Jahon | 20:24 / 28.06.2022
25082
7 daqiqa o‘qiladi

Ishdan chiqayotgan iqlim o‘pkasi – sigaretning isishga ayanchli ta’siri

Ikki barmoq orasiga siqqulik joni bo‘lgan sigaretning ekologiyaga salbiy ta’siri masshtabini tasavvur qilish ham qiyin. U sabab bo‘layotgan o‘rmon yong‘inlari, tuproq yemirilishi bir tomon, havoning kundan kun zaharlanib, isib borishi bir tomon bo‘lib turibdi.

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahrida tungi salqinlik yo‘qolgan, deb yozyapti blogerlar. Qolaversa, havo sifatining yildan yilga yomonlashayotgani ham O‘zbekiston uchun endi yangilik emas. Bu sanoat korxonalari, ishlab chiqarishning ortgani, transport ko‘paygani fonida yuz berayotgani bor gap. Lekin ko‘p ham e’tibor qilinmaydigan tamaki mahsulotlari ekologiyaga 4-5 tomondan zarba beryaptiki, bu ma’lumotlar ko‘pchilik uchun yangilik bo‘lishi mumkin.

Bir necha daqiqalik rohat uchun qurbon tabiat

Sigaret ekologiyani ham ishlab chiqarilish jarayoni, ham tutuni, ham qoldig‘i bilan zararlaydi. Bu qanday sodir bo‘ladi?

1 soat ichida o‘rab qadoqlanadigan sigaretlar uchun 6 kilometr qog‘oz sarflanadi. Har 300 dona sigaret uchun bitta daraxt yo‘q qilinadi. Bu –kuniga 20 donali 1 quti sigaret chekadigan odam oyiga 2ta daraxtning qotiliga aylanadi degan gap.

Sigaret ishlab chiqarishda eng muhim o‘simlik – tamaki seryomg‘ir tropik o‘rmon mintaqasida yetishtiriladi. 1950 yillarda kichik-kichik hududlarda yetishtirila boshlangan tamakilar, talab oshgani sari kattaroq maydonlarni egallayapti. Natijada yirik-yirik o‘rmonlar insoniyatning bir necha daqiqalik rohati uchun qurbon qilinyapti.

Tanzaniyaning Usenge shahrida joylashgan Tabora qishlog‘idagi mahalliy tamaki yetishtiruvchi fermerlarning tasdiqlashicha, tamaki uchun o‘ta zich joylashgan o‘rmonlar kesib tashlanish holatlari ko‘paygan. Tamaki Osiyo va Afrika davlatlaridagi 5 foiz o‘rmonlar yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Bu – xuddi o‘zi shundoq ham zo‘rg‘a nafas olayotgan dunyo o‘pkasini asta-sekin yemirishga o‘xshaydi.

Foto: PXHERE

Qaniydi, tamakining zarari shu yerda to‘xtasa. Yo‘q, bu xuddi domino o‘yiniga o‘xshaydi. O‘rmonlar qisqarishi bilan hayvonot va o‘simlik dunyosida bioxilmaxillik yo‘qoladi, global harorat ko‘tarilishda davom etadi, tamaki yetishtirilgan dalalarda tuproq eroziyasi boshlanadi.

Bundan tashqari, kuniga 20 donali 1 quti sigaret chekadigan odam 1,4 million litr suv sarflaydi. Va yana tayyor sigaretlarni chakana va ulgurji tarqatishdagi transport yonilg‘isining tabiatga zararini ham unutmaslik kerak.

Sigaret ishlab chiqarishdan sotuvgacha

Sigaret ishlab chiqaruvchi ko‘p mamlakatlarda tamaki barglarini quritish uchun o‘tin yoqiladi. Va bu tutun tabiiy holatda atmosferaga ko‘tarilib, azon qatlamini yemiradi.

Bundan tashqari, tamakini yetishtirish, yig‘ib olish jarayonida o‘ta o‘tkir hasharot o‘ldiruvchilardan, masalan aldisarb deb nomlanadigan moddadan foydalaniladi. 1995 yilda sigaret ishlab chiqarishda 2300 million kilogramm chiqindi hosil bo‘lib, uning 209 kilogrammi kimyoviy modda bo‘lgan. Kimyoviy moddalar ham tuproqni, ham hayvonot va o‘simlik dunyosini nobud qiladi.

