O‘zbekiston | 20:15 / 25.06.2022
62296
15 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbeklar ishi” degan uydirma: Gdlyanchilarning soxtaliklari va jazosiz qolgani haqida

Butun bir millatni qanday qilib jinoyatchiga chiqarish mumkin? O‘zbek xalqining boshiga tushgan 80-yillardagi o‘sha qora kunlarni Viktor Ilyuxin “Qabohat yoxud “o‘zbeklar ishi” degan uydirma xususida” kitobida yuzlab guvohlar va dalillar bilan ochib bergan.

“Qo‘lingdagi tergovchilik shamshiringni sermab boraver, oxiri kimgadir tegadi. Bu yerda hamma jinoyatchi, shuning uchun sening xatti-harakatlaring baribir to‘g‘ri bo‘lib chiqadi va oqlanadi.

“Qabohat yoxud “o‘zbeklar ishi” degan uydirma xususida” asarida yuqoridagi jumla 80-yillarda O‘zbekistondagi poraxo‘rliklarni tekshirish uchun SSSR prokuraturasi yuborgan tergovchilar Gdlyan va Ivanovning tergov qilish shiori bo‘lgani aytiladi.

Kitob ma’lum ma’noda o‘zbek xalqi oldida Telman Gdlyan va Nikolay Ivanov qabohati uchun SSSR Bosh prokuraturasi nomidan o‘zbek xalqidan so‘ralgan uzr deb ham qabul qilinishi mumkindir balki.

Viktor Ilyuxinga ishonsa bo‘ladimi?

1983-1989-yillarda shunchalik ko‘p adolatsizlikka yo‘l qo‘yilganki, yuzlab gunohsiz kishilardan Gdlyan va Ivanov ustidan qonunchilik buzilayotgani haqida SSSR prokuraturasiga arizalar yog‘ila boshlagan. Natijada prokuratura 1989 yil 25 mayda O‘zbekistonda cheksiz hokimiyatga ega gdlyanchilar ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atadi.

Tergovchilar brigadasiga Viktor Ilyuxin boshchilik qiladi. U O‘zbekistonda 8 oy davomida tinimsiz tekshiruv harakatlarini olib borib, mas’um odamlar dodini eshitadi, yuzlab guvohlar bilan gaplashadi. Gdlyanchilar ishini obdon tekshiradi, rad etib bo‘lmas dalillar to‘playdi.

“Qabohat yoxud “o‘zbeklar ishi” degan uydirma xususida” kitobi ham shundan keyin dunyoga keladi. Kitob 1993 yilda “O‘zbekiston” nashriyotida 50 ming nusxada bosiladi.

Asar haqida qisqacha

Foto: Kun.uz

Ilyuxinning yozishicha, 1983 yilda Davlat xavfsizlik qo‘mitasi tergovchilaridan Buxoro shahar sanoat mollari savdosi bo‘limi direktori Sh.Qudratov, Buxoro viloyati davlat avtomobil nazorati boshlig‘i Muzaffarovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bilan boshlangan ish, keyinchalik Gdlyan qo‘liga o‘tadi. Va butunlay uning siyosiy nufuzi manfaatlariga bo‘ysundiriladi.

Aslini olganda, Gdlyan bu ishdan O‘zbekistondagi partiya, sovet va huquqni muhofaza qiluvchi kadrlarni “ovlash”dan iborat o‘z rejalarini amalga oshirishda foydalanadi.

5 qismga bo‘lingan kitobning dastlabki bo‘limida Gdlyanchilar odamlarni qanday qilib yolg‘on guvohlik berishga majburlagani guvohlar tilidan yozib olingan parchalar bilan dalillanadi. Keyingi bo‘limida o‘sha paytda SSSR va O‘zbekistonda yuqori mansabda ishlaydigan amaldorlarga qanday ayb to‘nkalgani, bundan Gdlyan va Ivanov nimani ko‘zlagani haqida tekshiruv natijalari keltiriladi.

“Gdlyan millionlari afsonami yoki haqiqat” deb nomlagan bo‘limda esa O‘zbekiston tergov ishlarini olib borib yirik miqdordagi poraxo‘rliklarni “fosh etgan” ikki tergovchining soxtakorliklari, qo‘shib yozishlari-yu, o‘z shuhratlariga mahliyo bo‘lganlari ochib beriladi.

