Sport | 09:22 / 31.07.2022
15227
16 daqiqa o‘qiladi

Emeri, Gasperini va Moyyes: Top-klublar «yukini torta olmagan» 10 murabbiy

Foto: Getty Images

Yaqindagina Maurisio Pochettino dunyoning eng istiqbolli murabbiylaridan biri hisoblanar edi. «Tottenhem» bilan Chempionlar Ligasi finaliga chiqqach, argentinalikka haqiqiy top-klubda ishlash imkoniyati berilsa, barcha sovrinlarni qo‘lga kiritadigandek tuyulgan edi. Lekin, aslida, Poch «PSJ»da o‘rtamiyona ish qildi va alamli tarzda ishdan bo‘shatildi. Parijliklar Kristof Galte bilan shartnoma imzoladilar. Lekin u ham katta klublarda ishlamagan va Pochettino yo‘lini takrorlashi mumkin.

Futbolda ba’zan ma’lum bir murabbiyni daho deb atashadi. Shunchaki unga ajoyib tarkib bering va u klubni koinotga uchiradi, chunki o‘rtacha futbolchilar bilan ko‘p narsaga erishgan. Ammo bunday mantiq har doim ham ishlamaydi, quyida shunday misollarni keltiramiz. O‘rtamiyonalar bilan muvafaqiyatga erishgan, ammo top-klublarda yuksak natija ko‘rsata olmagan 10 murabbiyni sanab o‘tamiz.

Foto: Getty Images

10) O‘ninchi o‘rin – Niko Kovach va uning «Bavariya»dagi muvaffaqiyatsizligi. Niko murabbiylik faoliyatini Xorvatiya milliy jamoasida boshladi va «Ayntraxt»da porladi. U 2016 yil bahorida nemis klubiga tayinlandi, frankfurtliklar o‘sha paytda yomon ahvolda edi. Ammo Kovach jamoani qaytadan yig‘di va sog‘lom pragmatizm bilan quvvatlantira oldi. U Bundesligada 8-o‘rinni egalladi, Germaniya kubogi-2018 finalida esa «Bavariya»ni mag‘lub etdi. Shundan so‘ng, myunxenliklar uni murabbiy sifatida sinab ko‘rishga qaror qilishdi.

Xorvatiyalik mutaxassis «Bavariya» bilan chempion bo‘ldi va Kubokni qo‘lga kiritdi. Ammo Chempionlar Ligasi pley-offining birinchi bosqichidayoq kurashdan chiqib ketdi. Garchi jamoaning o‘ziga xos hujum uslubi ko‘rinmasa-da va hatto futbolchilar ham norozi bo‘lsa-da, rahbariyat murabbiyga ikkinchi imkoniyatni berdi.

Murabbiy jamoaga himoyaviy o‘yinni singdira boshladi, vaholanki «Bavariya» har doim hujumkor o‘ynagan. Ikkinchi mavsumda ochko yo‘qotishlar boshlanganida, o‘yinchilar murabbiy atrofida birlashmadi. Shundan so‘ng iste’foga chiqarildi. Keyinchalik, «Monako»da yomon ishlamadi, hozir esa «Volfsburg»ni boshqarmoqda – bu uning darajasi.

Foto: Reuters

9) To‘qqizinchi o‘rin – Andre Villash-Boash. U «Chelsi»da ko‘p vaqt ushlanib qolmadi. Mutaxassisning taqdiri Mourino faoliyatining birinchi bosqichiga juda o‘xshardi – o‘ttiz yoshli Boash bor-yo‘g‘i bir mavsum ichida yevroyulduzga aylandi. 2010 yilning yozida u «Portu» bosh murabbiyi etib tayinlandi va birinchi mavsumdayoq nafaqat chempion bo‘ldi, balki Yevropa Ligasida ham g‘alaba qozondi. Roman Abramovich bu yutuqlardan ta’sirlanib, uni «Chelsi»ga taklif qildi. Portugaliyalik o‘sha paytda tarixdagi ikkinchi eng qimmat murabbiyga aylandi.

Boash qo‘l ostidagi «Chelsi» oktabr oyida, o‘z uyida «Arsenal»dan 5 ta to‘p o‘tkazib yuborib, ortga chekinishni boshladi. Mart oyidagi qatorasiga 3 ta mag‘lubiyatdan so‘ng, Andre ishdan bo‘shatildi. Asosiy sabab – klubning tajribali futbolchilari bilan chiqisha olmay qolishi va haddan ziyod maksimalist ekanida. «Chelsi»dan ketgach, murabbiy Londonda qoldi va «Tottenhem» taklifini qabul qildi. U jamoa bilan chempionatda 5-o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, klub prezidenti yaxshiroq natijani kutgan edi. Ikkinchi mavsumda u ham Boash bilan ajrashdi.

