O‘zbekiston | 19:06 / 14.01.2024
21162
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda 62,5 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan metan-zapravka egalari ushlandi

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi gaz shoxobchalaridan biri gaz hisoblagichdan oldin rezina shlang orqali gaz o‘g‘irlab, uni sotib kelgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yetkazilgan zarar miqdori 62 mlrd 488 mln so‘mga baholandi.

Foto: Bosh prokuratura

Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq holatlarni fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda. Bosh prokuratura matbuot xizmati Boyovut tumanidagi metan-zapravkada katta miqdorda gaz o‘g‘irlanishi holati yuzasidan jinoyat ishi ochilib, MChJ mansabdor shaxslari qo‘lga olingani haqida xabar berdi.

«B. M.» MChJ mansabdor shaxslari va boshqalar jamiyatga qarashli Boyovut tumani Beruniy mahallasida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida tijorat maqsadlarida noqonuniy daromad orttirishni ko‘zlab, hisoblagich priboridan tashqari gaz tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zboshimchalik bilan ulanib, noqonuniy ravishda 62,5 mlrd so‘mlik 41 mln 666 ming metr tabiiy gazni o‘g‘irlagani aniqlandi», deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan «B. M.» MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2 nafar shaxs protsessual tartibda ushlangan.

Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini fosh etishga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etayotgani, energiya resurslardan qonunga xilof ravishda foydalanish holatlari fosh etilishi va jazo muqarrarligi ta’minlanishi qayd etilgan.

Mavzuga oid