Asarning qolgan 2 qismida Gdlyan va Ivanovga o‘qilgan hukm va ularning qanday qilib og‘ir jazodan qutulib qolgani haqida gapiriladi.

“Aybsiz kishilar 7-9 oydan 3-7 yilgacha hibsda saqlangan”

Nikolay Ivanov (chapdagi halqada) va Telman Gdlyan (o‘ngdagi halqada) / Foto: Ziyouz.com

1983–1989-yillar oralig‘ida o‘zbek xalqi o‘z tarixidagi eng so‘nggi qatag‘onni – shunday atash mumkin bo‘lsa – boshidan o‘tkazdi. Buni kitob muallifining: “Men jinoyatlarni ochishda hatto bronetrasnportyorlardan, harbiy vertolyotlardan, grajdan aviatsiyasidan bu qadar keng foydalanilgan boshqa biror bir jinoyat ishi bo‘lganini eslay olmayman”, deganidan ham tushunsa bo‘ladi.

Asarda gdlyanchilar o‘tkazgan tergov jarayonlari 30-50-yillardagi tergovlarga o‘xshatiladi. Muallif Gdlyan va Ivanovga ittifoqdagi istalgan tergovchisini tanlab olib ishga jalb qilish huquqi berilgani, tashkiliy masalalar texnika bilan ta’minlash masalalari birinchi navbatda hal qilib berilganini yozadi. Yozayotganlari quruq chiqmasligi uchun o‘zi chiqargan xulosalarni guvohliklar, dalillar va qo‘shimcha tergov ma’lumotlari bilan asoslab boradi.

6 yil mobaynida gdlyanchilar deyarli 200 kishini ushlab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqargan. Shulardan 64 kishi poraxo‘rlik uchun va qolganlari esa boshqa turli xil jinoyatlar va asosan “jinoiy yo‘llar bilan topilgan boyliklarni saqlagani uchun” hibsga olingan.

Poraxo‘rlik uchun qamalganlarning har ikki nafaridan biri 1991 yilning 1 sentabriga qadar oqlangan. Obdon tekshirilganda jami 200 kishidan 40 nafardan ortiqrog‘igina aybdor deb topilgan. Aybsiz kishilar 7-9 oydan 3-7 yilgacha hibsda saqlangan.

“Masalan, militsiya mayori A.Muhammadiyev 2 yil-u 2 oy, militsiya mayori Vidodil Izzatov 7 yil, Navoiy viloyatining ijroiya komiteti ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i To‘ra Hayitov hech qanday aybsiz 3 yildan ko‘proq hibsda saqlangan”, – deb yozadi muallif.

Gdlyanchilarga buncha qurbonlik nega kerak edi?

Ko‘p hollarda odamlarni noqonuniy ravishda ushlab kelish gdlyanchilarning qo‘llaridagi ishlar uchun ma’lumot to‘plashda xizmat qilgan. Odamlar yolg‘on guvohlik berishga majburlangan. Shu tariqa juda ko‘p soxta dalillar “asosi” vujudga keltirilgan.

“Gdlyanchilar guruhi O‘zbekistonda hamma pora oladi va beradi deb hisoblar edilar. Ular ayni shu fikrdan kelib chiqib, har bir odamga axborot manbai deb qarashar va har qanday yo‘llar bilan bo‘lsa-da undan o‘sha axborotni sug‘urib olishga harakat qilishar edi”, – deya yozadi Ilyuxin.

Asarda keltirilishicha, Gdlyan qachonlardir janjallashib qolgan, uning yo‘liga to‘sqinlik qilgan, biror harakat bilan qonunsizlikning oldini olishgan harakat qilgan, O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan hodisalarni xolis tarzda yoritishga urinib ko‘rgan shaxslarni aybdor qilishga, ularni badnom qilishga, qamatishga uringan.

Ular tomonidan to‘qib chiqarilgan yana bir nazariya sadistik edi. Biror lavozimga o‘tirgan shaxs “yuqori”ga pora bergani to‘g‘risida yolg‘on gapirishga majbur qilingan. Qiynoqlar azobidan ezilib, jonidan to‘yib ketgan mahbus har qanday guvohlik berishga rozi bo‘lardi. Gdlyanchilar tilxat mazmunini aytib turgan, maxbus yozgan. Shu tariqa katta bir piramida tuzishga bel bog‘langan, bu zanjirning halqalari kolxozlar, sovxozlar,uchastkalar, fermalardan boshlanib, oxiri “Kremlgacha borishi” kerak bo‘lgan.

