O‘zbekiston | 13:05 / 31.07.2022
17164
10 daqiqa o‘qiladi

«Maktablarda mehr-oqibat darslari o‘tilishi kerak» – jonivorlarga qo‘llanayotgan vahshiyliklar haqida

So‘nggi paytlarda mushuk, it, eshak kabi uy hayvonlari kaltaklangani, urib, hatto osib o‘ldirilgani holatlari ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez aylanyapti. Jonivorlarni qiynoqqa solayotganlar ruhiy xasta emas, aqli raso odamlar ekani xavotirli. Psixolog Shahnoza Xalilovaning tahlilicha, ayrimlar boshqa birovda qolib ketgan alamini jonivordan olishga urinadi.

Foto: KUN.UZ

Ko‘rishga yurak betlamaydigan qiynoqlar

Jonivorlarga zo‘ravonlik aks etgan videolar yaqindan boshlab ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik ularga ozor berish holatlariga bolaligidayoq guvoh bo‘lgan. Qiynoqlar tasviri tarqalgandan so‘nggina, jamoatchilik bu masalaga e’tibor qaratishni boshlayapti. Jonivorlarga zo‘ravonlikka oid holatlarning o‘ndan ortig‘i o‘tgan bir yilning o‘zida kuzatilgan.

Sodir etish tugul, qarashga yurak betlamaydigan tasvirlardan biri 2021 yilning iyun oyida Namanganda 9-13 yoshli o‘quvchilar tomonidan sodir etilgandi. O‘shanda bolalar itni daraxtga olib chiqib, arqonni shoxga bog‘lab, unga itni ilib qo‘yishgan. It tipirchilab, arqondan chiqolmay jon bergan.

Yana bir holat 2021 yil noyabr oyida Toshkentning Yashnobod tumanida yuz bergan. Unda 20 yoshli yigit 5 mushukni ushlab, ularni pod’yezdga olib kirib qiynagan. 40 daqiqa davomida azoblangan mushuklardan biri jon bergan.

2022 yilning o‘zida yuz bergan yana ikki holat dilni juda xira qiladi. Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida olingan videoda ikki erkak eshaklarni falaj qilish, yiqitish uchun ularning bo‘yin va boshiga xoda bilan tinimsiz urgan, eshaklardan biri karaxt holda yerga yiqilgan. Kadrda jonivorlarga nisbatan bo‘layotgan shafqatsiz munosabatni voyaga yetmagan yosh bola kuzatib turgani ham aks etgan.

Jizzaxda yuz bergan yana bir holat esa vahshiylikning eng yuqori darajasi bo‘lsa kerak. Unda Zafarobod tumani «Chimqo‘rg‘on» QFYda joylashgan «Xuaxin» sement zavodi ishchisi kiyimidagi shaxs kuchuk bolasini tiriklayin kuydirayotgani aks etgan. Yana ham achinarlisi, yoshlar orasida jonivorlarni qiynab, uni Tik Tok’dagi sahifasiga qo‘yib, shu yo‘l bilan pul ishlaydigan qatlam ham paydo bo‘lishni boshlagan.

Yuqoridagi kabi himoyasiz hayvonlarni azoblagan fuqarolarga u yoki bu darajada jarima, jazo berilgan. Lekin jarimalar bunday holatlarning qayta sodir bo‘lmasligi uchun yetarlimi?

Jarimalar

MKning 111-moddasida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ularni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish kabi harakatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilangan.

Unga ko‘ra, hayvonlarni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish BHMning 3–5 baravarigacha (900 ming so‘mdan 1 mln 500 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa yoxud ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa yoki hayvonlarning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, BHMning 5–10 baravarigacha miqdorda jarimaga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, JKning 202-1 moddasida belgilanishicha, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ya’ni ularni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki ularga azob berish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa:

  • 25 BHMdan 50 BHMgacha miqdorda jarima;
  • yoki 240 soatgacha ma’muriy jamoat ishlari; 
  • yoki 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
  • yoxud 6 oygacha ozodlikni cheklash yoki 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ekolog Nargis Qosimovaning aytishicha, yuqoridagi jarima yoki jazolar doim ham ishlamaydi. Ko‘pincha hayvonlar qiynalgani tasvirlari jamoatchilik orasida muhokama bo‘lgach, e’tiborga olinadi. Ustiga ustak boshqa davlatlar bilan solishtirganda, O‘zbekiston qonunchiligida belgilangan jarimalar juda kam.

«Qonunchilikka hayvonlarni boqishga olgandan keyin qarovsiz qoldiradigan kishilar uchun ham jarima va jazo holatlari belgilanishi kerak», – deydi Nargis Qosimova. 

Hayvonlarga qiynoq uchun turli davlatlarda belgilangan choralar

Nyu-York

AQShda hayvonlar huquqlari konstitutsiyaga kiritilmagan. Shuning uchun hayvonlarga qarshi zulm qilganlik uchun jarima yoki jazo belgilash shtatlar qonunchiligida aks etadi. Masalan, Nyu-York qonunchiligida hayvonlarga azob berish, ularni qiynash, o‘ldirish va jang qildirish mumkin emas.

Hayvonni shafqatsiz va asossiz ravishda qiynoqqa solish, jarohatlash, mayib qilish, o‘ldirish yoki oziq-ovqat, suv kabi zarur oziq-ovqatlardan mahrum qilish, e’tiborsiz qoldirish 1000 dollargacha jarima yoki 1 yilgacha qamoq jazosiga sabab bo‘ladi. Hayvonlarga nisbatan og‘irlashtirilgan qiynoqlar uchun esa 5000 dollar yoki 5 yilgacha qamoq joriy qilingan.

