O‘zbekiston | 13:41 / 29.06.2022
75027
8 daqiqa o‘qiladi

Xavotirlarni bosolmagan To‘palang va mas’ullarning yupatishidan ko‘ra kuchliroq videolar

Surxondaryoning Sariosiyo tumanida joylashgan To‘palang suv omborida 22 iyun kuni yuz bergan voqealar kun tartibidan tushib qolgandek. Lekin voqeadan bir hafta o‘tdi hamki, u yerda avariya hali ham to‘liq bartaraf etilmagan. «Hech qanday xavotirga o‘rin yo‘qligi»ni takrorlayotgan mas’ullar Kun.uz muxbirini hodisa joyiga kiritishni paysalga solishyapti.

Bugun, 29 iyun kuni olingan surat: GES agregati yo‘lida suv otilib chiqishi hamon davom etmoqda / Foto: Kun.uz

Kun.uz muxbiri 22 iyun kuni To‘palang suv omboridagi voqealarga oydinlik kiritish maqsadida u yerda bo‘lib, mas’ullardan izoh olishga va hududdagi asl holat bilan tanishishga ruxsat so‘radi. Biroq mazkur hududda ayni paytda komissiya ish olib borayotganini ro‘kach qilib, kirishga ruxsat berilmadi.

Shundan so‘ng o‘sha yerda ishlaydiganlar va vaziyatdan yaxshi xabardor fuqarolar bilan suhbatlashib, holatga aniqlik kiritishga uringan Kun.uz muxbiriga ma’lum bo‘lishicha, bu – To‘palang suv ombori bilan bog‘liq birinchi favqulodda holat emas ekan. Masalan, 10 yilcha avval 20 kun ketma-ket yog‘gan yomg‘ir suv ombor sathini ko‘tarib yuborgan, omborga kelib quyilayotgan suv undan chiqarib yuborish mumkin bo‘lgan miqdordan ortgan. Suvning to‘g‘ondan oshib tushishi xavfi paydo bo‘lgan. Ma’lumot bergan shaxslar bu holatning yaxshilik bilan yakun topganini ta’kidlashgan.

Aytilishicha, bu oxirgi holat avvalgilarining oldida «arzimas» avariya deb talqin qilinmoqda.

«Hozir to‘g‘onga hech narsa xavf solmayapti. Shunchaki, suv omboridan To‘palang GESga kelayotgan suv yo‘lini yopisholmayapti emish, xolos. Suv omborning to‘g‘oni esa bus-butun, unga zarar yetmagan.

GES agregatlariga suv olib keluvchi 4 ta quvurning biridagi suv yo‘lini to‘suvchi temir darvozasi buzilgan. Voqea to‘g‘ondan tashqarida – 500 metr pastda bo‘lyapti», deya xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Voqea joyi xaritasi

Dastlabki kun tarqalgan videoda GES mashina zalini suv yaxshigina bosgani tasvirlangan. Suvsiz daryo o‘zani suvga to‘lgan. Toshqin suv yo‘lidagi bog‘lardan birining chetini ham o‘pirgan. To‘palang daryosiga shiddat bilan bostirib kelayotgan loyqa suv, oqib kelayotgan ildizidan qo‘porilgan daraxtlarni, suv ombor tomon yo‘nalgan ichki ishlar va qutqaruv xizmati xodimlarini ko‘rgan aholida qo‘rquv paydo bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan skrinshot

Hudud aholisi voqeani videoga olib, bir-biriga yuborib, ko‘ch-ko‘ronini, xonadonidagi mollarini tashlab, tog‘larga chiqib ketishgan. Ayrimlari poytaxtga qarab yo‘lga chiqishgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan skrinshot

Shundan so‘ng To‘palang GES direktori hamda viloyat hokimi chiqish qilib, vahimaga o‘rin yo‘qligini e’lon qildi. Bu chaqiriqlar vahimaga tushib qolgan ayrimlarni ortga qaytarolmagan bo‘lsa, ayrimlarga o‘z uyini tark etmasligi uchun kifoya bo‘lgan.

Shuningdek, Sariosiyo tumani markazida voqeadan 3-4 kun o‘tib hamki, oshxona va nonvoyxonalar, bolalar bog‘chalari ishlamagan.

Kun.uz muxbiri dastlabki kunda toqqa chiqib qochib ketib, uch kundan so‘ng qaytgan fuqarolarni suhbatga tortib, ularning xavf haqida rasman xabar berilmasdan turib uylaridan chiqib ketishlari sababi bilan qiziqdi. Ular rasman beriladigan ma’lumotlarga ishonch yo‘qligi tufayli shunday qilishganini aytishdi.

