Iqtisodiyot | 17:10 / 18.07.2022
35062
13 daqiqa o‘qiladi

Oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid kuchaymoqda, importga barcha to‘siqlarni olib tashlash kerak - Zafar Hoshimov

Tadbirkor Zafar Hoshimov hukumatni jahondagi oziq-ovqat inqirozidan ogohlantirib, global bo‘hronning O‘zbekistonga ta’sirini yumshatish uchun import to‘siqlarini olib tashlashga chaqirdi. “Agar barcha tarif cheklovlari hozir olib tashlanmasa, bizda himoya qiladigan narsaning o‘zi qolmaydi”, dedi u. Hoshimovga ko‘ra, qat’iy qarorlar zudlik bilan qabul qilinishi lozim: “Kechikish juda qimmatga tushadi”.

Foto: Zafar Hoshimov / Facebook

Tadbirkor Zafar Hoshimov Facebook'dagi sahifasida e’lon qilgan maqolasida jahondagi beqarorlikning milliy iqtisodiyotga oqibatlarini yumshatish uchun hukumatni proteksionizm siyosatidan voz kechib, importga to‘siqlarni olib tashlashga chaqirdi. Kun.uz mazkur maqolani o‘zbek tiliga o‘girdi.

Ukrainadagi urushning birinchi haftalarida urushning iste’mol bozorimiz uchun ehtimoliy oqibatlari haqida yozgandim. To‘rt oy o‘tgach, kichik apdeyt qilish vaqti keldi.

O‘shanda yozgan postimni Ukrainadagi urush O‘zbekistonga bir qancha qiyinchiliklar tug‘diradi, deb boshlagandim. Bunga shuni qo‘shimcha qilish kerakki, urushning dastlabki kunlarida bo‘lganidek kelajakka nisbatan katta noaniqliklar hali ham saqlanib turibdi.

O‘tgan oylar davomida Rossiyaning harbiy mashinasi, aftidan, Ukrainaning janubi va sharqida mustahkam o‘rnashib oldi; butun progressiv dunyo esa ukrainaliklarga insonparvarlik, pul va qurol-yarog‘ bilan faol yordam beryapti; va endilikda urush katta ehtimol bilan uzoq vaqt davom etishi borgan sari oydinlashyapti. Urush davom etarkan, sanksiyalar, taqiqlar va turli cheklovlar ham saqlanib qoladi. Bu sharoitning barcha yoqimsiz iqtisodiy oqibatlari bizga u yoki bu darajada ta’sir qiladi va bu ta’sir ham tez orada yo‘qolib ketmaydi.

Jahonda birorta ham xalqaro iqtisodiy maktab, birorta ham xalqaro tashkilot yo‘qki, global narxlar oshishi, inflatsiya, energetika va oziq-ovqat yetishmovchiligi, ba’zi joylarda esa kuchli tanqislik va ochlikni bashorat qilmagan bo‘lsa. Bu bashoratlarning ba’zilari allaqachon dunyoning bir qator mamlakatlari iste’mol bozorlarini qamrab ola boshladi. Bu oqibatlar, albatta, yaqin kelajakda yanada kuchayadi.

Bu holat, afsuski, bizning mintaqamiz uchun ham og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaradi. Negaki mamlakatimizda aholining umumiy daromadlari unchalik yuqori emas. Qolaversa, Rossiya – bizning eng yirik savdo-iqtisodiy hamkorimiz hamda bizga keluvchi transport-logistika koridorlarining aksariyati aynan Rossiya orqali o‘tadi, bu mamlakat esa, ko‘rinib turibdiki, tobora ko‘proq izolyatsiyaga tushib qolmoqda.

