Sovetlar yashirgan halokat: Boyqo‘ng‘irda qit’alararo ballistik raketa nega portlab ketgandi?
1960 yilda Boyqo‘ng‘ir kosmodromida R-16 qit’alararo ballistik raketasi sinov parvoziga sanoqli minutlar qolganda portlab ketadi. Oqibatda, 100 dan oshiq odam halok bo‘ladi. Ushbu hodisa sovetlar tomonidan qariyb 30 yil ommadan yashiriladi va SSSR parchalanib ketishi arafasida oshkor qilinadi.
Dunyoda turli qurollar va uzoq masofalarga ucha oladigan raketalar sinovlarida ko‘plab muvaffaqiyatsizliklar sodir bo‘lgan. Ular orasida 1960 yilda Boyqo‘ng‘ir kosmodromida portlab ketgan R-16 qit’alararo ballistik raketasi halokati ham bor.
Aksariyat muvaffaqiyatsiz amalga oshgan sinovlarda texnik muammolar tufayli raketalar belgilangan manzilga yetib bormasdan boshqa joylarga tushgan. Yoki havoga ko‘tarilganda portlab ketgan. Boyqo‘ng‘irda sodir bo‘lgan hodisada raketa hali parvoz qilmasdan, startga yarim soat qolganda portlab ketgan. Oqibatda 100 dan oshiq odam halok bo‘lgan hamda yana ko‘plab insonlar tan jarohatlari olgan.
Qurollanish poygasi
Ikkinchi jahon urushigacha dunyoning katta qismi Buyuk Britaniya qo‘l ostida mustamlaka edi va bu davlat gegemon sanalardi. Urushdan keyin geosiyosiy vaziyat keskin o‘zgaradi. Gitler Germaniyasini yengishda asosiy rol o‘ynagan SSSR va Yaponiyani yenggan AQSh dunyo gegemonligi uchun raqobat qila boshlaydi.
Bu ikki davlat orasidagi raqobat ayniqsa yangi turdagi turli qurol-yarog‘lar, harbiy texnikalarni ishlab chiqarishda va kosmosni o‘zlashtirishda avj oladi.
1950-yillarda geosiyosiy vaziyat bo‘yicha ustunlik AQShda edi. G‘arbiy Yevropadagi aksar davlatlarda, Turkiyada, Yaponiya va Janubiy Koreyada Amerikaning harbiy bazalari bo‘lib, ularda ko‘p miqdorda harbiy texnikalar hamda askarlar joylashtirilgandi.
SSSR esa bu masalada maqtana olmas, G‘arbiy yarimsharda Kubadan boshqa ittifoqchisi yo‘q edi. O‘sha paytda Kubada hali sovet raketalari joylashtirilmagan, keyinchalik 1962 yilda bunga urinish ham muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.
Ana shunday sharoitda sovetlar SSSRdan uchirilganda AQSh hududiga yetib boradigan, uzoq masofalarga ucha oluvchi qit’alararo ballistik raketalarning sinovini o‘tkaza boshlashadi. 1960 yil Boyqo‘ng‘ir kosmodromida muvaffaqiyatsizlik bilan tugagan sinov ham ana o‘shalardan biri edi.
Hodisa tafsilotlari
1960 yil 24 oktyabr kuni Boyqo‘ng‘ir kosmodromida R-16 qit’alararo ballistik raketaning sinov parvozi amalga oshirilishi kerak edi. O‘sha kuni raketaning ayrim qismlarida nosozlik yuzaga kelgani aniqlanadi.
Ammo Moskvaga parvoz vaqti haqida hisobot berilgan, uni ortga surishning iloji yo‘q edi. Shu sababli texnik xodimlarga zudlik bilan nosozliklarni bartaraf etish topshirig‘i beriladi. Parvozga bir soat qolganda ham texnik xodimlar nosozliklarni bartaraf etish ustida ishlayotgan edi.
O‘sha kuni soat 18:45 da 30 minutlik so‘nggi tayyorgarlik e’lon qilinadi. Texnik xodimlar bu paytda raketaning quvvat taqsimlash uskunalarini sozlayotgandi. Shu paytda siklogramma orqali o‘tayotgan quvvat manbai uzilmagani uchun raketa parvoz qilgandan so‘ng ikkinchi bosqichda ishga tushishi lozim bo‘lgan dvigatel ishlab ketadi.
Dvigateldan chiqqan olov parvozning birinchi bosqichida raketani samoga olib chiqilishi lozim bo‘lgan oksidlovchi modda solingan idishlar va yoqilg‘i baklarining portlashiga sabab bo‘ladi.
Portlash tufayli yuzaga kelgan olovli to‘lqin va raketa dvigatelidan chiqayotgan kuchli olov atrofdagi barcha qurilmalarni va unda sozlash ishlarini olib borayotgan odamlarning olov ichida qolib ketishiga sabab bo‘ladi.
