Jamiyat | 23:23 / 31.05.2023
22250
6 daqiqa o‘qiladi

“Sigaret emas, oziq-ovqat kerak” – atrof-muhitni zaharlayotgan chekuvchilarning zararlari haqida faktlar

Dunyoda har yili 8 mln odam chekish sabab vafot etadi. Kashandalar nafaqat o‘zlarini, balki atrof-muhitni ham zararlashadi. Tamaki yetishtirilishi esa oziq-ovqat muammosi yanada kattalashishiga olib keladi. Sababi tamaki o‘sgan yerning unumdorligi pasayib, cho‘llanishga moyilligi oshadi. 

Foto: Kun.uz

Har yili may oyining oxirgi sanasi – 31 may Xalqaro chekishga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi.

Chekuvchilar soni dunyo miqyosida 1,1 mlrdni tashkil qiladi, boshqa usullarda tamaki iste’mol qiluvchilar esa 200 mln. Bu raqamlar sababli tamaki iste’moli global epidemiyaligicha qolmoqda.

Kattalashayotgan oziq-ovqat xavfi

Bu yilgi sana uchun "Bizga oziq-ovqat kerak, tamaki emas" shiori tanlangan. Maqsad – tamaki yetishtiruvchi fermerlarni boshqa foydali oziq-ovqatlar yetishtirish va buning bozor imkoniyatlari haqida xabardorliklarini oshirishdan iborat.

O‘zi shundoq ham iqlim muammolari, urushlar va nizolar, koronavirusning iqtisodiy va ijtimoiy ta’siri sabab oziq-ovqat xavfsizligi barqaror emas. Ekinni to‘g‘ri tanlamaslik, jumladan, tamaki ekish ham bular qatoriga qo‘shilib muammoning kattalashishiga sabab bo‘lmoqda. Dunyoda har yili 3,5 mln gektar yer tamaki ekish uchun moslashtiriladi. Tamaki yetishtirish uchun o‘rtacha 200 gektar maydondagi daraxtlar kesiladi. Uni o‘stirish ko‘p resurslarni talab qiladi, o‘g‘it va turli pestitsidlarni ishlatish tuproq degradatsiyasiga olib keladi. Tamakidan so‘ng yerga boshqa ekin ekish ham qiyin, sababi tuproq unumdorligi pasayadi. Bu o‘simlik yetishtirilishi ekologiyaga chorvachilikdan ham ko‘ra ko‘proq zararlidir. Sababi tamaki o‘sgan yerlar cho‘llanishga moyil bo‘ladi.

Agar bu ma’lumotlarni tamaki chekadigan biror inson o‘qiyotgan bo‘lsa, chekish faqat o‘zining sog‘ligiga zarar emasligini, balki butun Yer shari bundan aziyat chekayotganini, kattalashib borayotgan iqlim o‘zgarishi muammosiga o‘zi ham hissa qo‘shayotganini bilib olishi mumkin.

Tamaki sabab har yili 8 mln odam vafot etadi. Tamakini yetishtirish, uni ishlab chiqarish, tarqatish, iste’mol qilish va hatto iste’moldan keyingi chiqindisi ham atrof-muhitni zararlaydi.

Qaramlik

Tamaki tarkibidagi asosiy moddalardan biri nikotin hisoblanadi.Nikotin organizmdagi metabolik jarayonga xalaqit beruvchi, miya faoliyati va fiziologik funksiyalariga ta’sir qiluvchi alkogol va boshqa psixoaktiv moddalar kabi odamni o‘ziga o‘rgatib qo‘yadi. Shu tarzda tamakiga jismoniy qaramlik shakllanadi. Doimiy nikotin oqimiga o‘rganib qolgan odam tamakidan foydalanishni to‘xtatsa, tashvish va xavotirga tushib qoladi.

Bora-bora chekishga bo‘lgan ehtiyoj ovqatlanishga bo‘lgan ehtiyoj bilan tenglashib qoladi.

Chekish ta’siri ostida 25 dan ortiq kasallik (yurak-qon tomir, o‘pka va saraton)larning organizmda rivojlanishi kuchayadi. Yurak-ishemik kasalligi va insultdan o‘lim holatlarining 70 foizi chekuvchi va spirtli ichimliklar ichuvchi odamlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Kashandalarning umri chekmaydigan odamlarga qaraganda kamida 10 yilga qisqaroq bo‘lishi ilmiy tarzda o‘rganilgan. 40 yoshdan oldin tamakini tashlash esa sigaretga aloqador kasalliklar sabab vafot etish xavfini 90 foizga qisqartiradi.

Chekmasdan turib ham tamakidan jabr ko‘ruvchilar

Sigaret faqat chekayotgan odamni emas, balki uning atrof-muhitini, yaqinlarini ham zararlaydi. JSST statistikasiga ko‘ra, har yili 1 mlndan oshiq odam tutun ta’sirida vafot etadi.

Chekmaydiganlar ham tamaki tutuni ta’sirida o‘pka saratoniga uchrashi mumkin bo‘lgan xavf guruhiga mansub bo‘lishadi. Elektron sigaretlar ham oddiysi kabi atrofdagilarni nikotin va boshqa zaharli moddalar bilan zararlaydi. Bolalar yonida chekish esa ularda astma, quloq infeksiyasi kasalliklari rivojlanishiga, ulg‘ayganlarida surunkali nafas kasalliklariga chalinishlariga sabab bo‘ladi.

Xarajatlar-chi?

Tamaki tufayli xalqaro iqtisod o‘rtacha 1,4 trln yo‘qotadi. Sababi undan kelib chiqqan o‘lim inson kapitali yo‘qotilishiga, turli kasalliklar esa sog‘liqni saqlash tizimi gardaniga yuk tushishga olib keladi.

Oilalarda esa chekishga pul sarflash orqali ro‘zg‘or xarajatlaridan pul tejaladi, oqibatda kambag‘allik kelib chiqishi mumkin.

Tadqiqotlardan birida o‘rganilishicha, kashandalar butun umri davomida 1,4 mln dollarni chekishga sarflab yuborishadi. Buning ichiga faqat sigaret sotib olish uchun ketadigan xarajatlar emas, balki chekish sabab kasallik orttirib olinsa, uni davolashga ketadigan xarajatlar, atrofdagilarning sog‘ligiga chekish orqali ta’sir qilib, ularning daromadi pasayishiga sabab bo‘lish bilan kelib chiqadigan omillar ham qo‘shib hisobga olingan.

Chekishni tashlash uchun sabab

Chekishni tashlashning birinchi 20 daqiqasidayoq yurak urish tezligi yaxshilanadi. Birinchi 1-9 oyda yo‘tal va nafas qisishi kamayadi. 5-15 yil ichida esa insultga duch kelish xavfi xuddi chekmaydigan odamniki bilan tenglashadi.

10 yil ichida esa o‘pka saratoniga duchor bo‘lish xavfi pasayadi. 15 yildan keyin yurak kasalliklariga uchrash xavfi ham tamaki chekmaydigan odamlardagi nisbat bilan tenglashadi. Shunday ekan chekishni tezroq tashlang, o‘zingizni ham, ekologiyani ham tamaki tutunidan asrang.

Mavzuga oid