Shveytsariya

Shveytsariya hayvonlarni himoya qilish bo‘yicha dunyodagi eng keng qamrovli qonunlarga ega. It boqish uchun 4 soatlik treningda qatnashgandan so‘ng litsenziya olish mumkin. Baliq boqadiganlar ham oldin belgilangan kursda o‘qishlari kerak. Shuningdek, hukumat hayvonlar huquqlarini himoya qilish uchun advokat ham yollaydi. Hayvonlarga qasddan shafqatsiz munosabatda bo‘lish 3 yilgacha qamoq, ularni qarovsiz qoldirish 2 000 dollargacha jarimaga tortilishi mumkin.

Misr

Misr qonunchiligida ham mehnat qiladigan hayvonlarni qiynash, ularga zarar yetkazish yoki o‘ldirish 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishga sabab bo‘ladi. Jinoyat kodeksida mehnat hayvonlari sifatida eshak, mushuk, it va qoramol kabilar tilga olingan.

Fransiya

Fransiya Jinoyat kodeksida xonakilashtirilgan, qo‘lga olingan yoki asirlikda saqlangan hayvonlarga nisbatan jismoniy, jinsiy zo‘ravonlik yoki shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun maksimal jazo – 2 yilgacha qamoq va 33 000 dollar jarima belgilangan. Bundan tashqari, huquqbuzarlarga 5 yilgacha hayvon boqish ham taqiqlanishi mumkin.

Tirik mavjudotga nisbatan shafqatsizlik nimadan paydo bo‘ladi?

Insondan suv, yemak so‘rab mo‘ltirab boqib turgan mushuk, it yoki hech bir noroziliksiz yuklarni yelkasida ko‘tarib, og‘irni yengil qiluvchi eshakka ozor berish mumkinmi?! Bunday munosabat insonning o‘sgan muhiti-yu tabiatiga qanchalik bog‘liqligini psixolog Shahnoza Xalilova shunday tushuntiradi:

«Ayrim kishilar hayvondan qo‘rqadi yoki jirkanadi. Mana shu himoya agressiyasi tufayli ham hayvonlarga ziyon yetkazib qo‘yishi mumkin. Inson ham ov qiladi, go‘sht yeydi, shuning o‘zidayoq agressiya bor. Kurashish, yashab qolishga intilishda ham agressiya bor. Chunki inson shunaqa yaratilgan. Bu agressiyaning kuchliligi bizning omadliligimizni belgilaydi. Faqat uni tarbiyalash orqali undan bunyodkor kuch sifatida foydalanish kerak».

Xalilovaning tushuntirishicha, xavfli agressiya odam o‘z ichki olamidagi muammolarni hal qilolmasa ham ishga tushadi. U nimanidir urib, qiynab ichki spazmlardan chiqishga harakat qiladi. Xavfli agressiya odam shunaqa qiynoqni, vahshiylikni ko‘rganda yoki o‘ziga nisbatan qo‘llanganda ham ishga tushadi. 

«Har bir odamda nimadandir qo‘rquv bor. Bu qo‘rquv ortida aslida bir odam bo‘lishi mumkin, asosan ota-onadan qo‘rquv bo‘ladi. Kishi o‘ziga azob bergan odamni azoblayolmagani uchun it yoki turli jonivorlardan alamini olishga harakat qiladi. Bu anglamasdan qilinadi va buning oxiri yo‘q. Agar kimdir birovga agressiya ko‘rsatib, orom olayotgan bo‘lsa, qaysidir og‘riqlarni chiqarishga urinmoqda», – deydi u.

«Maktablarda hayvonlarga mehr-shafqat darsi o‘tilishi kerak»

Ekolog Nargis Qosimova hayvonlarga shafqatsiz munosabat oiladagi muhitdan kelib chiqadi, deb hisoblaydi. Ko‘chada yurgan it, mushuklarni urmaslik, tosh otmaslik haqida oilada gapirilishi kerak.

«Masalan, biz kichkinaligimizdan hayvonlarga mehr bilan o‘sganmiz. Uyimiz kichkina hayvonot bog‘i edi. Hozir katta yoshdagilarga hayvonlarga mehr ko‘rsatishni uqtirish qiyindir.

Buni ta’lim muassasalaridan boshlash kerak. Aynan hayvonlarga mehr-shafqat darsini kiritish kerak. Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan bog‘chalarga yillik reja tushiriladi. Unda qaysi darslar o‘tilishi yozilgan bo‘ladi. Shu yerdan boshlab hayvonlarga mehr-shafqat darsi kiritilishi kerak. Keyinchalik maktab, o‘rta ta’lim, oliy ta’limga ham bunday darslarni kiritish kerak», – deydi ekolog.

U ta’lim muassasalariga hayvonlarga mehr-shafqat darslarini olib kirish samara berishini o‘z tajribasidan o‘tkazganini aytdi. Nargis Qosimova Toshkent viloyatida «Mehr va oqibat» nodavlat notijorat tashkiloti ko‘ngillilaridan biri.

«Bizning «Mehr va oqibat» NNT ko‘ngillilari maktablarga borib, hayvonlarga mehr ko‘rsatish bo‘yicha darslar o‘tib kelishadi, bolalarga turli videolar yordamida jonivorlarni parvarishlash o‘rgatiladi. Va buni bolalar juda yaxshi qabul qilishmoqda. Chunki bolalarda kichikligidan hayvonlarga talpinish bor. Shu talpinishni o‘ldirib yubormaslik kerak», – deydi mutaxassis.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Mavzuga oid