O‘zbekiston | 07:38 / 14.07.2022
20510
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xonandalar va musiqa jamoalariga soliq solish tizimi o‘zgarmoqda

Prezident “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslardan davlat bojini undirish hamda ularni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi ijrochilar reyting guruhlari soni amaldagi 6 tadan 3 taga qisqartiriladi. Bunda, aholiga konsert-tomosha xizmatlarini ko‘rsatish huquqi ijrochilar reyting guruhlari orasida quyidagicha taqsimlanadi:

a) I reyting guruhi ijrochilariga:

  • respublika hududida va uning tashqarisida yakkaxon konsert tashkil etish;
  • II va III reyting guruhlari ijrochilari uchun nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish;

b) II reyting guruhi ijrochilariga:

  • bitta janr ikki va undan ko‘p ijrochilari ishtirokidagi konsert-tomosha dasturida, turli janrlar yo‘nalishlari bir nechta ijrochilari ishtirokidagi konsert-tomosha dasturida qatnashish;
  • ommaviy axborot vositalarida qo‘shiqlar va videokliplarni taqdim etish;
  • III reyting guruhi ijrochisi uchun nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish;

v) III reyting guruhi ijrochilariga:

  • to‘y, yubiley hamda boshqa marosim va tantanalarda, jumladan, to‘yxona, restoran, hordiq chiqarish tashkilotlari (klub, diskoteka, bar va qahvaxona) va xususiy uylarda konsert-tomosha xizmatlarini ko‘rsatish;
  • sozanda va raqqos(a)lar tomonidan bitta janr ikki va undan ko‘p ijrochilari ishtirokidagi konsert-tomosha dasturlarini tashkil etish va ularda qatnashish.

Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish litsenziyasi uchun davlat bojini undirish bo‘yicha shunday tartib joriy etiladiki, unga ko‘ra 2022 yil 1 sentabrdan boshlab:

a) davlat boji stavkalari pasaytiriladi va quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

  • I reyting guruhi uchun bazaviy hisoblash miqdori 20 baravari miqdorida;
  • II reyting guruhi uchun bazaviy hisoblash miqdori 10 baravari miqdorida;
  • III reyting guruhi uchun bazaviy hisoblash miqdori 3 baravari miqdorida;
  • b) quyidagi san’atkorlar davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi:
  • yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • ta’lim muassasalarida o‘qiydigan talabalar – o‘qish muddati davomida;
  • v) yuridik shaxs tashkil etgan ijodiy jamoalardan davlat boji yagona litsenziya bo‘yicha undiriladi. Bunda:
  • litsenziyada ijodiy jamoa a’zolari to‘liq ko‘rsatiladi va ulardan litsenziya uchun davlat boji qo‘shimcha ravishda undirilmaydi, ijodiy jamoa a’zosi mustaqil ijrochi sifatida ijod qilgan hollar bundan mustasno;
  • ijodiy jamoa uning barcha a’zolari davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan shaxslardan tarkib topgan taqdirdagina davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

Madaniyat vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining quyidagi takliflariga rozilik berildi:

  • konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarga daromad solig‘ini deklaratsiya asosida yoki qat’iy belgilangan miqdorda to‘lash huquqini berish;
  • 2024 yil 1 yanvardan boshlab xonandalardan, 2026 yil 1 yanvardan boshlab qolgan ijrochilardan daromad solig‘ini faqat deklaratsiya asosida undirish.

Belgilab qo‘yilishicha:

a) deklaratsiya asosida yoki qat’iy belgilangan miqdorda daromad solig‘ini to‘lash huquqi xonandalarga 2024 yil 1 yanvarga qadar, konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi boshqa jismoniy shaxslarga 2026 yil 1 yanvarga qadar beriladi;

b) deklaratsiya asosida soliq to‘lashni tanlagan ijrochilar uchun:

  • yillik umumiy daromad 30 foizi miqdoridagi xarajatlar tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmagan holda chegiriladi;
  • tasdiqlangan xarajatlar summasi umumiy daromad 30 foizidan oshgan taqdirda qo‘shimcha ravishda ushbu daromad 10 foizi miqdori chegiriladi;
  • litsenziya olish uchun undirilgan davlat boji va ijtimoiy soliq summalari xarajat sifatida qayd etiladi hamda daromadlar tarkibidan chegiriladi;

v) qat’iy belgilangan miqdordagi soliq to‘lashni tanlagan ijrochilardan daromad solig‘i bir yilda bir marta quyidagi miqdorlarda undiriladi:

  • I reyting guruhi ijrochilaridan 2,7 million so‘m miqdorida;
  • II reyting guruhi ijrochilaridan 1,8 million so‘m miqdorida;
  • III reyting guruhi ijrochilaridan 1,0 million so‘m miqdorida.

Shunday tartib joriy etiladiki, unga ko‘ra:

  • 2024 yil 1 yanvarga qadar III reyting guruhi ijrochilari qat’iy belgilangan miqdordagi soliq to‘lashdan ozod etiladi;
  • 2025 yil 1 yanvarga qadar konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar mehnat shartnomasi asosida band bo‘lmagan taqdirda, ulardan konsert-tomosha faoliyati bo‘yicha ijtimoiy soliq bir yilda bazaviy hisoblash miqdori bir baravari miqdorida undiriladi;
  • konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatishdan olgan daromadlaridan, ular tomonidan tanlangan soliq rejimidan qat’i nazar, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq to‘lov manbaida ushlab qolinadi;
  • yuridik shaxs tashkil etgan holda konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi ijodiy jamoalar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni yuridik shaxslar uchun o‘rnatilgan tartibda to‘laydi.

Mavzuga oid