Foto: Getty Images

8) Sakkizinchi o‘rin – «Milan»da ishi yurishmagan Fotih Terim. Turkiyada u mega afsona – «Galatasaroy» bilan sakkiz marta chempionlikni qo‘lga kiritgan. 2000 yilda Terim «sherlar»ni UYeFA kubogida g‘alabaga olib keldi: ular «Borussiya D», «Malorka», «Lids»ni, finalda esa «Arsenal»ni penaltilar seriyasida mag‘lub etishdi. Taktik jihatdan Arsen Vengerdan ustun kelgan Fotih jahonning sara murabbiylari safiga kirgandek tuyuldi. Unga jiddiy ahamiyat bera boshlashdi.

Tez orada mutaxassisga «Fiorentina» ishonib topshirildi. Terim «binafshalar»ga tezda tajovuzkor, hujumkor futbolni o‘rgatdi. Biroq, klub prezidenti bilan janjallashib, mavsumni oxirigacha yetkazmadi.

Ammo Berluskoni murabbiyning ishini ko‘rib, turkni «rossoneri»ga munosib deb hisobladi. Fotih zudlik bilan yulduzlar jamoasini o‘ziga xos tarzda qayta qurib, tajovuzkor hujumkor o‘yinni joriy qildi. Lekin «Milan» himoyasida hamma narsa mo‘rt bo‘lib chiqdi. Don Silvio tez orada Terimdan hafsalasi pir bo‘ldi va atigi 10 turdan so‘ng uni ishdan bo‘shatdi.

Foto: Reuters

7) Yettinchi o‘rin – Xuande Ramos va Xulen Lopetegi. Ikkalasi ham «Sevilya» bilan yevrokuboklarni qo‘lga kiritishdi, ammo ikkalasi ham «Real Madrid»da muvaffaqiyat qozona olishmadi.

Ramos 2000-yillarning o‘rtalarida ketma-ket ikkita UYeFA kubogini qo‘lga kiritdi va bu andalusiyaliklar tarixidagi ilk xalqaro sovrinlar edi. Shuningdek, u so‘nggi 50 yil ichida birinchi marta klubni kuchli uchlikka olib chiqdi. «Tottenhem» ispaniyalikni Angliyaga taklif qildi, biroq ikkinchi mavsum startidagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng u ishdan bo‘shatildi. Ammo bu «Real»ni tashvishlantirmadi. Xuande qo‘l ostida «qaymoqranglilar» kuchli o‘yin namoyish etishdi, biroq mavsum oxirini barbod qilishdi. Bunday vaziyatda murabbiyni qoldirish imkonsiz edi.

Xulen Lopetegi dastlab yoshlar bilan ishlash orqali muvaffaqiyat qozondi. U «Kastilya»ni boshqardi, keyinchalik Ispaniya yoshlar milliy jamoasi bilan bir nechta turnirlarda g‘alaba qozondi. Shundan so‘ng, Ispaniya milliy jamoasiga tayinlandi. Ammo Lopetegi mojaroli tarzda milliy jamoani «Real»ga almashtirdi. Klubdagi ishni muvaffaqiyatsiz boshladi. Birinchi o‘yindayoq Madrid derbisida 2:4 hisobida yutqazdi. Keyin yana bir qancha alamli mag‘lubiyatlar bo‘ldi, jamoa umuman futbol o‘ynamadi. Xulen «Real»da 138 kun ishladi. «Barselona» tomonidan «kaltaklanganidan» so‘ng ishdan bo‘shatildi.

Foto: Reuters

6) Oltinchi o‘rin – «Liverpul» tarixidagi eng yomon murabbiy Roy Xojson. Birinchi murabbiylik tajribasini Shvetsiyada oldi – turli klublar bilan mahalliy ligada g‘olib chiqdi. 2000-yillar boshida esa Daniya chempioni bo‘ldi. Keyin Roy shov-shuvli tarzda Shveytsariya milliy jamoasini Yevropa chempionatiga olib chiqdi. Ammo turnirda ishtirok etolmadi, «Inter» murabbiyi bo‘lish uchun milliy jamoa bilan shartnomasini muddatidan avval bekor qildi. Italiya grandi bilan hech narsaga erisha olmadi. UYeFA Kubogi finaliga chiqqan bo‘lsa-da, jamoa yoqimsiz futbol namoyish etdi.

