Jahon | 19:41 / 28.07.2022
22712
10 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyni Kolomoyskiyning odami deyishgandi. Endi prezident oligarxni fuqarolikdan mahrum qilishi mumkin

O‘tgan haftada Oliy Rada deputati Sergey Vlasenko Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning go‘yo bir qator shaxslarni fuqarolikdan mahrum qilishi to‘g‘risidagi farmoni skanerini e’lon qildi. Ushbu ro‘yxatda oligarx Igor Kolomoyskiyning borligi sensatsiya bo‘ldi.

Foto: Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA

Hozircha Ukraina rasmiylari bunday farmon haqiqatan ham borligi yoki kimningdir uydirmasi ekani to‘g‘risida izoh berishmadi.

Xalqaro Karnegi jamg‘armasi muallifi Konstantin Skorkinning fikriga ko‘ra, sodir bo‘layotgan voqealar Ukraina hokimiyatining eng yuqori bo‘g‘inida yashirin kurash boshlanganidan dalolat bermoqda.

2019 yilda Zelenskiy Kolomoyskiyning odami sifatida hisoblanardi, ammo hozir prezident izchillik bilan Ukraina siyosatini oligarxlar ta’siridan xalos qilib, shaxsiy hokimiyatini oshirmoqda.

Vlasenko tomonidan e’lon qilingan farmondagi fuqarolikdan mahrum qilish uchun nomzodlar ro‘yxatida faqat uchta nom e’tiborni tortadi.

Birinchisi, xalq deputati Vadim Rabinovich. U Viktor Medvedchukning safdoshi va sud qarori bilan taqiqlangan rossiyaparast «Muxolifat platformasi – hayot uchun» partiyasi raislaridan biri. Urush arafasida Isroilga jo‘nab ketgan. Uning fuqarolikdan mahrum etilishini Rossiya ta’siridagi muxolifatning «yakson qilinishi» sifatida ko‘rish mumkin.

Ikkinchisi, dneprlik nufuzli tadbirkor Gennadiy Korban. U Rabinovichdan farqli o‘laroq, mamlakatda qolib, Dnepropetrovsk oblastining hududiy mudofaasini boshqargandi. U Zelenskiy apparati rahbari Andrey Yermakga axborot hujumlari uyushtirganlikda gumon qilinmoqda va prezident idorasi bilan munosabatlari murakkablashgan. Ukraina jurnalistlarining taxminiga ko‘ra, Korbanning qora ro‘yxatga tushishiga AQSh Kongressi a’zosi Viktoriya Sparts tomonidan Yermakning Rossiya bilan aloqasi borlikda gumonlangani sabab bo‘lgan.

Ro‘yxatdagi uchinchi va asosiy shaxs: taniqli ukrainalik oligarx Igor Kolomoyskiy (Korban ham uning hamkori bo‘lgan). Bu voqealar aynan uning uchun uyushtirilgandek tuyulmoqda.

Urush boshlanganidan keyin Kolomoyskiy bilan nima sodir bo‘ldi?

Rossiya bosqini boshlangach, oligarx o‘zini panaga oldi. 2014 yilgi inqiroz davrida Igor Kolomoyskiy Dnepropetrovsk oblastini boshqargan va ko‘ngilli batalonlarga homiylik qilgan, buning natijasida rossiyaparast kuchlarining Donbassdagi harakatini to‘xtatishga va kengayib borishining oldini olishga erishilgandi. Hozirgi rus bosqini boshlanganidan buyon u hech qanday ommaviy bayonotlar bermadi. Uning sobiq safdoshlari, masalan Dnepr meri Boris Filatov oligarx pozitsiyasiga juda salbiy munosabatda bo‘lishdi. «Igor Valerevichga (Kolomoyskiy) kelsak, bu odamning qayerdaligini bilmayman. U qayerdadir yugurmoqda. Go‘yo shaharda bordek yoki yo‘qdek», dedi Filatov. Mamlakat mudofaasiga xayriya qilgan yirik tadbirkorlar ro‘yxatida Kolomoyskiy yo‘q.

Balki, Kolomoyskiyga 2014 yilgi mojaroda faol ishtirok etgani (va keyinroq Volodimir Zelenskiy prezidentlikka saylanishida ham) unga Ukraina siyosatida yetakchi o‘rinlarga chiqib olishida yordam bermagani ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, «Ukrainskaya pravda» nashri surishtiruvi Kolomoyskiyning Ukrainada qolganini tasdiqladi, har holda, uning «Privat» guruhiga tegishli samolyotlarning hech biri mamlakatni tark etmagan. Biroq, bu yerda gap vatanparvarlik tuyg‘usida bo‘lmasligi mumkin. Chunki, Kolomoyskiy pul yuvishda ayblanib, uzoq vaqtdan beri FQB tergovi ostida bo‘lib turibdi. Agar Ukrainani tark etsa, hibsga olinishi mumkin. Shuningdek, 2021 yilda u korrupsioner sifatida AQSh Davlat departamenti tomonidan sanksiyaga uchragan.

Rossiyada ham Kolomoyskiyni faqat huquq-tartibot idoralari kutmoqda. 2014 yilda ko‘ngilli batalonlarni moliyalashtirgani uchun ukrainalik oligarxga nisbatan jinoiy ish ochilgan va Basmanniy sudi Tergov qo‘mitasi talabiga binoan uni sirtdan hibsga olgan. 2021 yilda esa Rossiyada tadbirkorga qarshi yana bir ish ochildi, bu safar iqtisodiy ayblovlar bilan: go‘yo 2007 yilda u «Tatneft» shu’ba korxonasining Ukrainadagi filiali mol-mulkini noqonuniy egallab olib, 10 milliard rubl miqdorida zarar yetkazgan. Vladimir Putin Kolomoyskiyni «muttaham» deb atagan.

Oxir-oqibat Kolomoyskiy tuzoqqa tushib qoldi. Bundan tashqari, urushning o‘tgan oylarida uning biznesi katta yo‘qotishlarga uchradi. Ulardan asosiysi – yonilg‘i ishlab chiqarish uchun mas’ul strategik korxona bo‘lgan Kremenchug neftni qayta ishlash zavodi hisoblanadi (Ukraina benzin bozorining 45 foizi va dizel yonilg‘isining 15 foizi). Rossiya raketa hujumidan keyin zavod ishni to‘xtatdi.

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, urush oqibatida «Privat» guruhiga yetkazilgan zarar 225 million dollarni tashkil qiladi. Kolomoyskiyning shaxsiy boyligi bir yilda 1,7 milliard dollardan 1 milliard dollarga tushib ketdi.

Shuningdek, «Deoligarxizatsiya to‘g‘risidagi qonun» kuchga kirishi munosabati bilan Kolomoyskiy siyosatga va ommaviy axborot vositalariga ta’siri cheklanadigan oligarxlar ro‘yxatiga tushib qolishi mumkin  (uning «oligarxiya sexi»dagi hamkasbi Rinat Axmetov bunday sharoitda o‘z media imperiyasidan butunlay voz kechishni afzal ko‘rdi).

Zelenskiy hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng, muxolif odamlar uni «Kolomoyskiyning qo‘g‘irchog‘i» deb hisoblashar edi. Bunda ularning munosabati uzoq tarixga ega ekani, «1+1» telekanali orqali Zelenskiy ko‘p marta qo‘llab-quvvatlangani ko‘rsatildi (jumladan, «Xalq xizmatchisi» seriali 1+1 telekanalida namoyish etildi, shundan Zelenskiyning ongli siyosiy targ‘iboti boshlandi).

Biroq, bugungi kunda vaziyat 180 darajaga o‘zgardi – endi Kolomoyskiyning taqdiri to‘lig‘icha prezident xayrixohligiga bog‘liq.

Kolomoyskiy haqiqatan ham fuqarolikdan mahrum etilishi mumkinmi yoki bu shunchaki mish-mish?

Kolomoyskiyning muammolari fonida uni fuqarolikdan mahrum qilish ehtimoli haqidagi mish-mishlar aql bovar qilmas narsaga o‘xshamaydi. Ilgari ham shunga o‘xshash holatlar bo‘lgan – masalan, Petro Poroshenko Mixail Saakashvilini fuqarolikdan mahrum qilgan. Ukrainada, Rossiyadan farqli o‘laroq, bu prezident farmoni bilan ro‘y berishi mumkin. Qizig‘i shundaki, Poroshenkoning qarori saylovlar paytida Zelenskiy tomonidan keskin tanqid qilingan. Va yangi prezident ilk farmonlaridan biri bilan avvalgi prezident qarorini bekor qilgan.

