O‘zbekiston | 14:45 / 15.07.2022
32178
6 daqiqa o‘qiladi

“Qizil” va “yashil” yo‘lak – postlardagi tirbandlik va asabbuzarlikning yangi manbayi

Hukumat qarori bilan YPX statsionar postlarida «yashil» va «qizil» yo‘lak tamoyili asosida harakatlanish tartibi joriy etildi. Endi jarimasini vaqtida to‘lamagan, sug‘urta va texnik ko‘rikdan vaqtida o‘tmagan avtomobillar postlarda ushlab qolinadi. Birinchi bo‘lib Qamchiq dovonida joriy etilgan tartib haydovchi va yo‘lovchilarni chorasiz qoldirmoqda.

Foto: Kun.uz

Bildirilishicha, avtomobilning davlat raqam belgisi foto va videoqurilmalar orqali o‘qib olinib, oniy soniyalarda baza orqali shu mashinani boshqarayotgan shaxs gardanida to‘lanmagan jarimasi bor-yo‘qligi aniqlanadi.

Hech qanday qoidabuzarligi yo‘q haydovchilar «yashil yo‘lak» orqali harakatni davom ettiradi. Jarimasi so‘ndirilmagan qoidabuzarlikka ega avtomobillar esa «qizil yo‘lak»ka o‘tkaziladi.

Agar jarima o‘sha yerda so‘ndirilsa yoki qarzdorlikka asos bo‘lgan qoidabuzarlik yuzasidan sudga murojaat qilingan yoxud ish sudda ko‘rilayotgan bo‘lsa, harakatni davom ettirishga ruxsat beriladi.

Qarzdorlikni to‘lolmagan hollarda transport vositalari toki u to‘langunga qadar maxsus to‘xtash joylariga (jarima maydonchasiga) joylashtiriladi.

Umuman, «qizil» yo‘lakka o‘tkazish uchun asos bo‘ladigan holatlar ro‘yxati quyidagicha:

  • avtomobil egasi qidiruvda bo‘lsa;
  • sug‘urta polisi muddati o‘tgan bo‘lsa;
  • texnik ko‘rik muddati o‘tgan bo‘lsa;
  • transportga ortilgan yuk transport gabaritidan me’yoridan ortiq darajaga katta bo‘lsa;
  • transport egasining yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun 60 kun ichida to‘lanmagan jarimasi bo‘lsa.

Bu yangilik birinchilardan bo‘lib Qamchiq dovonidagi YPX statsionar postlarida joriy etildi. Ko‘plab avtomobillardan haydovchi va yo‘lovchilari tushirilib, mashina esa jarima maydonchasiga kiritib qo‘yilmoqda. Haydovchilarning ayrimlari gardanida jarima borligini shu yerda bilishmoqda.

Bu qanchalik noqulaylik va asabbuzarlik keltirib chiqarayotganini tasavvur qilayapsizmi? Qolaversa, tushunmovchilik, janjal, tortishuvlar natijasida hech qanday jarimasi yo‘q haydovchilar ham tiqilinchda qolib ketib, vaqt va asab yo‘qotishmoqda.

Bu esa adolatsizlik va mantiqsizlikdan boshqa narsa emas.

Chunki qoidabuzarlikka haydovchilarning aksariyati beixtiyor yo‘l qo‘yadi. Ya’ni 99 foiz holatda bu ko‘chadagi foto va videokameralar yordamida aniqlanuvchi tezlikni me’yoridan oshirish qoidabuzarligi bo‘ladi va haydovchi qoida buzgani, qoidabuzarligi qayd etilganidan bexabar bo‘ladi. Yana ayrim hollarda mashinada oila a’zosi yoki boshqa qarindoshi qoidabuzarlik sodir etgan va bundan mashinaning egasi bexabar bo‘lishi mumkin.

Haydovchini YPX xodimi to‘xtatib jarimaga torsa, haydovchi bundan shu zahoti xabar topadi. Huquqbuzarlik avtomatlashtirilgan tizim orqali aniqlanganda esa bunday bo‘lmaydi.

