O‘zbekiston | 11:32 / 20.07.2022
8467
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston janubida kuch tuzilmalari hamkorligida maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazilmoqda

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi radiatsion kimyoviy biologik muhofaza bo‘linmalari hamda kuch tuzilmalari ishtirokida maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: Mudofaa vazirligi

Mudofaa vazirligi Termiz garnizoni xabariga ko‘ra, o‘quvning dastlabki kunida yuqori qo‘mondonlik tomonidan kelib tushgan signal bo‘yicha shaxsiy tarkib yuqori jangovar shaylikka keltirilgan. Harbiylar o‘zlariga biriktirilgan qurol-aslahalarni olib, harbiy texnikalarda belgilangan o‘quv joyiga yetib kelishgan.

Shundan so‘ng o‘quvga jalb qilingan radiatsion kimyoviy biologik muhofaza bo‘linmalari hamda hamkorlikdagi kuch tuzilmalar boshqaruv organlari harbiy xizmatchilari uchun ko‘rgazmali mashg‘ulotlar boshlandi.

– Har qanday mashqlarning asosiy maqsadi bo‘linmalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlash, ularning uyushqoqligi va jipsligini mustahkamlashdan iborat, – dedi Janubiy operativ qo‘mondonlik radiatsion kimyoviy biologik muhofaza xizmati boshlig‘i, mayor No‘’mon Berdiqulov. – Bu shaxsiy tarkib tezkorligini oshirish hamda jangovar shaylikdan oqilona foydalanish imkonini beradi. Mazkur o‘quvda ham shaxsiy tarkibni, qurol-aslahalar hamda texnikalarni dezinfeksiya qilish va zararsizlantirish bo‘yicha harakatlar amaliy ko‘rib chiqildi.

Hamkorlikdagi o‘quv davomida harbiy xizmatchilar real vaziyatlarga yaqinlashtirilgan jang holatida harakatlanish yangi uslublarini o‘zlashtirib, kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamladi.

Mavzuga oid