“Pianinochilar” va “to‘qmoqlar”

SSSR Bosh prokuraturasining alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchilari Telman Gdlyan (chapda) va Nikolay Ivanov (o‘ngda). Ular ustidan ochilgan jinoyat ishi 1991 yilda noyob huquqiy asos – “siyosiy vaziyatning o‘zgarishi” degan formulirovka bilan to‘xtatib qo‘yilgan. / Foto: Russkaya semerka

Tekshiruvlar davomida ma’lum bo‘ladiki, Gdlyan tergov guruhida xuddi qatag‘on yillaridagidek aybdorlarning aybini bo‘yniga qo‘yib beradigan maxsus guruhlar bo‘lgan. Ularning vazifasi maxbusni kaltaklab, azoblab holdan toydirishdan va nima qilib bo‘lsa ham uni o‘z “ayb”iga iqror qilishdan iborat bo‘lgan. Bunday vazifadagi tergovchilar odatda kechalari ishlagan.

Yana ularning “pianinochi” deb nomlagan tergovchilari ham bo‘lgan. Ular so‘roqqa “tayyor” kishilar bergan ma’lumotlarni yozuv mashinkalarida tezkorlik bilan yozib berishgan.

Yana bir guruh “to‘qmoqlar” deb deb atalgan. Gdlyan guruhida tergovchilik qilgan A.Xolodov to‘qmoqlarni shunday eslagan:

“Dastlabki ma’lumotlarni qo‘lga kiritish bilan shug‘ullanadigan “to‘qmoqlar” tarkibiga Kartashyan, Mavlonov, Abdurahimovlar… kirardi. Shuni aytishim kerakki, ular guvohlardan hammaga ma’qul bo‘ladigan ma’lumotlarni ko‘proq olardilar”.

Gdlyancha tergov usullari

Gdlyan guruhida ishlagan tergovchi V. Sharoyevskiy so‘roq qilinganda, u tergov usullari haqida batafsil gapirib beradi.

“Kartashyan odamlarni chidab bo‘lmas darajada og‘ir usullar bilan so‘roq qilardi. U birvarakayiga 10-20 kishini chaqirtirar va faqat ulardan bir nafarini kabinetga taklif qilardi. Qolganlar esa DHK boshqarmasining mutlaqo soya joyi bo‘lmagan hovlisida o‘z navbatlari kelishini kutib o‘tirishga majbur bo‘lardilar…” – degan tergovchi.

Ular tergov davomida o‘zlari istagan ma’lumotni olish uchun guvohlar choyiga ruhiy ta’sir ko‘rsatadigan moddalar ham qo‘shib berishgan, oila a’zolarining barini qamatish bilan tahdid qilishgan, so‘kishgan, yuzga tupurishgan, hali aybdorligi isbotlanmaganlarni o‘ta og‘ir jinoyatchilar bilan bir kamerada qo‘yishgan.

Hozirgi Qibray tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i A.Hojimurodov tergov jarayonlari dahshatini shunday ta’riflagan:

“Sen IIBning sobiq boshlig‘i Jamolovga pora bergansan, hozir shu aybingni bo‘yningga olasan, deb talab qildilar. Meni so‘roq davomida bo‘g‘ib qiynadilar. Ular birgina meni emas, butun boshli xalqimizni haqorat qildilar. Nuqul, “o‘zbeklarning hammasi – qo‘y, bosmachi, fashist” deb so‘kinishardi…. Men bu azoblarga chidolmay yolg‘on ma’lumot berishga majbur bo‘ldim”.

Eng qiziq jihati, hatto ayblanuvchilar yozib bergan iqrornomalar tekshirilganda ulardagi gaplar sintaktik va morfologik jihatdan deyarli bir xilligi ma’lum bo‘lgan. Shu dalildan ham hamma gapni bir kishi aytib turgani va gumondor sifatida olib kelingan kishi shunchaki imzo chekib bergani oydinlashadi.

Ilyuxin nimanidir yashirganmi?

