O‘zbekiston | 01:47 / 29.06.2022
86879
3 daqiqa o‘qiladi

Rasman: «Tonirovka» narxi 6 baravar arzonlashtirildi

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda 1 iyuldan boshlab mashinalarning orqa yon oynalar tusini o‘zgartirish mutlaqo tekin bo‘ladi. Bu borada tegishli prezident qarori e’lon qilindi.

Qarorda aytilishicha, avtomashinalarning orqa yon oynalariga «tonirovka» yopishtirish tekin bo‘ladi. Bu borada ruxsatnoma olish tartibi bekor qilinadi. Hozirda bu uchun 1,5 million so‘m to‘lov qilish kerak.

Mashinaning oldi yon oynalari tusini o‘zgartirish esa hamon pulli bo‘lib qoladi, ammo narxi olti baravar arzonlashtirilgan. Hozirda old yon oynalar tusini o‘zgartirish uchun 15 million so‘m to‘lash kerak. Ya’ni faqat barcha yon oynalar tusini o‘zgartirish uchun belgilangan BHMning 50 baravari miqdoridagi to‘lovni amalga oshiribgina orqa yon oynalarni qoraytirish mumkin. 1 iyuldan esa bu to‘lov BHMning sakkiz baravari miqdorida, ya’ni 2,4 million so‘m etib belgilandi.

Qarorga ko‘ra mashinalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi ham o‘zgartirilgan. Unga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 11-14 yil bo‘lgan ulovlar ikki yilda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tadi. Undan oldinroq chiqarilgan mashinalar yiliga bir marta ko‘rikdan o‘tadi. Ishlab chiqarilganiga 10 yilgacha bo‘lgan mashinalarni ko‘rikdan o‘tkazish ixtiyoriy bo‘ladi.

«Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yil 1 sentabrga qadar oynalari tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsat berilgan avtotransport vositasiga bo‘lgan egalik huquqi o‘zgarganda, davlat raqami belgisi almashtirilganda yoki avtotransport vositasi egasining ma’lumotlarida o‘zgarish bo‘lganda avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) berilgan ruxsatnomaning amal qilish muddatini avtomatik tarzda saqlab qolish tartibini joriy etsin», deyiladi qarorda.

Prezident qarori ijrosini nazorat qilish bosh vazir Aripov zimmasiga yuklangan.

Mavzuga oid