Sport | 21:46 / 13.07.2022
23500
2 daqiqa o‘qiladi

«120ta somsa yemaguningcha, hech kim gap ham boshlamaydi». «Torpedo» prezidenti Hojimat Erkinovni qanday ko‘ndirganini aytdi

Foto: Torpedo

Rossiyaning «Torpedo» klubi prezidenti Denis Maslov o‘zbekistonlik yosh futbolchi Hojimat Erkinovni RPLning debyutanti safiga o‘tishga qanday ko‘ndirgani haqida gapirdi.

– Nega aynan Hojimat Erkinov bilan shartnoma tuzishga qaror qildingiz?
– U hujumkor insayd. Unda yaxshi tezlik bor – bizda bunday o‘yinchi yo‘q, Rossiya Premer-ligasida ham juda kam topiladi. Yigitcha ajoyib dribling sohibi, jarima maydoniga yorib kirishdan qo‘rqmaydi. Qanotlardan biriga Sultonov, yana biriga esa Erkinovni qo‘ymoqchimiz. Biz unga juda ishonayapmiz. Shuning uchun ham bu transfer uchun Maksim Lyapin (klub sport direktori – Tribuna.uz) bilan birga O‘zbekistonga borib, muzokara o‘tkazdik. Uch kun o‘sha yerda bo‘ldik.

– Nega uch kun?
– Chunki, sharq – nozik masala. Toki 120ta somsa yemaguningcha, hech kim gap ham boshlamaydi (kuladi).

– Erkinov aynan jamoangizni tanlashiga qanday ko‘ndirdingiz? Unga da’vogarlar kam emasdi har holda...
- Hammasini aytib berdim-ku (kuladi). Biz futbolchilarni jamoamizga birinchi marta taklif etayotganimiz yo‘q, qanday ko‘ndirishni bilamiz. Qolaversa, Shomurodov bu borada o‘rnak bo‘la oladi», - deydi «Torpedo» prezidenti Denis Maslov Rossiyaning «Chempionat.com» sayti bilan intervyuda.

Eslatib o‘tamiz, Hojimat Erkinov o‘tgan hafta «Paxtakor» bilan xayrlashib, Moskva klubiga o‘tganini e’lon qilgandi.

Mavzuga oid