Iqtisodiyot | 20:31 / 11.07.2022
58400
10 daqiqa o‘qiladi

Naqd pulga talab oshishi fonida banklardan biri bankomatdan pul yechish komissiyasini oshirdi

O‘zbekistondagi banklardan biri o‘z bankomatlaridan birida 1 million so‘mdan ortiq naqd pul yechganlik uchun komissiya miqdorini 1 foizdan 3 foizgacha oshirdi. Tajriba tariqasida tanlangan usul iqtisodchilar o‘rtasida muhokamaga sabab bo‘ldi. Holatga Markaziy bank munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi banklardan biri tajriba tariqasida bankomatlar orqali yirik miqdorda naqd pul yechish uchun 1,5 foizdan 3 foizgacha komissiya o‘rnatayotgani haqida xabar tarqaldi.

Bunda mazkur bankka qarashli bankomatlarda bir milliongacha naqd pul yechish uchun komissiya hozirgi kabi 1 foizni tashkil qiladi, summa kattalashgan sari komissiya foizlari ham oshib boraveradi.

Markaziy bank axborot xizmatining Kun.uz'ga izoh berishicha, qonunchilik nuqtayi nazaridan banklar pulni naqdlashtirish foizini o‘zlari mustaqil belgilaydi. Komissiya to‘lovining oshirilayotgani holati yuzasidan esa qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytildi.

Bitta bankda tajriba tariqasida sinab ko‘rilayotgani aytilgan bu yangilik internetda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

“Iste’molchilar uchun ham, banklar uchun ham manfaatli”

Naqdlashtirilgan pul miqdoriga qarab komission foizni ko‘tarib borishni yoqlayotganlar shu orqali poytaxtdan boshqa hududlarda bankomatlar bo‘shab qolaverishi muammosiga yechim topish mumkin deb hisoblamoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi bir necha oy ichida O‘zbekistonda naqd pulga talab sezilarli oshib ketgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, bunday chora talab va taklifni muvozanatlash uchun kerak.

“Asosan tashqi sabablar tufayli naqd pulga bo‘lgan talabning ortishi bankomatlar oldida uzun navbatlarni yaratmoqda. Banklar sutkasiga bir necha bor bankomatlarni to‘ldirayotgani yoki bu bo‘yicha regulyatorning ma’muriy nazorat tekshiruvlari o‘rnatilganiga qaramay, baribir muammo vaqti-vaqti bilan kun tartibiga chiqib qolmoqda.

Ko‘p guvoh bo‘layotganimizdek, odatda “barygalar” (tijoriy maqsadlarda naqd puldan foydalanuvchilar) katta miqdordagi naqdlikni yechib ketishadi, pensioner/ budjetniklarga esa naqd pul qolmaydi. Ya’ni naqd pulga nisbatan iste’mol xaridi uchun talabgorlarning talabi qondirilmay qoladi. Bankomatlardan chiqimlarning tarkibini ko‘rib, tahlil qilayotgan banklar bunga o‘zlari ishonch hosil qilishi mumkin. Bankomatga joylashtirilgan hajmi bo‘yicha 75-90 foiz naqdlikning yechilishi soni bo‘yicha 15-20 foiz tranzaksiya hissasiga to‘g‘ri keladi (hududlar va lokatsiyaga qarab).

Tabiiyki, bozor va biznes qoidalariga ko‘ra, talab va taklifni muvozanalash uchun katta miqdorda naqdlik yechish uchun yuqoriroq komissiyalar o‘rnatilishi iste’molchilar uchun ham, banklar uchun manfaatli qadam bo‘ladi. Jarayonning bunday yo‘lga qo‘yilishi naqd pulning tranzaksion tannarxi/xarajatlari va naqdlikka talab ancha baland bo‘lgan uzoq va chekka tumanlarda ayniqsa muhim”, deydi Bakirov.

Muhokamalarda tarmoq foydalanuvchilari bankomatlar oldidagi navbatlar haqida yozmoqda.

