«Biz raqobatbardosh emasmiz». Tuxel «Chelsi»ning yangi egalari bilan janjallashmoqda
Mavsumlar oralig‘i hozircha «Chelsi» uchun unchalik ijobiy kechmayapti. Dam olish kunlarida AQSh safarida bo‘lgan «ko‘klar» «Arsenal»ga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida 0:4 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchradi.
Tuxelning faryodi
Ammo gap nafaqat natijada. Bu shunchaki yozgi o‘rtoqlik o‘yini, natija bir necha kundan keyin unutiladi. Bundan tashqari, tarkib va sxema bo‘yicha ham eksperiment o‘tkazildi (odatdagi 3-X-X o‘rniga 4-4-2).
Biroq, «Chelsi» bosh murabbiyi Tomas Tuxelning o‘yindan keyingi nutqi qiziqroq.
«Hozir asabiylashyapman. Biz yaxshi o‘ynamadik, shunchaki raqobatbardosh emasdik. Eng achinarlisi, «Arsenal»ning jismoniy va ruhiy tayyorgarlik darajasi biznikidan ancha yuqori bo‘ldi. Ha, albatta, tarkibimiz optimal emasdi. Raqib esa Premer-Liga uchun mo‘ljallangan kuchli tarkibni maydonga tushirdi. Bu qisman nima bo‘lganini tushuntiradi, lekin faqat qisman. Ikki haftadan so‘ng, chempionat boshlanishiga tayyor bo‘lamiz, deb kafolat berolmayman», dedi Tuxel.
Ammo nemis mutaxassisining so‘nggi so‘zlari ancha qiziqroq:
«O‘tgan mavsumda qiyin o‘yinlar bo‘ldi. Mavsumning ba’zi qismlarida qiyinchiliklarga duch keldik. Keyin sanksiyalar ostida qoldik, bir necha o‘yinchilar bizni tark etishdi, ba’zilari ketishga harakat qilmoqda. Hozirgi holat mana shunday. Bizga zudlik bilan sifatli o‘yinchilar, ko‘plab sifatli o‘yinchilar kerak edi. Ha, bizda ikki nafar yangi o‘yinchi bor. Ammo hali u qadar raqobatbardosh emasmiz va afsuski, buni ko‘rdingiz».
Murabbiylar ko‘pincha omma oldida tarkibni kuchaytirish zarurligiga shama qilishadi – bu mutlaqo normal holat. Agar fikrlaringizni klubga yetkaza olmasangiz, bu rahbariyatga bosim o‘tkazish usullaridan biri bo‘ladi. Ammo Tuxelning Floridadagi so‘zlari shama emas, balki ular Todd Boeli boshchiligidagi «Chelsi»ning yangi xo‘jayinlariga qaratilgan chinakam faryoddir.
Xo‘sh, «Chelsi»ning transferlari haqida nima deyish mumkin?
Tuxel gapirgan yangi kelganlar – Rahim Sterling va Kalidu Kulibali. 27 yoshli vinger «Manchester Siti»dan 50 million funt evaziga o‘tdi va 5 yillik shartnoma imzoladi. 31 yoshli himoyachi esa «Napoli»dan 38 million yevroga sotib olindi va 4 yillik shartnoma rasmiylashtirildi. Qolaversa, odatdagidek, ijaraga berilganlarning bir guruhi Kobhemdagi bazaga qaytdi – «Chelsi» bu borada Yevropada yetakchilardan biri.
Ko‘zga ko‘ringan ikki futbolchi – «Kristal Pelas»da ajoyib mavsumni o‘tkazgan 22 yoshli yarimhimoyachi Konor Gallaher (34 o‘yin, 8 gol, 3 golli uzatma) va «Sauthempton»da zo‘r o‘ynagan 20 yoshli markaziy hujumchi Armando Broxa (32 o‘yin, 6 gol, 1 golli uzatma). Ikkinchisining kelajagi noaniq, ammo Gallaher maydon o‘rtasida «Chelsi» o‘yiniga rang berishga qodir. Tuxel u jamoada qolishini istayapti.
Ketganlar hozircha uch nafar. Himoyachilar Antonio Ryudiger («Real ») va Anders Kristensen («Barselona») erkin agent sifatida ketishdi, bundan tashqari Romelu Lukaku «Inter»ga 8 million yevro evaziga bir yillik ijaraga berildi (ijara shartnomasida uni to‘liq sotib olish haqida band yo‘q).
