Iqtisodiyot | 21:13 / 12.07.2022
11958
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident huzurida BAA bilan hamkorlikdagi energetika loyihalari ko‘rib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 iyul kuni Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda energetika sohasida amalga oshirilayotgan yirik loyihalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Rasmiy relizga ko‘ra, 2022 yil boshidan buyon O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi savdo hajmi 2 barobar ko‘paygan; 45 ta yangi qo‘shma korxona tashkil etilgan. Hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlaridan – biri energetika.

O‘tgan yili Navoiy viloyatida O‘zbekistondagi birinchi quyosh elektr stansiyasi aynan BAAning “Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan edi. Bugungi kunda u bir kecha-kunduzda 1 million 180 ming kilovatt soat elektr energiyasi yetkazib bermoqda.

Bu sohada yana 5 ta yirik loyihani amalga oshirish kelishilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarni tashkil etadi. Xususan, “Mubadala” va “Taqa” kompaniyalari bilan hamkorlikda Talimarjon issiqlik elektr stansiyasini xususiylashtirish va quvvatini oshirish, “Masdar” kompaniyasi bilan Navoiy viloyatida shamol, Surxondaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida quyosh elektr stansiyalarini qurish mo‘ljallangan.

Mutasaddilar loyihalarning hozirgi holati va yil yakunigacha mo‘ljallangan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.

Talimarjon issiqlik elektr stansiyasini xususiylashtirish haqida so‘z borar ekan, prezident bu loyiha IESlarni boshqarish va energiya ishlab chiqarishda namunaviy bo‘lishi kerakligini aytdi.

“Masdar” kompaniyasi bilan qayta tiklanuvchi energetika sohasida amalga oshiriladigan loyihalar 2030 yilgacha mamlakatda “yashil energetika” ulushini 25 foizga yetkazishda muhim qadam bo‘ladi. Shu bois, loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha zarur bitim va hujjatlar imzolashni tezlashtirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid