Jahon | 13:08 / 20.07.2022
14603
6 daqiqa o‘qiladi

It uchun qamoqxona. Eron uy hayvonlarini taqiqlamoqchi, chunki ular «G‘arb timsoli»

«U o‘zining chiroyli ko‘zlari bilan menga boqadi va sayrga olib chiqishimni so‘raydi. Lekin men jur’at etolmayman, chunki bizni hibsga olishlari mumkin», deydi kichkina ko‘ppakning egasi Mahsa.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Eron poytaxti Tehronda hibslar to‘lqini boshlangan: mahalliy politsiya itlarni xiyobonlarda sayr qildirishni jinoyat deb atagan, shu tufayli, ularning egalari hibsga olingan va jonivorlar olib ketilgan.

Rasmiylar itlarni sayr qildirish taqiqlanganini «jamoat xavfsizligini himoya qilish» zarurati bilan izohlamoqda.

Ayni paytda Eron parlamenti uy hayvonlariga faqat maxsus ruxsatnoma orqali egalik qilish imkonini beruvchi qonun loyihasini ko‘rib chiqmoqda.

«G‘arblashuv» belgilari

Qonun loyihasida qayd etilganidek, it yoki mushuk olish uchun eronliklar maxsus hukumat qo‘mitasiga murojaat qilishi kerak. Shu bilan birga, har qanday uy hayvonlarini, hatto quyonlar va toshbaqalarni ham «ruxsatsiz mamlakatga olib kirish, sotib olish va sotish, tashish va uyda boqish» uchun taxminan 800 dollar miqdorida jarima nazarda tutilgan.

Eron veterinariya assotsiatsiyasi prezidenti va qonun loyihasiga muxolif bo‘lgan doktor Payom Muhibiyning so‘zlariga ko‘ra, bu boradagi bahslar o‘n yil oldin boshlangan. O‘sha paytda bir guruh deputatlar itlarni egalaridan tortib olib, hayvonot bog‘lariga topshirish yoki cho‘lga tashlab kelishni taklif qilishgan.

doktor Payom Muhibiy

«Shu vaqt ichida ular qonun loyihasini bir necha bor o‘zgartirishdi va hatto it egalariga jismoniy jazo berishni ham muhokama qilishdi. Lekin loyiha hech qayoqqa siljimadi», deydi Muhibiy.

Eron qishloqlari aholisi itlarni har doim boqishgan, ammo XX asrda uy hayvonlari ham urbanizatsiya timsoliga aylandi.

Eron hayvonlarni himoya qilish bo‘yicha qonunlarni qabul qilgan Yaqin Sharqdagi birinchi davlat edi. 1948 yilda ushbu qonunlarning amal qilinishini nazorat etuvchi ilk davlat tashkiloti paydo bo‘ladi. Itlar hatto qirol oilasi a’zolarida ham bor edi.

Shoh Muhammad Rizo Pahlaviyning ag‘darilishi bilan yakunlangan 1979 yilgi inqilob hammasini o‘zgartirdi. Bu voqea Erondagi ko‘plab sohalarga, shu jumladan uy hayvonlari bilan bog‘liq holatlarga ham ta’sir qildi.

Yangi tuzum nazarida itlar G‘arb va uning turmush tarzi timsoli edi. Eron hukumati buni yo‘q qilishga urinayotgandi.

«Itlarga egalik qilishni tartibga soluvchi aniq qoidalar yo‘q», deydi tehronlik veterinar doktor Ashkon Shimironiy.

«Politsiya itlarini sayr qildirayotgan yoki shunchaki mashinasida olib yurgan odamlarni ushlamoqda. Chunki ular itlarni g‘arblashuv ramzi sifatida ko‘rmoqda», deb tushuntirdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat hatto qo‘lga olingan uy hayvonlari uchun «qamoqxona» ham tashkil qilgan. «Biz bu joy haqida juda ko‘plab dahshatli voqealarni eshitganmiz, - deb qo‘shimcha qiladi u. - Hayvonlar ochiq havoda, normal oziq-ovqat va suvsiz saqlanadi. Egalarida esa qonun bilan bog‘liq ko‘plab muammolar paydo bo‘ladi».

Uy hayvonlariga egalikni cheklovchi yangi qonun loyihasi G‘arbning ko‘p yillik sanksiyalari tufayli Eron iqtisodiyotida vujudga kelgan qiyinchiliklar bilan ham bog‘liq. Uch yil avval hukumat mamlakatga xorijda ishlab chiqarilgan hayvon ozuqalarini olib kirishni taqiqlagan edi. Bu mamlakat valuta zaxirasini saqlab qolish choralari bilan izohlandi.

Peshtaxtalardan xorij mahsulotlari yo‘qolgach, narxlar keskin ko‘tarildi va qorabozor paydo bo‘ldi.

«Biz ozuqa olib kiruvchi odamlarga juda tobemiz, - deb kuyinadi Mashhad shahridagi veterinariya klinikasi xo‘jayini, – bir necha oy ichida narxlar besh baravar oshdi».

Veterinar mahalliy ozuqalarining sifati juda pastligi va standartlarga javob bermasligi, zavodlarda ko‘pincha sifatsiz go‘sht va baliqlardan, hatto yaroqlilik muddati o‘tib ketgan ingrediyentlardan ham foydalanilishini ta’kidlaydi.

Fors mushuklari muammosi

Yangi qonun loyihasi nafaqat itlarga, balki mushuk va boshqa uy hayvonlariga ham taalluqli (hatto unda timsohlar ham tilga olinadi). Va bu Eron dunyodagi eng mashhur zotdor fors mushuklarining vatani ekanligiga qaramay.

«Endi fors mushuklari o‘z vatanida xavfsiz yashay olmasligini tasavvur etasizmi?» - deb g‘azablanadi Tehrondagi klinika veterinari. «Bu qonunda mantiq yo‘q, - deb qo‘shimcha qiladi u. - Ular shunchaki odamlarga temir mushtini ko‘rsatmoqchi».

Eron veterinariya assotsiatsiyasi prezidenti doktor Muhibiy bu loyihani sharmandalik deb hisoblaydi: «Agar parlament ushbu qonunni qabul qilsa, keyingi avlodlar bizni itlarni it, mushuklarni mushuk bo‘lgani uchun taqiqlagan odamlar sifatida eslaydi».

Mavzuga oid