Endi navbat mish-mishlarga. Tuxelning nutqidagi «ketishni xohlovchi futbolchilar guruhi» aniqki Sezar Aspilikueta, Markos Alonso, Hakim Ziyosh va Timo Verner. Sezarni uzoq vaqtdan beri «Barselona» chaqirmoqda. Alonso ham u yerga borishi mumkin. Marokashlik yarimhimoyachini «Milan» qo‘lga kiritmoqchi va deyarli kelishuvga erishilgan. Verner muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish «Leypsig»ga qaytishga qarshi emas.
Transferlar nuqtayi nazaridan «Chelsi»ning asosiy maqsadi «Sevilya» himoyachisi Jyul Kunde bo‘lib turibdi. U 2 yildan beri Londonga chaqirilmoqda. Tuxelning o‘zi ham kuchli uchlikka kirish uchun jamoaga chapaqay markaziy himoyachi kerakligini aytgandi.
Xo‘sh, muammo nimada?
Transfer oynasi yopilishiga hali bir oydan ko‘proq vaqt bo‘lsa-da, Tuxelning xavotirlanishiga asos bor.
Masalan, «Chelsi»da haligacha sport direktori yo‘q. Bu yo‘nalish uchun mas’ul bo‘lgan Marina Granovskaya va Petr Chex «Chelsi»ni tark etishdi. Ular ketganidan so‘ng, Boeli o‘zini sport direktori vazifasini bajaruvchi qilib tayinladi. Aynan uning qarori bilan Lukaku «Inter»ga ketdi. Klub bu lavozimga odam qidirmoqda. The Times asosiy nomzod «Liverpul»da muvaffaqiyatli ishlagan Maykl Edvards ekanligini yozdi. Ammo hozircha vakansiya bo‘sh.
The Telegraph nashrining yozishicha, endi Tuxel transfer masalalarida ko‘proq vakolatga ega bo‘ladi. Ammo hozircha «Chelsi» qayta ishga tushirilmoqda va bu jarayonga salbiy ta’sir qilyapti. Masalan, «ko‘klar» Rafinya bo‘yicha «Lids» bilan 55 million funtga kelishib olgandi. Ammo u yakunda «Barselona»ga yo‘l oldi va o‘rtoqlik o‘yinida bo‘lsa-da, «Real»ga gol urdi. Ha, Rafinyaning o‘zi Kataloniyada o‘ynashni xohlagan va «ko‘k-anorranglilar» transfer uchun pul topguncha kutgan. Ammo savol tug‘iladi: qiziq, Granovskaya bu kelishuvni oxirigacha yetkaza olarmidi?
Kunde bilan vaziyat murakkabroq. Sky Spors xabariga ko‘ra, «Chelsi» iyun oyida 23 yoshli fransiyalik futbolchi bilan og‘zaki kelishuvga erishgandi. «Sevilya» uning transferi uchun kamida 70 million yevro talab qilyapti. Ammo futbolchi «Barselona»ga o‘tishni istayapti – bu «ko‘klar» uchun muammo.
The Independent xabariga ko‘ra, «Barselona» vakillari so‘nggi kunlarda Kundeni «Chelsi»ga o‘tishga shoshilmaslikka chaqirishgan. Bunga javoban, londonliklar Aspilikueta va Markos Alonsoning transferi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatish bilan tahdid qilishgan. Aftidan, Rafinya bilan bog‘liq vaziyat yana takrorlanadi – «Chelsi»ga o‘tishi kerak bo‘lgan futbolchi Kataloniyaga ketadi. Nufuzli insayder Fabritsio Romanoning so‘zlariga ko‘ra, Kunde «Barselona»ga o‘tadi, «Chelsi» taklif qilgandan ham kamroq pul evaziga bo‘lsa ham.
Angliya chempionatining yangi mavsumi 6 avgust kuni boshlanadi, «Chelsi» «Everton» bilan o‘ynaydi. Shu vaqtga qadar mudofaa chizig‘ini qayta shakllantirib, kimning xizmatiga tayanish mumkinligini tushunib olish yaxshi bo‘lardi. Bundan tashqari, futbolchilarning jismoniy va ruhiy holatini ham ko‘tarish lozim. Bu esa Tuxelning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Mavzuga oid
10:38 / 09.12.2024
Yevropada kambeklar kuni. «Chelsi» himoyachisi raqibga gollar sovg‘a qildi va butsasini tashlab yubordi
13:34 / 11.11.2024
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
12:26 / 04.11.2024
«Barsa»ni to‘xtatib bo‘lmayapti, «MYu» o‘ziga kelmoqda. Kun o‘yinlari
14:31 / 02.11.2024