Raketa portlaganda odamlarning bir qismi o‘sha zahoti halok bo‘ladi. Boshqalar esa ustki kiyimlari yonayotgan holda har tomonga qarab qocha boshlaydi. Kuchli olovni jilovlashning mutlaqo iloji yo‘q edi. Ikki soatda raketa, uning atrofidagi qurilmalar va qochishga ulgurmagan odamlarning barchasi yonib ketadi.
Talafotlar
Olov tafti pasaygandan so‘ng qutqaruv ishlari boshlanadi. Ammo parvoz maydonchasi va unga tutash hududlarda qutqaradigan hech kim va hech narsa qolmagandi.
Keyinchalik, hodisa oqibatida 126 nafar odam halok bo‘lgani, yana ko‘plab odamlar turli darajada kuyish jarohatlarini olgani ma’lum bo‘ladi. Halok bo‘lganlarning jasadlari kuchli olov tufayli yonib ketgani uchun ular bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga qo‘shiladi.
Halok bo‘lganlar orasida oddiy texnik xodimlardan tashqari yuqori lavozimli harbiy injyenerlar va yana bir qator taniqli konstruktorlar bor edi.
Jumladan, SSSR Raketa qo‘shinlari bosh qo‘mondoni, artilleriya marshali M.Nedelin, SSSR Ministrlar soveti qoshidagi mudofaa texnikalari bo‘yicha qo‘mita boshlig‘i L.Grishin, Boyqo‘ng‘ir poligoni boshlig‘i o‘rinbosari va yana ko‘plab harbiy konstruktorlar halok bo‘ladi.
Hodisa sodir bo‘lgandan sanoqli soatlar o‘tib, Kremlga, SSSR rahbari Nikita Xrushevga telefonogramma jo‘natiladi.
Unda, 24 oktyabr kuni soat 18:45 da startga yarim soat qolganda parvoz maydonchasida yoqilg‘i bakining portlashi oqibatida yong‘in sodir bo‘lgani, hodisa joyiga zudlik bilan tajribali tez tibbiy yordam bo‘linmalarini jo‘natish so‘ralgandi.
24 oktyabrdan 25 oktyabrga o‘tar tunda Boyqo‘ng‘irga Moskva, Leningrad va Rostov shaharlaridan malakali shifokorlar guruhlari yetib keladi. Ular kuchli olov va azot kislotasi tufayli kuyish jarohatini olganlarni muolaja qila boshlashadi.
Og‘ir ahvolda bo‘lgan 14 kishini teri ko‘chirish operatsiyalarini amalga oshirish uchun zudlik bilan Moskvaga jo‘natib yuborishadi.
Hodisa yuzasidan surishtiruvlar
Halokat sodir bo‘lganidan bir kun o‘tib Boyqo‘ng‘irga SSSR oliy soveti prezidiumi raisi Leonid Brejnev (keyinchalik SSSO rahbari bo‘lgan) boshchiligidagi maxsus komissiya keladi. Komissiya tarkibida SSSR mudofaa vaziri o‘rinbosari Dmitriy Ustinov, ministrlar soveti qoshidagi mudofaa texnikalari qo‘mitasi raisi, Radioelektronika qo‘mitasi raisi va yana boshqa ko‘plab yuqori lavozimli shaxslar bor edi.
Boyqo‘ng‘irda o‘tkazilgan ilk yig‘ilishida Brejnev hodisa yuzasidan hech kim jazolanmasligini aytadi. Oradan bir necha kun o‘tib maxsus komissiya hodisa yuzasidan o‘z xulosalarini e’lon qiladi. Unda halokatga texnika xavfsizligi qoidalarining qo‘pol tarzda buzilishi sabab bo‘lgani aytiladi.
Jumladan:
- Sinov parvozidan bir kun avval parvozning ikkinchi bosqichida ishlatilishi lozim bo‘lgan yoqilg‘i baklarini ajratib turuvchi yupqa to‘siqlarning (membrana) yorilishi;
- Texnik xodimlar parvoz belgilangan vaqtga ulgurish uchun raketa bortidagi ampula batareyasining muddatidan oldin ulangani; (Ko‘rsatmalarga ko‘ra, bortdagi ampulali batareyalar barcha tekshiruvlardan so‘ng, to‘g‘ridan to‘g‘ri ishga tushirish jarayonida ulanishi kerak edi)
- Parvozdan yarim soat oldin boshqaruv tizimlarining dasturiy mexanizmlarini, xususan, quvvat taqsimlash uskunalarini sozlashda xatolikka yo‘l qo‘yilgani halokatga sabab bo‘lgan deb topiladi.
