O‘zbekiston | 18:59 / 29.06.2022
47218
3 daqiqa o‘qiladi

“Tonirovka” uchun pul to‘lab qo‘yganlar “kuydi”

Prezidentning tegishli qarori ortidan, shu qaror chiqqunga qadar o‘tgan bir necha hafta ichida avtomobili oynalarini qoraytirish uchun to‘lov qilganlar sarosimaga tushib qolganlari bor gap. Ularni bitta savol qiziqtirmoqda: to‘langan pul qaytarib berilishi ehtimoli bormi?

Fotokollaj: Kun.uz

O‘zbekistonda 1 iyuldan boshlab mashinalarning orqa yon oynalari tusini o‘zgartirish uchun ruxsatnoma talab etilmaydigan bo‘ldi. Old yon oynalarni qoraytirish ruxsatnomasi narxi esa 6 baravarga arzonlashdi. Bu borada tegishli prezident qarori e’lon qilindi.

Bu yangilikdan hamma birdek xursand bo‘ldi deyish qiyin: o‘tgan yaqin haftalarda “tonirovka” arzonlashishi yoki butkul tekin bo‘lishi haqidagi gap-so‘zlarga qaramay, ruxsatnoma sotib olganlarning afsusini tushunish mumkin, chunki bunday gap-so‘zlar avvalgi yillari ham bo‘lgan va ko‘p narsa o‘zgarmay qolgandi. Endilikda ularni bitta savol qiziqtirmoqda: to‘langan pul qaytarib berilishi mumkinmi?

Bu savolga tegishli normativ hujjatlardan javob izlab ko‘ramiz.

Prezidentning “Avtotransport vositalaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori joriy yil 28 iyun kuni imzolangan bo‘lsa-da, uning aynan “tonirovka”ga oid qismi 2022 yil 1 iyuldan kuchga kirishi belgilab qo‘yilgan.

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 40-moddasiga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar, agar hujjatlarning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Demak, “tonirovka” bo‘yicha yangilik 1 iyuldan boshlab kuchga kiradi va undan avvalgi amalga oshirilgan yuridik harakatlarga taalluqli bo‘lmaydi.

Ta’kidlash lozim, avtooynalarni qoraytirishga oid amaldagi talab 30 iyun kuni 23:59 ga qadar saqlanib qoladi. Bu orqa yon oynalarni tegishli ruxsatnomani olmasdan tonirovka o‘rnatganlarga ham ma’muriy chora ko‘rish mumkinligini anglatadi.

Xulosa qilib aytganda, ruxsatnoma uchun to‘langan mablag‘ qaytarilmaydi. 1 iyulgacha orqa yon oynalarni noqonuniy qoraytirib qo‘lga tushgan haydovchilar omadi chopmagan taqdirda 7,5 mln so‘m (15 kun ichida to‘lansa, 5 mln 250 ming so‘m) jarimaga tortiladi.

Bu – amaldagi ruxsatnomasi muddati 29 iyun soat 23:59da tugagan va uni uzaytirmaganlarga ham taalluqli. Bunday haydovchilar 30 iyun kuni avtomobilini ko‘chaga haydab chiqmaganlari ma’qul.

Mavzuga oid