Ishdan bo‘shatilgach, bir nechta klublarda ishladi. 2000-yillarning oxirida «Fulhem»ni quyi ligaga tushib qolishdan qutqardi va tez orada Yevropa Ligasi finaliga olib chiqdi. Murabbiy Angliyada sensatsiyaga aylandi va «Liverpul»ga taklif etildi. Xojson bilan muammolar sentabr oyidan boshlandi. Ular Liga Kubogida to‘rtinchi divizion jamoasidan mag‘lub bo‘lishdi. Premer-liganing 20 ta o‘yinidagi 9 ta mag‘lubiyatdan so‘ng, yanvar oyi boshida murabbiy ishdan bo‘shatildi. Roy «Liverpul»da kamida olti oy ishlagan murabbiylar ichida ochkolar bo‘yicha antirekord o‘rnatdi.

Foto: Getty Images

5) Beshinchi o‘rin – Kike Seten. Dastlab u Ispaniyaning kichik klublari bilan ishlagan, Ekvator Gvineyasi milliy jamoasi ham uning boshchiligida bitta o‘yin o‘tkazgan. Uning top-ligadagi birinchi jamoasi ikkinchi diviziondan endigina ko‘tarilgan «Las-Palmas» edi. Seten Primeradagi debyut mavsumida kamtarona klub bilan 12-o‘rinni egalladi va bir yildan so‘ng «Betis»ga ketdi. «Las-Palmas» esa boshqa mutaxassis rahbarligida Segundaga tushib ketdi.

Kike «Betis» bilan oltinchi o‘rinni egalladi. Muxlislar va futbol mutaxassislari murabbiy ishidan hayratda qolishdi, chunki u La Ligada qiymati bo‘yicha o‘ninchi o‘rinda turgan klub bilan yuqori natija ko‘rsata oldi. Shundan so‘ng, «Barselona» Setenni bosh murabbiylikka taklif qildi. 

Biroq, mutaxassis qo‘l ostida kataloniyaliklar o‘yini faqat yomonlashdi, ayniqsa safar o‘yinlarida zaif ko‘rinishdi. Murabbiy taktika ustida ko‘p ishladi, ammo klub yetakchilari hurmatini qozonmadi. «Bavariya»dan uchralgan 2:8 hisobidagi sharmandali mag‘lubiyatdan so‘ng hammasi tugadi. Bu zarba oqibatlaridan murabbiy hamon o‘ziga kelolmayapti. Hozir u bolalarni shug‘ullantirmoqda.

Foto: Getty Images

4) To‘rtinchi o‘rin – Jan Pero Gasperini. O‘z falsafasiga ega murabbiy, ammo katta futbolda birorta sovrini yo‘q. U murabbiylik faoliyatini qadrdon «Yuventus» klubi yoshlar jamoasida boshlagan. Keyin asta-sekinlik bilan ko‘tarilgan: «Krotone»ni B Seriyaga olib chiqqan, «Jyenoa»ni A Seriyaga qaytargan. Yuqori diviziondagi ilk mavsumda u o‘ninchi o‘rinni egalladi, bir yildan so‘ng esa beshinchi o‘rinni. Kamtarona klub bilan ajoyib natija.

Keyin Gasperini mo‘jizalarga qodir murabbiy deb hisoblandi. «Inter» ertakka ishondi va 2011 yilda uni yolladi. Lekin ish chappasiga ketdi.

Avvaliga rahbariyat Jan Peroning transfer istaklarini e’tiborsiz qoldirdi. Tajribali faxriylarga to‘lib ketgan jamoa yangi murabbiyning g‘oyalariga moslashishni istamadi. Dastlabki 5 ta o‘yindagi 4 ta mag‘lubiyatdan so‘ng Gasperini iste’foga chiqarildi. Keyinchalik o‘rtamiyona «Atalanta» bilan klub tarixidagi eng yaxshi natijalarga erishdi, yangi darajaga olib chiqdi. Ammo Gasp bu yaqin orada top-klublarga tayinlanmasa kerak.

Foto: Getty Images

3) Uchinchi o‘rin – Devid Moyyes. «Everton»ni 11 yil boshqargan, APL tarixida oyning eng yaxshi murabbiyi unvoni bo‘yicha Fergyuson, Venger va Gvardioladan keyin to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. U autsayder klubni yevrokuboklarga da’vogarga aylantirdi va 2004/05 mavsumida Premer-Ligada to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Keyin 7 yil davomida klub sakkizinchi o‘rindan pastga tushmadi. Moyyes jamoasi oddiy va samarali futbol namoyish etdi, ammo uning o‘zi hurmatga sazovor bo‘ldi.

Keyinchalik, shotlandiyalik mutaxassis «Manchester Yunayted»ga tayinlandi. Bu qarorni Aleks Fergyusonning o‘zi qo‘llab-quvvatladi va uni o‘ziga o‘rinbosar sifatida ko‘rdi. Birinchi ogohlantirish qo‘ng‘irog‘i dekabr oyida yangradi. «Manchester Yunayted» 21 yil ichida ilk bor o‘z maydonida «Everton»ga yutqazdi, 41 yil ichida ilk bor «Nyukasl»ga mag‘lub bo‘ldi. Yangi murabbiy o‘rtamiyonalar bilan ochko yo‘qotdi va top-klublarga yutqazdi. Devid ishdan bo‘shatilgan paytda jamoa yettinchi o‘rinda edi. Unga asosiy e’tiroz – ruhiy jihatdan o‘rtamiyona klub murabbiyi bo‘lib qolganida edi. Hozir Moyyes «Vest Hem»da yaxshi ishlayapti, mohiyatan «Everton» darajasidagi klubda.

Foto: Getty Images

2) Ikkinchi o‘rin – Unai Emeri. Milliy darajada u «Almeriya»da o‘zini tanitdi – klubni La Ligaga olib chiqdi va debyut mavsumida to‘qqizinchi o‘rinni egalladi. Shundan so‘ng Emeri «Valensiya»ga chaqirildi. Klubning moliyaviy muammolariga qaramay, uning qo‘l ostidagi jamoa birinchi mavsumda oltinchi, keyingi uch mavsumda uchinchi o‘rinni egalladi. Hatto Chempionlar Ligasining pley-off bosqichiga ham chiqdi. Keyin Rossiyaning «Spartak» klubida omadsiz tajriba bo‘ldi. Lekin Unaining o‘z vatanidagi obro‘si bundan umuman tushmadi – uni «Sevilya»ga chaqirishdi.

«Nervionliklar» bilan murabbiy Yevropa Ligasi qiroliga aylandi. Kubok sehri «PSJ» shayxlarining e’tiborini tortdi – ularga pley-off o‘yinlaridan omon chiqadigan va Chempionlar Ligasida g‘alaba qozona oladigan murabbiy kerak edi. Taqdir taqozosiga ko‘ra, «Barselona»dan uchralgan «mashhur» mag‘lubiyat aynan Emeri davrida sodir bo‘ldi. Ajablanarlisi shundaki, mutaxassisning Parijdagi sarguzashtlari ikki mavsum davom etdi. So‘ngra «Arsenal»ning taklifi hatto uning o‘zini ham hayratda qoldirdi, chunki top-klublardan biri unga imkoniyat berishini kutmagandi. To‘g‘ri, Unai Londonda Parijdagi xatolarini takrorladi va ko‘paytirdi. Ammo hozir u «Vilyarreal» yana zo‘r ishlamoqda.

Foto: Getty Images

1) Birinchi o‘rin – Klaudio Raneri. Italiyalikning muhim yutuqlari va sovrinlari faqat o‘rtamiyonalar bilan qo‘lga kiritilgan. 1991 yilda Raneri «Napoli»ga yevrokuboklarga chiqishga yordam berdi. Maradona ketganidan keyin klubning natijalari pasaygan va moliyaviy inqirozga uchragan edi. Keyin Klaudio «Fiorentina»ni A Seriyaga olib chiqdi va Italiya Superkubogini qo‘lga kiritdi (bunga qadar «binafshalar» 1975 yildan beri sovrinlarga ega emasdi). «Valensiya»da ishlagan murabbiy Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi va Ispaniya Kubogi sohibi bo‘ldi.

Abramovich «Chelsi»ni sotib olgan paytida Raneri klubda bosh murabbiy edi. Ana shunda uning dominant futbolni qo‘ya olmasligi bilinib qoldi. «Ko‘klar» darhol bir qancha yulduzlarni sotib olishdi, ammo italiyalik birorta ham unvonni qo‘lga kiritmadi va ishdan bo‘shatildi.

«Valensiya»ga qaytib, Yevropa Superkubogi sohibi bo‘ldi. Keyin «Parma»ning A Seriyada qolishiga yordam berdi. So‘ngra, «Yuventus»da omadi yurishmadi, «Inter»da ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ammo o‘zining asosiy yutug‘iga aynan o‘rtamiyona «Lester» bilan erishib, Angliya chempioni bo‘ldi.

Mavzuga oid