Keyingi sinovlar
Hodisadan bir necha kun o‘tib, Ukrainadagi zavodga ikkinchi raketani zudlik bilan tayyorlab jo‘natish talabi qo‘yiladi. 1960 yil 28 dekabr kuni zavod ikkinchi raketani poyezd bilan jo‘natib yuboradi.
1961 yil 2 fevral kuni Boyqo‘ng‘irdagi parvoz maydonchasidan ikkinchi raketa uchiriladi va parvoz muvaffaqiyatli amalga oshiriladi.
Ikkinchi sinov parvozi vaqtida:
- Xavfsizlik choralari kuchaytiriladi;
- Avtomatik yong‘inni o‘chirish tizimi joriy etiladi;
- Qo‘lda bajariladigan ishlar soni minimal darajada kamaytiriladi;
- Raketani uchirishdan oldin tayyorgarlik ko‘rish va uchirish tartibi o‘zgartiriladi;
- Bir qator operatsiyalarni birlashtirish va kengaytirish hisobiga parvoz maydonchasidagi operatorlar va nazoratchilar soni qisqartiriladi.
Raketaga yoqilg‘i quyish boshlanishi bilan maxsus rejim o‘rnatiladi. Parvozga tayyorgarlik ko‘rayotgan barcha xodimlar yong‘inga chidamli maxsus kiyim kiyishadi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida yoqilg‘i quyish vaqtida va undan keyin parvozdan oldin raketa atrofida yigirma nafar atrofida odam qoldiriladi.
Parvozga yarim soat qolganda raketa atrofida barcha odamlar parvoz maydonchasidan uzoqroqqa olib ketiladi.
Ikkinchi raketaning yuqori qismi Kamchatka o‘rniga Krasnoyarsk o‘lkasiga tushgan bo‘lsa-da, parvoz muvaffaqiyatli o‘tdi deb xulosa qilinadi.
1961 yil 3 mart kuni uchinchi raketaning sinov parvozi o‘tkaziladi va u muvaffaqiyatsiz chiqadi. Ammo bu safar xavfsizlik choralari ko‘rilgani uchun hech kim halok bo‘lmaydi va jarohatlanmaydi.
Shundan so‘ng R-16 raketasini yanada mukammal ko‘rinishga keltirish ustida ishlanadi. Faqat 1962 yil avgust oyidan boshlab ushbu raketa normal ucha boshlaydi. 1962 yil 20 oktyabrda hukumat qarori bilan R-16 qit’alararo ballistik raketasi foydalanishga topshiriladi. 1965 yilga kelib R-16 raketalariga atom bombalari o‘rnatilib, 186 ta o‘t ochish qurilmalariga joylashtiriladi.
Hodisaning yashirilishi
O‘sha paytda xalqaro maydonda AQSh bilan har tomonlama raqobat olib borayotganda sovetlar Boyqo‘ng‘irda sodir bo‘lgan halokatni ommadan yashirishadi.
1960 yil 26 oktyabr kuni Izvestiya gazetasida ta’ziya bildirilgan kichik xabar e’lon qilinadi.
Unda, o‘z xizmat vazifasini bajarayotib aviahalokat tufayli halok bo‘lgan Strategik ahamiyatdagi raketa qo‘shinlari qo‘mondoni, Artilleriya bosh marshali M.Nedelinning oila a’zolariga KPSS markaziy qo‘mitasi va SSSR ministrlar soveti nomidan ta’ziya bildirilgandi.
Hodisada halok bo‘lgan boshqalar haqida hech qayerda xabar berilmaydi. Halok bo‘lganlarning jasadlari SSSRning turli shaharlarida dafn etiladi.
Garchi, hodisa SSSRda ommadan yashirilgan bo‘lsa-da, xorij ommaviy axborot vositalari u haqda xabar topishadi va e’lon qilishadi.
Jumladan, Italiyaning Continentale axborot agentligi, Buyuk Britaniyaning The Guardian nashri SSSRda qit’alararo ballistik raketa sinov parvozi vaqtida portlab ketgani va bir qancha yuqori lavozimli harbiylar bilan birga yuz nafardan oshiq odam halok bo‘lgani haqida xabar tarqatishadi.
SSSRda ilk bor, oradan 29 yil o‘tib, 1989 yilda hodisa haqida Ogonyok jurnalida ocherk e’lon qilinadi va shu tariqa odamlar 1960 yilda sodir bo‘lgan halokat haqida xabar topishadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
19:55 / 23.12.2024
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
14:59 / 15.12.2024
KGBni dog‘da qoldirgan ayol – Stalinning qizi nega AQShga qochib ketgandi?
23:23 / 10.12.2024
AQSh birinchi marta ballistik raketani muvaffaqiyatli tutib qoldi
14:37 / 08.12.2024