Ko‘plab yirik ishlab chiqarish korxonalarining Rossiyadan chiqib ketishi, boshqa korxonalarning qisqarishi va ishlab chiqarishni to‘xtatishi, yetkazib berish zanjirlarining uzilishi, xomashyo va butlovchi qismlar yetishmasligi, bank sektoriga kiritilgan sanksiyalarning ta’siri, valuta cheklovlari va pul o‘tkazmalari tizimlaridagi to‘siqlar – bularning barchasi kundalik hayotimizga endigina salbiy ta’sirini ko‘rsata boshlayapti.

Sanab o‘tilganlar qatoriga transport blokadasini ham qo‘shing: Rossiya kemalari va yuk mashinalari xorijiy portlar va yo‘llarga qo‘yilmayapti, bunga javoban Rossiya ham o‘z hududida Yevropa transportining harakatlanishini cheklayapti, bir qator yirik logistika kompaniyalari yuklarni Rossiya hududi va portlariga yoki Rossiya hududi va portlari orqali tashishdan bosh tortyapti. Bularning barchasi – bizning ham iste’mol bozorimizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan muammolarning eng ko‘zga ko‘rinarli qismlari xolos.

Iste’mol bozorimiz MDH mamlakatlari mahsulotlariga, birinchi navbatda Rossiya ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilariga iqtisodiyotimizning boshqa sektorlariga qaraganda, ehtimolki, ko‘proq bog‘langan.

Buning bir nechta sabablari bor: sovet davridan saqlanib qolgan ishlab chiqarish sohalaridagi aloqalar, iste’molchilar qaysi mahsulotlarni afzal ko‘rishi borasidagi o‘xshashliklar, standartlar, qulay logistika, reklamaning Rossiya OAV orqali kirib kelishi, taniqli brendlar va boshqa turli omillar. Ammo yana shuni aytishga jur’at etamanki, bizning ichki bozorimiz Rossiya mahsulotlariga qaramligining hal qiluvchi sababi bu – Rossiya (va boshqa MDH davlatlari) bilan qulay bojsiz savdo rejimi o‘rnatilganidir. Shu bilan birga, dunyoning boshqa mamlakatlari mahsulotlariga nisbatan import tariflari anchagina yuqori.

Ya’ni Rossiya va boshqa MDH davlatlaridan mahsulotlar olib kirishda import bojlari undirilmaydi, boshqa mamlakatlardan kelgan tovarlar esa ancha yuqori stavkalarga tortiladi. Biz bilan savdo aloqalari bo‘lmagan ayrim davlatlarning mahsulotlariga esa yaqin-yaqingacha ikki baravar boj solingan. Mazkur tartib prezidentning joriy yil 1 maydagi farmoni bilan bekor qilindi [2023 yil 1 yanvargacha – tahr.]. Xuddi shu qaror bilan 22 ta tovar guruhi uchun bojlar ham 2022 yil oxirigacha olib tashlandi. Bu – juda va juda muhim ijobiy qadam, ammo hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p.

Masalan, urushdan oldin mamlakatga Rossiya va Ukrainadan juda ko‘p shokolad olib kelingan va bu mahsulotlar bojdan ozod qilingan, ammo o‘sha shokoladni, aytaylik, Yevropa, Turkiya yoki boshqa mamlakatlardan import qilishda hali ham boj stavkasi 30 foiz.

Rossiya, Ukraina va Belarusda ishlab chiqarishdagi uzilishlar va logistika qiyinchiliklari kuzatilayotgan, bu mamlakatlar o‘z hududidan ma’lum tovarlarni olib chiqib ketishga kuchli taqiq qo‘yotgan, shuningdek, Qozog‘iston o‘z ichki iste’mol bozorini himoya qilish uchun mahsulotlar eksportiga cheklovlar qo‘llayotgan hozirgi vaziyatda O‘zbekistonda iste’mol bozorini yetarli hajmdagi tovarlar bilan ta’minlash masalasi tobora qiyinlashmoqda.

