«Bunday holatlarga murosasizmiz» - Behzod Musayev «massajchi» voqeasi haqida
Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev shifokorlar maxsus kiyimidagi shaxs kichik yoshdagi bolaga jismoniy og‘riq berib, uqalash muolajasi amalga oshirilayotgani aks etgan videolavha yuzasidan munosabat bildirdi. U ota-onalardan bunday shaxslarga farzandlarining taqdiri va salomatligini ishonib topshirmaslikni so‘ragan.
«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «uqalash muolajasi» bilan bog‘liq videolavha barchamizda e’tiroz va nafrat uyg‘otdi. Chunki ushbu xatti-harakatlar nafaqat tibbiyot, balki insoniylik tuyg‘ulariga ham yotdir.
Vazirlikning bu kabi holatlarga nisbatan pozitsiyasi aniq va qat’iy: biz inson hayoti va salomatligiga xavf soladigan, qadr-qimmati va sha’nini toptovchi har qanday xatti-harakatga murosasiz munosabatdamiz.
Shuning uchun ham mazkur masala yuzasidan o‘rganish natijalari va xulosalarimizni, xususan, uqalash muolajasini bajargan shaxsning tegishli ruxsatnoma, sertifikat, ijara shartnomasi, fizioterapiya yo‘nalishida diplom va malaka toifasiga ega bo‘lmay faoliyat yuritganiga doir faktlarni huquq-tartibot idoralariga taqdim etamiz. Ishonamizki, tez orada ushbu holat o‘z huquqiy bahosini oladi.
Shu o‘rinda, ota-onalardan tegishli litsenziya, ruxsatnoma va malakaga ega bo‘lmagan kimsalarga farzandlarining taqdiri va salomatligini ishonib topshirmasliklarini, agar bunday noqonuniy xatti-harakatlarga duch kelsa, darhol vazirlikning 71-241-10-67 yoki 71-241-82-40 telefon raqamlariga murojaat qilishlarini so‘raymiz», degan vazir.
Avvalroq internetda shifokorlar maxsus kiyimidagi shaxs kichik yoshdagi bolaga jismoniy og‘riq berib, uqalash muolajasi amalga oshirilayotgani aks etgan videolavha tarqalgandi.
SSV uning fizioterapiya yo‘nalishida diplom va malaka toifasiga ega emasligi aniqlanganini ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid
15:48 / 10.12.2024
Tailandda ikki kishi massajdan keyin vafot etdi
16:28 / 23.09.2024
Behzod Musayev yangi lavozimga o‘tkazildi
16:19 / 23.09.2024
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘zgardi
15:10 / 17.09.2024