Qolaversa, qoidabuzarlik uchun jarima undirishning boshqa yo‘llari bor. Avvalo, DYHXXning o‘zi qoidabuzar haydovchiga xat, SMS orqali xabar berishi kerak. IIVning turli bazalarini birlashtirib, mashina egasining raqamiga avtomatik SMS boradigan qilishni har qanday dasturchi talaba ham eplaydi.

Yana bir holat bor: haydovchilarning katta qismi ishonchnoma orqali mashina boshqarishadi. Ogohlantirishlar aksariyat hollarda mutlaqo boshqa joyda yashovchi avtomobil egasining manziliga boradi. Mashinaning de-yure egasi hozir mashinani kim boshqarib yurganini ham bilmasligi, unda haydovchining kontaktlari ham bo‘lmasligi mumkin.

Amaldagi tartibga ko‘ra, haydovchi (yoki avtomobil egasi) huquqbuzarlik uchun ma’muriy bayonnoma tuzilganidan xabardor qilinishining rasmiy yo‘li bu – pochta xizmati. Ammo “O‘zbekiston pochtasi”ning qanday ishlashini ko‘pchilik biladi. Bizga ma’lum bo‘lgan juda ko‘plab holatlarda haydovchilarga bayonnoma yetib kelmaydi.

Nima qilish kerak?

«Qizil» yo‘lak jarimalarni undirish uchun yaxshi o‘ylangan yechimdir, lekin ayrim istisnolar belgilanmas ekan, uni to‘g‘ri va adolatli deb bo‘lmaydi.

Eng avvalo, qizil yo‘lakka olib o‘tilgan mashina haydovchisi (yoki egasi) to‘lanmagan jarimasi borligi haqida vakolatli organ tomonidan rasman ogohlantirilganini isbotlash majburiyati YPX inspektori zimmasiga yuklatilishi kerak. Huquqbuzar ogohlantirilmagan bo‘lib chiqsa, u rasman ogohlantirilib, qo‘yib yuborilishi kerak.

Agar jarimani undirish MIBga o‘tgan bo‘lsa, MIB ijrochisi avtomobilni boshqarayotgan shaxsga ijro ishi ochilgani va undiruv haqida ma’lum qilgan bo‘lsa, ular ham qarzdorni ogohlantirishi va bu haqidagi belgini bazaga kiritishi lozim.

Jarimalar miqdori shunday cho‘ntakdan pul sug‘urib to‘lab ketiladigan darajada emas. Anchagina salmoqli. Masalan, BHMning 3 barobari miqdorida jarima bo‘lsa, haydovchining yonida shuncha pul bo‘lmasligi ehtimoli ko‘proq.

DYHXXning elektron tizimi MIBning elektron tizimiga to‘liq integratsiya qilinmagan.

Yana bir muammo shundaki, amalda jarimalarni undirish vaqt bo‘yicha chegara bilmayapti. Umuman, ijroga qaratilmagan bayonnomalar bo‘yicha jarimalar yillar davomida bazada saqlanib turaveradi. Vaholanki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 330-moddasiga ko‘ra, basharti ma’muriy jazo qo‘llanish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan boshlab uch oy davomida ijro etishga qaratilmagan bo‘lsa, u holda bunday qaror ijro etilmaydi.

Tanganing ikkinchi tarafi

Haydovchilar ham uzoq yo‘lga chiqishdan avval gardanida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima bormi-yo‘qmi, birrov tekshirib, qarzdorlikni bartaraf etishni o‘rganib olishlari kerak. Buni Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining dyhxx.uz sayti, e-jarima.uz sayti, Telegram'dagi e-jarima boti, mobil telefonlar uchun mo‘ljallangan Road24 ilovasi, 8860 qisqa raqamiga avtomobilning davlat raqam belgisi hamda texpasportining seriya-raqamlarini sms tarzda yuborish orqali bilib olish mumkin.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzuga oid