To‘rt oy oldingi maqolamda “yaqin” xorij foydasiga bunday tarif asimmetriyasi mavjudligi yangi voqelik nuqtayi nazaridan mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi uchun aniq tahdid ekanini yozgan edim. Afsuski, jangovar harakatlar va sanksiyalar davom etayotgani sababli o‘sha paytdagi potensial xavflar endi bosqichma-bosqich reallikka aylanmoqda.

Garchi davlat ichki bozorni uzluksiz ta’minlash va eng muhim oziq-ovqat mahsulotlari, masalan, shakar, go‘sht, bug‘doy, un, sariyog‘, kartoshka va boshqa bir qator mahsulotlar narxini ushlab turish uchun juda samarali favqulodda choralarni ko‘rayotgan bo‘lsa ham, oziq-ovqat va asosiy sanoat tovarlarining to‘liq assortimenti manbalari umumiy geografiyasini faolroq diversifikatsiya qilinmasa, bu choralar yetkazib berishning ehtimoliy uzilishlari va narxlar keskin o‘sishining oldini olish uchun yetarli bo‘lmaydi.

Oziq-ovqat taqchilligining oldini olish va narxlar oshishiga chek qo‘yish bo‘yicha birinchi va mutlaqo tengsiz qadam – barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga, eng zarur sanoat iste’mol tovarlariga hamda ularni ishlab chiqarish va qayta ishlash uchun barcha xomashyolarga import bojlari va aksiz solig‘ini to‘liq bekor qilish bo‘lishi kerak.

Gap shundaki, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning eng katta hajmlariga ega bir qancha davlatlar jahon bozoridan chiqib ketishi bilan, butun dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi allaqachon keskin ko‘tarila boshlagan.

Ammo bu yagona muammo emas. Kelgusi bir necha yil ichida global oziq-ovqat taqchilligi vaqtinchalik murakkablik holatidan barqaror voqelikka aylanishi va jahonda narxlar faqat o‘sib borishi tobora ayon bo‘lmoqda.

Dizel yoqilg‘isi yetishmasligi va davom etayotgan jangovar harakatlar tufayli ukrainalik fermerlar ekish kampaniyasini o‘tkaza olmadilar, Rossiyada esa sanksiyalar tufayli urug‘, ayrim turdagi o‘g‘itlar, texnika yetishmasligi tufayli ekin ekish jarayoni to‘xtab qoldi.

Shu sababli ham hozir jahon bozorlarida birjada sotiladigan oziq-ovqat mahsulotlarining barcha “jonli” (spot) hajmlari qanday tez sotib olinayotgani va fyuchers narxlari barqaror va tez o‘sib borayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bizning holatimizda, bularning barchasi geografik joylashuvimiz taqozo etgan logistika qiyinchiliklari bilan yanada og‘irlashadi.

Shu nuqtayi nazardan, biz mamlakatga har qanday, takror aytaman, har qanday (!) oziq-ovqat mahsulotini qancha ko‘p olib kelsak, shuncha yaxshi.

Men total proteksionizm mafkurasi tarafdorlariga alohida aytmoqchiman. Agar barcha tarif cheklovlari hozir olib tashlanmasa, bizda himoya qiladigan hech narsa qolmaydi. Ko‘pgina ishlab chiqarish obektlarimiz allaqachon xomashyo va materiallar bilan bog‘liq qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda va tez orada ishlab chiqarish hajmini kamaytirishga majbur bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, geografik jihatdan diversifikatsiyalangan yangi import mahalliy ishlab chiqarishni hajmda siqib chiqara olmasligi aniq. Men barcha bojlar va aksizlar bekor qilingandan keyin ham Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina va boshqa MDH davlatlaridan keluvchi yetkazib berish hajmini hatto qisman bo‘lsa-da qoplash mumkinligiga ishonchim komil emas.