Suv omborda qanday avariya ro‘y bergan?

To‘palang GESda suv bosishiga qadar har biri 17 megavattli 2 ta agregat ishchi holatda bo‘lgan. Eski GESning boshqacha nomi GES-34 ham deyilarkan (ikkita 17 MW agregatga ega bo‘lgani uchun). Ayni paytda GESda modernizatsiya ishlari o‘tkazilib, har biri 72,5 MW bo‘lgan yana ikkita katta agregatlarni o‘rnatish bo‘yicha qurilish-montaj ishlari olib borilayotgan edi.

Rasmiylarga ko‘ra, 22 iyun kuni ertalab soat 8 larda suv omboridan To‘palang GESga suv olib keluvchi 4 ta quvurlardan birida – suv yo‘lini yopuvchi tiqin (zatvor)ning elektr mexanizmi ishdan chiqqan. 

Orqa fonda – GES agregati yo‘lida otilayotgan suv

GESlarni ishlatish uchun foydalaniladigan soniyasiga 110 kub metr suvga qo‘shimcha 40 kub metr suv qo‘shilgan. Suv GESning agregatlar o‘rnatilgan zaliga yopirilib kirgan. Boshqaruv binosini ham suv bosgan. 

Tiqinni mexanik zadvijka bilan amallab yopmoqchi bo‘lganda, bosim kuchidan zadvijkaning rezbasi yeyilib ketgan. Dastlabki kun avariya yuz bergan joydan suvning otilishi soniyasiga 40 metr kubgacha tushirilgan, o‘sha kuni kechga borib suv otilishi yana soniyasiga 10 metr kubgacha pasaytirilgan.

Ma’lum qilishlaricha, suv otilishi bugun (29 iyun) ham to‘xtamagan. Ayni vaqtda To‘palang GES avariya holatida va o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Suv otilib chiqishi to‘xtamaguncha u ishlamasa ham kerak.

29 iyun kuni olingan surat: GES agregati yo‘lida suv otilib chiqishi hamon davom etmoqda / Foto: Kun.uz

To‘palang daryosining quyi oqimida joylashgan har birining quvvati 75,6 MWdan bo‘lgan Zarchob-1 va Zarchob-2 kichik GESlari shtat rejimida ishlab turibdi. Ularga talafot yetmagan.

Bu orada Sariosiyo aeroportiga harbiy samolyot kelib qo‘nganining guvohi bo‘lgan Kun.uz muxbiriga «Toshkentdan komissiya kelgan», deb borib joyida o‘rganish, savollar berish, s’yomka qilishga izn berishmadi. Ikkinchi kuni esa yuqori tashkilotlardan ruxsat olishlari kerakligi aytilib, yana ortga surilib, yaqin kunlarda hududga press-tur uyushtirilishi haqida ma’lum qilishgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, «O‘zgidroenergo» AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov ham shu yerda bo‘lib, vaziyatni shaxsan o‘zi nazorat qilgan.

Voqeadan xabardor aholining aytishicha, otilib chiqayotgan suvni to‘xtatishning yagona yo‘li – suv omboridagi suv hajmini pasaytirib (uni daryoga tashlab), bosimni kamaytirish ekan. Buning uchun sig‘imi 500 mln kub metrli suv omborida jamg‘arilgan 378 mln kub metr suvning 100 mln kub metri chiqarib yuborilishi kerak emish.

Bu, albatta, dehqonchilikka ta’sir qilsa kerak. Balkim ta’sir qilmas, chunki To‘palangdaryoga tashlangan suv yo‘l-yo‘lakay Janubiy Surxon suv omborida yig‘iladi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, otilib turgan suv ayni paytda ham bartaraf etilmagan. Avariyaning kelib chiqish sabablari nimada ekani, Afg‘onistonda o‘sha kuni yuz bergan kuchli zilzilaning ta’siri bo‘lgan-bo‘lmagani, dastlabki soatlardagi suv bosishi oqibatida zararlangan GES mashina zali hozir qay ahvoldaligi, umuman, ishi to‘xtab qolgan GES qachondan ishlay boshlashi, To‘palang suv ombori sathi qay darajadaligi, suvning daryoga besamar tashlanishi vegetatsiya davrida dehqonchilikka qanday ta’sir qilishi kabi javobi barcha uchun qiziq savollar bor.

Kimdir chiqib shunday savollarga batafsil javob bersa bo‘lardi. Mas’ullarning «xavotirga o‘rin yo‘q»ligi haqidagi bayonotlari yetarli emasdek, nazarimizda.

Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist

Mavzuga oid