Kolomoyskiy – Isroil fuqarosi. Ukrainada qo‘sh fuqarolik taqiqlangan, ammo uning mavjudligini nazorat qilish qiyin, shuning uchun ba’zilar taqiqni shunchaki chetlab o‘tishadi. 2008 yilda oligarxning o‘zi ikkinchi fuqaroligi borligini tan olgan va shunday degan edi:

«Bu holatda Ukraina qonunchiligi va Konstitutsiyasi bir-biriga ziddir va bundan foydalanib qolmaslik uchun ahmoq bo‘lish kerak».

Endi mana shunga asosan, u Ukraina fuqaroligidan mahrum qilinishi mumkin (shu bilan birga, Isroilning o‘zida Kolomoyskiy huquqni muhofaza qilish organlarining ham e’tiborini tortgan bo‘lishi mumkin).

Tarmoqda paydo bo‘lgan hujjat skanerining haqiqiyligi hamon tasdiqlanmadi yoki rad etilmadi. Rasmiylar fuqarolikdan mahrum qilish haqidagi har qanday farmon shaxsiy ma’lumotlar borligi tufayli maxfiy ekanini aytish bilan cheklanmoqda. Demak, agar Zelenskiyning farmoni haqiqatan ham bor bo‘lsa, u rasman e’lon qilinmaydi.

Ayni paytda, ro‘yxatdagi odamlarda allaqachon muammolar boshlangan. Xorijiy safardan Ukrainaga qaytishga uringan Gennadiy Korbandan shunchaki pasporti olib qo‘yildi. Ukraina ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Kolomoyskiy va uning «Privat» guruhidagi sherigi Gennadiy Bogolyubovning pasportlari davlat migratsiya xizmati reyestrida «haqiqiy emas» deb belgilangan.

Bunday radikal harakatlar allaqachon Ukraina siyosiy makonida g‘alayon keltirib chiqargan. Qiziq tomoni shundaki, hujjat skaneri Yuliya Timoshenkoning «Batkivshchina» partiyasi vakili bo‘lgan xalq deputati Sergey Vlasenko tomonidan e’lon qilinmoqda. Timoshenko va Kolomoyskiy o‘rtasidagi uzoq yillik ziddiyatli munosabatlar hisobga olinsa, bu oldindan rejalashtirilgan xatti-harakat bo‘lishi mumkin.

Zelenskiy eski biznes sherigidan qutulmoqchimi?

Birinchi taxmin shunday. Unga ko‘ra, Zelenskiy nihoyatda «salbiy» sherigidan xalos bo‘lishni maqsad qilgan va 2019 yildan beri davom etib kelayotgan hamkorlikka chek qo‘ymoqchi. Bundan tashqari, Kolomoyskiyning «yakson qilinishi» amerikalik sheriklarning iltimosi bo‘lishi mumkin. Ukraina fuqaroligidan mahrum bo‘lgan oligarxni bemalol AQShga ekstraditsiya qilish mumkin.

Ikkinchi taxmin birinchisiga zid. Zelenskiy, aksincha, Kolomoyskiyni «oligarxiyaga qarshi qonun»dan qutqarib, panaga o‘tib olishga imkon bermoqchi (Ukrainadagi xorijliklarga ommaviy axborot vositalariga egalik qilish taqiqlanmagan). Biroq, Adliya vaziri Denis Malyuska bu mish-mishlarni rad etdi: oligarxlar reyestriga kirish uchun Ukraina fuqarosi bo‘lish shart emas.

Hozirgi urushdan oldin ham Zelenskiy oligarxlarning siyosatdagi ta’sirini cheklash uchun jiddiy harakatlar qilgan. O‘sha paytda prezident jamoasi Ukrainaning eng boy odamlari bilan uzoq davom etgan mojaroga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Ularning moliyaviy va media imkoniyatlari hisobga olinsa, mojaro natijasi mavhum bo‘lib turgandi. Biroq, urushning ekstremal sharoitlari Zelenskiyga sodiq bo‘lmagan elita guruhlarini tor-mor etishni osonlashtirdi va unga siyosiy sahnani butunlay qayta formatlash imkonini berdi.

Shu sababli, Ukrainadagi eng nufuzli kishilardan biri fuqaroligini yo‘qotishi ajablanarli emas. Biroq, «deoligarxizatsiya»ning boshqa tomoni ham bor: albatta, oligarxlar resurslardan shaxsiy maqsadda foydalanib, davlat korrupsiyalashishiga olib kelishgan edi. Lekin bir vaqtning o‘zida yirik moliyaviy va sanoat guruhlari, ularning raqobati, paradoksal ravishda, mamlakatni avtoritarizmga tushib qolishdan himoya qilayotgandi.

Mavzuga oid