O‘zbekiston | 16:35 / 01.08.2022
17381
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Twitter blokdan chiqarildi

Twitter, WeChat va “Vkontakte”ga qo‘yilgan to‘siqlarning olib tashlanishi Prezident administratsiyasidagi kadrlar o‘zgarishi ortidan ro‘y bermoqda. Avvalroq Sardor Umrzoqov administratsiya rahbari, Komil Allamjonov esa uning o‘rinbosari etib tayinlangan edi.

Foto: Dado Ruvic / Reuters

O‘zbekistonda bugun, 1 avgustdan boshlab Twitter, WeChat va “Vkontakte” ijtimoiy tarmog‘iga qo‘yilgan to‘siq olib tashlanmoqda. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ma’lum qildi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, TikTok platformasi bilan muzokaralar davom etmoqda, natijalari yuzasidan qo‘shimcha xabar beriladi.

“Blokirovkalar rivojlanishga faqat zarar keltiradi”, – deyiladi AOKA bayonotida.

To‘rtta platformaga qo‘yilgan to‘siqning olinishi Prezident administratsiyasi rahbariyatidagi o‘zgarishlar ortidan ro‘y bermoqda. O‘tgan oyda Zaynilobiddin Nizomiddinov o‘rniga Sardor Umrzoqov Prezident administratsiyasi rahbari etib tayinlandi. Komil Allamjonov Administratsiya rahbarining o‘rinbosari bo‘ldi.

“Bloklash faqat zarar va axmoqlik”, – deya yozdi Allamjonov bugun o‘z Telegram-kanalida.

Yangilik yuzasidan prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov ham munosabat bildirdi.

“Prezidentimiz so‘z va matbuot erkinligini, fuqarolarning axborot olish va uni tarqatish, o‘z fikr va qarashlarini erkin bildirish huquqini ta’minlash davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri ekani va u izchil davom ettirilishini bir necha bor ta’kidlaganlar.

Axborot makonini yopib qo‘yish, fikrlar plyuralizmiga to‘sqinlik qilishga urinishlar jamiyatning taraqqiyotiga xizmat qilmay, aksincha, uni orqaga tortishi – isbot talab qilmaydigan haqiqat”, – deya bayonot berdi Asadov.

Twitter, TikTok, WeChat va “Vkontakte” o‘tgan yilning 2 iyul kuni bloklab qo‘yilgan edi.

Bunga “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan 27-1-modda sabab bo‘lgandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma’lumotlar jisman O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlanishi belgilangan.

Bu talabni ayni paytgacha birorta global ijtimoiy tarmoq bajargani ma’lum emas. Qator faollar va soha mutaxassislari qonunga kiritilgan modda bekor qilinishi kerakligini aytib kelmoqda.

Tarmoqlarning bloklanishi ortidan o‘zbekistonlik foydalanuvchilar to‘siqni aylanib o‘tish imkonini beruvchi VPN dasturlarini yuklab olishi sur’ati keskin ortib ketgandi.

2021 yilning 3 noyabrida Telegram, YouTube, Instagram, Facebook va Odnoklassniki tarmoqlariga ham to‘siq qo‘yilgan va bu katta rezonansni keltirib chiqargan edi. Natijada to‘siq shu kunning o‘zida olib tashlanib, qator mansabdorlar ishdan olingandi.

Ayni paytda Shaxsga doir ma’lumotlar sub’yektlari huquqlarini buzuvchilar reyestrida faqat TikTok qolgan.

Mavzuga oid