Muallif 1989 yil oxiriga kelib, gdlyanchilar ishi bo‘yicha SSSR prokuraturasi kollegiyasida muhokama qilish uchun ma’lumotlar taqdim qiladi. Uzoq tortishuvlardan keyin ish Oliy Kengashda ko‘riladi. Oxir-oqibatda Gdlyan va Ivanov prokuratura organlaridan ishdan bo‘shatiladi. Shuncha odamni aybsiz hibsda saqlagan, o‘zbek millatini oyoqosti qilib, ruhiy tazyiq o‘tkazgan tergovchilar faqatgina ish joyidan olingan, xolos.

Muallif kitobda qonunga xilof ishlar uchun aybsiz shaxslar ommaviy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilgani uchun mas’uliyat ittifoq prokuraturasi zimmasiga tushgani haqida aytadi. Gdlyan va Ivanovning “cheksiz huquqlari”ni ularning mashhurlikka intilgani, shon-shuhrat, mansab ilinjida qilingan, deya izohlashga harakat qiladi. Hukumatda Gdlyan va Ivanov tarafdorlari bo‘lgani, ikki tergovchining deputat dahlsizligi huquqi bo‘lgani sabab ular og‘ir jazolardan qutilib qolgani aytiladi.

Lekin butun boshli xalqni poraxo‘rga chiqargan, aybsiz, sud qilinmay turib o‘zbeklarni yillab hibsda saqlagan, oila a’zolari bilan ruhan qiynoqqa solgan tergovchilarni ish joyidan bo‘shatish bilangina cheklanishga yuqoridagi sabablar kamlik qilmasmikan. Balki muallif o‘zi bilgan yoki taxmin qilgan nimanidir kitobxonga ochiqchasiga aytmagan, Gdlyan aybdorligi o‘sha paytdagi ittifoqda hukm surgan vaziyatga to‘nkalgan.

“Gdlyan va Ivanov hodisasi tasodifan paydo bo‘lgani yo‘q. Buning uchun barcha shart-sharoit yaratib berilgan… Prokuratura yo‘l qo‘yilgan zo‘ravonliklar uchun ular bilan birga javobgar bo‘lishi kerak”, –deyilgan kitobda.

Muallif kitobda mavjud barcha ma’lumot va faktlarning 10dan bir qismini ham qalamga olmaganini aytadi. Shu iqrorning o‘zi Gdlyan va Ivanov dahshatlarini his qilishga yetsa kerak. Ushbu maqolada keltirilgan ma’lumotlar esa o‘sha bir qismning 10dan biri ham emas.

Asardan iqtiboslar

“Bizning mamlakatimiz na yuqori darajadagi huquqiy madaniyati bilan, na huquqiy qonun-qoidalarini qat’iy bajarishi bilan hech qachon ajralib turmagan. Aksincha bizning mamlakat ma’rifiylikdan yiroq beshafqat volyuntarizmning kuchli domida ilgari ham, afsuski hozir ham azoblanib keladi…. Bu faqat hozirgi hayotimizga emas, o‘z vaqtida Pushkin “Rossiyada qonun yo‘q. Unda bir ustun bor xolos. Ustunga esa toj kiygizib qo‘yishgan”, deb yozgan edi”.

“Yuksak darajada rivojlangan g‘arb mamlakatlarida qonunbuzarlarni parlamentdan haydab, ularni bunday nufuzli organlarga yaqin yo‘latmaydilar. Bizning mamlakatimizda Konstitutsiya va boshqa qonunlarga rioya qilmagan kishilar ham bemalol ishlab yuraveradilar”.

“Men bir narsaga hayron qolaman: nega bizda hamisha xalq orasida obro‘sini to‘kib sharmanda bo‘lgan kishilar qandaydir yo‘llar bilan birdaniga yuqori joylarga saylanib qoladilar?”

“Tarqatiladigan axborot haqiqatdan qanchalik yiroq bo‘lsa, u shunchalik yaxshiroq hazm bo‘ladi, unga odamlar ko‘proq ishonadi”.

“Har qanday kishiga qarshi, hatto “xudo”ga qarshi ham guvohlik olish Gdlyan va uning guruhi uchun hech gap emas edi. Ularni xalq sud qiladi, tarix sud qiladi. Hozircha ular hokimiyat tepasida turgan ekan – bu bizning fojiamizdir, lekin xalqni uzoq vaqt aldab yurish hali hech kimning qo‘lidan kelgan emas”.

Zuhra Abduhalimova,
jurnalist

Mavzuga oid