“Oqlayman va duo qilaman. Boshimdan o‘tgan. Bankomatda navbat katta. Bir opa xotirjam 35 mlnni bo‘lib-bo‘lib yechyapti. [Navbatda] orqadagilarning aksari – pensionerlar. “Opa, qolganlargayam pul yetsin” desam, shu qadar o‘qrayib qaragandiki...” – deya yozadi Begali ismli foydalanuvchi.

“O‘z pulingni tuya qilishlari – talonchilikdir”

Davletovuz Telegram-kanali muallifi Qobil Xidirov naqd pul yechib olish uchun komissiya to‘lovlarining oshirilishini “ochiqdan ochiq talonchilik” deb baholadi.

“Bir guruh bank va bankirlarga yaqin kanallarda bankomatlarda pul yechishda (ya’ni o‘z pulingizni yechishda) komissiya to‘lovi 3 foizgacha eksperiment tariqasida oshirilgani va buning to‘g‘ri ekanligi haqida postlar yozilmoqda. Go‘yoki 1 mlngacha 1 foiz, qolganiga oshirilgan komissiya qo‘llanar emish. “Bariga”, bankomatlar ishlamasligi, naqd pul yo‘qligi – plastik karta egalarining muammosi emas. Bu bank tizimi rahbariyatining no‘noqligi muammosidir balki.

Bu – ochiqdan ochiq xalqni talashga intilish, noto‘g‘ri amaliyotni yana noto‘g‘ri amaliyot bilan haspo‘shlashga urinishdan boshqa narsa emas. Go‘yoki O‘zbekiston banklari bozor munosabatlariga o‘tgan-u, hozir ma’muriy cheklovlardan qiynalib qolishyapti. Muammoni boshqa muammo bilan, xalqqa og‘irroq qilish bilan yechim izlamang”, deydi bloger.

Uning fikrlariga iqtisodchi Shuhrat Qurbonov qo‘shilishini bildirdi.

“Men shunday deyishim qanchalik g‘alati tuyulmasin, Davletovuz'ning fikrlariga qo‘shilaman. Buni mening shaxsiy pozitsiyam deb tushuning: summaga bog‘lab qo‘yilgan komissiya (ya’ni qancha ko‘p pul yechsang, foiz shuncha yuqori bo‘ladi) – bu nonsens.

Birinchidan, ko‘proq pul yechayotganlar shundog‘am ko‘proq to‘lashyapti (1 mln va 10 mln so‘mning 1 foizi – har xil summalar).

Ikkinchidan, odamlar bu oshirilgan komissiyani aylanib o‘tishning 101 xil yo‘lini topishadi. Bir nechta kartani kiritishadi va pulni bir kartadan boshqasiga o‘tkazishadi (ma’lumki, bepul o‘tkazmalar ham bor), bank kassasiga bora boshlashadi, turlicha banklarning bankomatlaridan foydalanishadi.

Yakunda hammasi o‘sha latifadagidek bo‘ladi – hammasi o‘sha-o‘sha, faqat byurokratiya qo‘shiladi”, – dedi Qurbonov.

“Komissiyani oshirish birorta ham muammoni yechmaydi”

Shuhrat Qurbonov muammoning oqibati bilan emas, sabablari bilan kurashishga chaqirdi. Boshqa bir iqtisodchi Mirkomil Xolboyev ham shunday fikrda.

“Kattaroq miqdorda naqd pul olish uchun komissiyani oshirish, to‘g‘ri, naqd pulga bo‘lgan talabni biroz pasaytirilishi mumkin (lekin bu sezilmas darajada bo‘ladi, nazarimda). Ammo komissiyani oshirish iqtisodiyotimizdagi karta bilan bog‘liq muammolarning birontasini yechmaydi. Balki bozorlarda naqd pulning maxsus statusini yanada oshirishi mumkin. Ya’ni naqd va naqdsiz amaliyot uchun narxlarda farqlar yana paydo bo‘lishi mumkin (agar qaysidir hudud yoki mahsulotda bu farq hozirgacha ham mavjud bo‘lsa, unda bu farq yiriklashadi).