Yana bir yomon jihati – ishlab chiqarishda foydalanilgan zaharli suv yo tuproqqa, ko‘p hollarda daryolarga oqizib yuboriladi.

Foto: iStock

Sigaret va issiqxona gazlari

Chekish chekuvchining tanasiga zarar bilan cheklansa mayli edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida chekish tufayli har yili atmosferaga 2,6 milliard kilogramm karbonat angidrid va 5,2 milliard kilogramm metan ajralib chiqadi. 2014 yilda 6 trillion sigareta ishlab chiqarilgan va deyarli 84 million tonna issiqxona gazlariga sabab bo‘lgan. Bu – umumiy gazning 0,2 foizini tashkil qiladi.

Har bir chekilgan sigaret atmosferaga 1,39 gramm issiqxona gazi ajratadi. 1ta sigaretni ishlab chiqarish esa 0,6 gramm issiqxona gaziga sabab bo‘ladi.

Taxminlarga ko‘ra, 2025 yilgacha yiliga 9 trillion tamaki iste’mol qilinadi. Shuni ham qayd etish kerakki, dunyo aholisining 1 milliarddan ortig‘i kashanda. Va ularning 800 millioni erkaklar hisoblanadi.

Chekuvchilarning 80 foizdan ortig‘i kam va o‘rta daromadli davlatlarga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p sigaret iste’mol qiluvchi ham, ishlab chiqaruvchi ham Xitoy hisoblanadi.

Chirimaydigan qoldiqlar va yonayotgan o‘rmonlar

Sigaret qoldiqlari chirishi uchun kamida 10 yil kerak. Sigaret filtrlari sellyuloza atsetatdan ishlab chiqariladi, bu plastmassa, texnik jihatdan biologik parchalanishi mumkin bo‘lsa-da, faqat og‘ir biologik sharoitlarda parchalanadi. Chiriganda ham uning tarkibidagi zaharli moddalar tuproqni ishdan chiqaradi.

Yana bir tomoni, chekuvchilar orasida sigaret qoldig‘ini istalgan joyga uloqtiradiganlari ham topiladi. Shu sabab ham sohilbo‘yi hududlarida sigaret qoldiqlari ko‘p to‘planib qoladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1980 yillardan beri shahar va qirg‘oqbo‘yi hududlarida yig‘iladigan chiqindining 30-40 foizini sigaret qoldiqlari tashkil qilgan.

Foto: iStock

2008 yilda Xalqaro qirg‘oqlarni tozalash dasturi suv yo‘llari va plyajlardan 3,2 millionga yaqin sigaret qoldiqlarini tozalagan. Bu boshqa barcha axlatlardan deyarli ikki baravar ko‘p degani.

Bundan tashqari, qoldiqlar suv hayvonot hamda o‘simlik dunyosini ham zararlaydi. Sigaretlar tarkibidagi plastikdan yasalgan filtr baliqlar yemishiga o‘xshaydi va suv hayvonot dunyosi uchun katta xavf tug‘diradi.

Foto: maxpixel

Tamaki zarari haqida gapirilganda, yong‘inlar haqida to‘xtalish shart. Butun dunyo bo‘ylab sigaret qoldiqlari sabab bo‘lgan o‘rmon yong‘inlari son-sanoqsiz. Va shu yong‘inlar sabab har yili 17 mingga yaqin odam halok bo‘ladi. Mulkiy zarar esa 27 milliard AQSh dollaridan ortiq zararni tashkil etadi.

Kichik ogohlantirish!

Hozir qo‘lingizda yoki cho‘ntagingizda sigaret bor, balki biror muammoga siqilganingiz uchun chekmoqchidirsiz. Asl muammo esa endi boshlanyapti. Tashqarida yoz. Havo qizdirishda davom etyapti, hatto kechalardan ham salqinlik qochgan.

Toza havo topish qiyinlashgan, o‘rmonlar kesilyapti, muzliklar eriyapti, Yer chiqindixonaga aylanib boryapti. Ishqilib keyingi yil qish bo‘larmikan, qor yog‘armikan? Bu muammolar chekishni davom ettirsangiz yana ham ko‘payadi, ko‘proq siqilasiz. Keyin chekish ham foyda bermasligi mumkin.

Zuhra Abduhalimova,
jurnalist

Mavzuga oid