqlik kiritilayotgan shaxsiy muammolari sababli xona eshigining to‘siniga sirtmoq bilan bo‘yin qismidan osib, o‘z joniga qasd qilgan.

Hodisa joyi Boyovut tumani prokurori, tuman IIB boshlig‘i, tuman IIB tezkor-tergov guruhi a’zolari va tuman prokuraturasi tergovchisi tomonidan ko‘zdan kechirilib, bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Surxondaryoda  «Xalq banki» Uzun filiali sayyor kassiri 278 nafar fuqaroning pensiya va nafaqa pullarini soxta imzo qo‘yib o‘zlashtirgan va pullarning bir qismini onlayn qimor o‘yiniga tikib yuborgandi.

Mavzuga oid