Menimcha, ko‘proq naqd pul yechganlik uchun komissiyani oshirish na bankomatlardagi navbatlarga jiddiy ta’sir qiladi (albatta, foiz juda yirik bo‘lmasa) va na boshqa fundamental muammoni yechadi (balki qandaydir muammolarni paydo qilib qo‘yishi mumkin). Agar bankomatda naqd pulga navbat ko‘p bo‘lsa, demak, naqd pulga talab paydo bo‘lish sabablari chuqurroq o‘rganilishi kerak”, – deya yozdi Mirkomil Xolboyev.

Tadbirkor Firuz Allayev ham “kosmentik remont” bilan ish bitmasligini ta’kidladi.

“Naqd pul muammosini yechish uchun quyidagi savollarni berish kerak: Nima uchun naqd pulga nisbatan talab oshib ketdi? Agar talab oshmagan bo‘lsa, nima uchun banklarda naqd pul yetishmayapti?. Mana shu ikki savol atrofida chuqur va xolis izlanish lozim va muammoning ildizini yoki ildizlarini topish kerak.

Boshqachasiga kosmetik remont bilan muammoni vaqtinchalik yashirishga erishamiz, xolos”, deya munosabat bildirdi Allayev.

Markaziy bank: “Erkin bozor sharoitida bu o‘zini oqlamaydi”

Markaziy bankning ma’lum qilishicha, pulni naqdlashtirishdagi oshirilgan komissiya muayyan bir bankning barcha bankomatlarida emas, faqat bitta bankomatda sinovdan o‘tkazilmoqda. Regulyator erkin bozor sharoitida bu o‘zini oqlamasligini bildirdi.

“Birinchi navbatda, bayram kunlari munosabati bilan respublika hududidagi 9500 dan ortiq bankomatlarning uzluksiz ishlashi va yetarli miqdorda naqd pullar bilan ta’minlash choralari ko‘rilgan.

Bankomatlardan naqd pul yechish uchun komissiya to‘lovlari tijorat banklari tomonidan bankomatga xizmat ko‘rsatish xarajatlaridan kelib chiqib mustaqil belgilanadi va bugungi kunda 1 foizdan oshmaydi.

Ayrim tijorat banki tomonidan alohida bir bankomatda eksperiment tariqasida tabaqalashgan yuqori komissiya to‘lovi o‘rnatilgan bo‘lsa, erkin bozor sharoitida bu o‘zini oqlamaydi. Zero, boshqa bankomatlarda komissiya to‘lovi 1 foiz yoki undan past qilib belgilanganligi sababli iste’molchilar arzon xizmatidan foydalanishni afzal ko‘radi.

Hurmatli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, Sizdan ma’lumotlarni tarqatishda ularning haqiqiyligini hamda tizimdagi xizmatlar ko‘lamiga ta’sirini inobatga olishingizni so‘raymiz”, – deyiladi O‘zbekiston Markaziy banki munosabatida.

Toshkentdan tashqarida naqdsiz to‘lovlar muammoligicha qolmoqda

Umuman olganda, bankomatdan 1 mlndan ortiq naqd pulni faqatgina biznez vakillari yechib olishmaydi. Deyarli barcha viloyatlarda o‘qituvchilardan tortib pensionerlargacha o‘z daromadini naqd pul qilib olishadi, chunki terminal hamma joyda ham ishlamaydi.

Hududlardagi savdo shoxobchalari va xizmat ko‘rsatish markazlarini to‘liq terminal bilan ishlashga o‘tkazish, elektron to‘lovlar ulushini oshirish masalasi hamon dolzarbligicha qolmoqda.

Aprel oyida imzolangan prezident qaroriga muvofiq, shu yil 1 oktyabrgacha xorijdan 1800ta bankomat olib kelinadi va ular hududlarga, xususan olis tumanlarga o‘rnatilishi kerak.

Bugun tarmoqlarda masala yechimi sifatida yirikroq nominaldagi banknotlarni muomalaga kiritish haqida ham yozildi. Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 200 ming so‘mlik kupyurani 2024 yilga borib muomalaga chiqarishni rejalashtirgan.

Mavzuga oid