Boshqacha qilib aytganda, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yashab qolish imkoniyati saqlanib qoladi va hatto sezilarli darajada oshadi. Asosiysi, ular o‘zlari ishlab chiqarish hajmini oshirishga ulgurishlari kerak. Bundan tashqari, hech bo‘lmaganda logistika qiyinchiliklari, yoqilg‘i va boshqa xarajatlar ortib borayotgani sababli import qilinadigan mahsulotlar narxi obektiv ravishda shu paytgacha bo‘lganidan sezilarli darajada yuqori bo‘lishi aniq.

Qolaversa, agar boj va aksizlar saqlanib qolsa, noqonuniy import va iste’mol sektoridagi qora bozor ulushi keskin oshadi hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qora bozordan himoya qilish qiyin, balki imkonsiz ishga aylanadi.

Davlat budjetiga tushadigan boj va aksiz solig‘i tushumlari himoyachilariga darhol javob beraman: yaqin qo‘shni davlatlardan qilingan import uchun shu paytgacha ham budjetga tushum tushmagani, bu import hajmini baribir boshqa mamlakatlar hisobiga qoplay olmasligimizni inobatga olsak, budjet hech narsa yo‘qotmaydi. Bundan tashqari, qonuniy bozorning o‘sishi budjetga tushadigan importdan QQS miqdorini oshiradi.

To‘rt oy davomida men va mening jamoam bozorni tark etayotgan pozitsiyalarning o‘rnini to‘ldirish uchun deyarli kecha-yu kunduz turli xil mahsulotlarni qidirdik, shartnoma tuzdik va olib keldik, lekin bu tobora qiyinlashmoqda va eng muhimi, qimmatroq bo‘lib bormoqda. Mahsulot olib kelish imkoniyati saqlanib qolayotgan bozorlarda ham zaxiralar va ishlab chiqarish quvvatlari tugab boryapti, ko‘plab mamlakatlar maqsadli ravishda o‘z zaxiralarini to‘ldirmoqda va mahsulotlar eksportiga taqiq va cheklovlar qo‘ymoqda. Eksportdagi taqiqlar va bojlar poygasida Rossiya va Qozog‘istonga Turkiya ham qo‘shildi. Turkiya o‘simlik yog‘i va boshqa bir qator mahsulotlarni eksport qilishni taqiqladi. Mamlakatlarning o‘z iste’mol bozorlarini himoya qilishga bo‘lgan bu “xudbin” tendensiyasi butun dunyoda kuchayishda davom etadi.

Oldinda hali boshqa xavf va noaniqliklar ham kutmoqda. Qat’iy harakat qilish kerak.

Kechikish bizga juda qimmatga tushadi.

So‘zimni tadbirkorlarimizga an’anaviy maslahatlar bilan yakunlayman: hech bo‘lmaganda o‘rta muddatli istiqbolda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, oziq-ovqat (har qanday), xomashyo va butlovchi qismlar, sanoat uchun zarur tovarlarni ishlab chiqarish juda jozibador biznesga aylanadi. Ayni paytda mamlakatga imkon qadar ko‘proq xomashyo, oziq-ovqat, uy-ro‘zg‘or buyumlari, shaxsiy gigiyena vositalari va boshqa iste’mol tovarlarini olib kirish lozim.

Umid qilamanki, davlat bu dalillarni inobatga olib, oziq-ovqat va eng zarur tovarlar yo‘lidagi barcha tarif va notarif to‘siqlarni olib tashlaydi. Hech bo‘lmaganda keyingi yil yoki bir yarim yil ichida jahon bozoridagi bu bo‘rondan omon qolish uchun shunday qilish kerak.

Keyin kim biladi, bu to‘siqlar haqiqatan ham hech qanday iqtisodiy muammolarni hal qilmasligi, aksincha odamlar hayotini yanada og‘irlashtirishi hammaga ayon bo‘lishi mumkin.

Zafar Hoshimov,
Korzinka supermarketlari tarmog‘i asoschisi va rahbari

Mavzuga oid