O‘zbekiston | 21:32 / 30.06.2022
53700
3 daqiqa o‘qiladi

Harbiy xizmatga chaqirilganidan 50 kun o‘tib vafot etgan askar voqeasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Marhum askarning otasi Rinat Sualetovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 27 iyun kuni holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslikda ifodalangan ehtiyotsizlik oqibatida inson o‘limiga sababchi bo‘lish) bilan shifokorlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.

Foto: Kun.uz

Marhum Ruslan Qidiraliyevning yaqinlariga bu haqda jinoyat ishini yuritayotgan tergovchi Qurbon Polvonnazirov xabar bergan. Holat bo‘yicha Qarshi harbiy prokuraturasi dastlabki tergovni boshlagan.

Sodir etilgan jinoyat ishi bo‘yicha tegishli ekspertizalar tayinlangan. Ekspertiza Respublika idoralari tomonidan o‘tkazilishi belgilangan. Ekspertiza chog‘ida Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasi nechog‘li to‘g‘ri ekaniga ham baho beriladi.

O‘zbekiston qonunchiligida dastlabki tergov muddati uch oy etib belgilangan. Biroq marhumning yaqinlariga aloqaga chiqqan tergovchi ish yurituvini 3 oygacha cho‘zish niyatida emas ekanliklari, ekspertiza natijalariga qarab jinoyat ishini imkon qadar tezroq sudga oshirish harakatida ekanini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasida 18 yashar askar Ruslan Qidiraliyevning o‘limiga “Yurakning surunkali ishemik kasalligi. Yurak gipertrofiyasi. Kardioskleroz. Aorta va yurak toj tomirlari aterosklerozi” sabab bo‘lgani, ekspertiza tekshiruvi jarayonida marhumda “o‘tkir yurak va qon-tomirlari yetishmovchiligi, bosh miya va o‘pka shishi” ko‘rinishidagi kasalliklar asoratlari aniqlangani qayd etilgan edi.

Biroq marhumning yaqinlari Kun.uz'ga bergan intervyusida ekspertiza xulosasiga ishonmayotganlarini aytishgan. Ularning fikricha, agar Ruslanda qandaydir surunkali kasallik bo‘lganida bu tibbiy ko‘riklar vaqtida aniqlangan va u harbiy xizmatga olinmagan bo‘lardi.

Bundan tashqari, Rinat Sauletovning aytishicha, marhum farzandining jasadida momataloq izlari bo‘lgani, biroq o‘lim haqidagi tibbiy guvohnomada marhumning tanasidagi ko‘karish va qizarish sabablari haqida lom-mim deyilmagan. Ota-onaning taxminicha, farzandlarining jasadidagi momataloq izlari aynan kaltaklashlardan qolgan va ular Ruslanning vafotiga shu narsa sabab bo‘lgan deb o‘ylashmoqda.

Kun.uz surishtiruvi davomida oddiy askar Ruslan Qidiraliyevning o‘limi bilan bog‘liq talay savollar ochiq qolayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid