O‘zbekiston | 17:46 / 02.08.2022
21329
8 daqiqa o‘qiladi

«Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi» kitobi uchun mobil ilova ishlab chiqishga 2,6 mlrd so‘m so‘raldi. Vazir e’tiroz bildirdi

Akmal Saidov rahbarligidagi loyiha tayyorlagan «Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi» kitobining mobil ilovasi hamda Yangi O‘zbekiston lug‘atini ishlab chiqish uchun 2,6 mlrd so‘m mablag‘ ajratish so‘raldi. Lug‘at yaratishga Islom Karimovning «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» kitobiga ham alohida lug‘at qilingani etalon sifatida ko‘rsatildi.

Foto: Videodan kadr

2 avgust kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi hay’ati yig‘ilishida «Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi» kitobining mobil ilovasi loyihasi muhokama qilindi. Loyiha tashabbuskorlari ilovani yaratishga 2,6 mlrd so‘m mablag‘ ajratishni so‘ragan. Loyiha rahbari Akmal Xolmatovich Saidov bo‘lib, ijrochi tashkilot «Barqaror rivojlanish markazi» nodavlat-notijorat tashkiloti hisoblanadi.

Yig‘ilish hay’at raisi, innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va vazirlikning «Filologiya va ijtimoiy fanlar» yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy-texnik raisi o‘rinbosari Qiyomiddin Nazarov o‘rtasidagi qizg‘in bahs bilan kechdi. Kun.uz yig‘ilishni kuzatib, muhokamalar chog‘idagi muloqotning qisqacha mazmunini yozib oldi.

Vazir: Bu pul qayerga ishlatiladi, nega buncha mablag‘?

Jasur Ikramshikov, boshqarma boshlig‘i: Mobil ilovani Google Play’ga joylashtirish, iOS'ga joylashtirish, Creative Cloud, mobil ilovani yaratishda dizayner, android developer, bekend developerga xarajatlar, undan tashqari, Yangi O‘zbekiston o‘quv materiallarini 1000 adadda chop etish, Yangi O‘zbekiston tashviqot risolalari 1000 adad, mobil ilovaning metodik qo‘llanmasi 1000 adad, 10 turdagi reklama xarajatlari ko‘zda tutilgan.

Vazir: 100 million so‘m oylik ko‘pmi, kammi, nega hech kim gapirmayapti?

Qiyomiddin Nazarov: Loyiha doirasida xizmat safarlari ham ko‘zda tutilgan. Koreya va Hindistonga borib mobil ilova yaratishda tajriba o‘rganiladi.

Vazir: O‘zi mobil ilova yaratish tajribasi bor-ku, Koreyaga borib o‘rganish shart emas.  2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasining onlayn platformasi bor, ishlab turibdi.

Qiyomiddin Nazarov: «Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi» kitobi haqida gap ketyapti, kitobda muayyan darajada nazariy jihatlar bor. U strategiyadan farq qiladi. Biz bu masalani juda ham ko‘p o‘rganib chiqdik.

Bir yilga beshta vazifa qo‘yilgan, shu masalaga mablag‘larni ham ajratib chiqdik. 4ta narsa 1000 donadan chiqyapti. Markaz (Barqaror rivojlanish markazi nazarda tutilyapti – tahr.) yetmagan pulni yonimizdan to‘layapmiz deyapti.

Vazir: Autsorsingga qancha mablag‘ beryapti? Autsorsingga bersa, mobil ilova tayyor-ku?

Qiyomiddin Nazarov: Masala mobil ilovada emas, uning realizatsiyasi va doimiy to‘ldirib turishda.

Vazir: Uning realizatsiyasi bo‘lsa, davlat tashkilotlari, hokimliklar bor. Loyiha noto‘g‘ri qilinganini ko‘rib turibman. Mobil ilova 269 million so‘m, qariyb 300 million so‘m deylik. Prezidentimiz asarni yozib qo‘ygan bo‘lsalar, uni yozish kerak bo‘lmasa, unga bitta so‘z qo‘shilmaydi.

Qiyomiddin Nazarov: Asosiy mablag‘ mobil ilovaning o‘ziga emas, o‘zim shuni tushunmaganim uchun nimaga qancha sarflashingiz haqida yozib beringlar dedim. O‘quv qo‘llanma, majmua, lug‘at qilishmoqchi.

Vazir: Lug‘at nimaga kerak?

Qiyomiddin Nazarov: Bizda Yangi O‘zbekiston lug‘ati yo‘q, bu kerak. Hamma har xil gapiryapti.

Vazir: Yangi O‘zbekiston lug‘ati deganda nimani nazarda tutyapsizlar?

Qiyomiddin Nazarov: Markaz Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi degan lug‘at qilmoqchiki, taraqqiyot nima, yangi O‘zbekiston nimaligi kabi tushunchalar kiritiladi. Bizning taraqqiyot strategiyamiz degan cho‘ntak lug‘atimiz bo‘lsa yomon bo‘lmasdi. Ular ko‘p pul so‘ramoqchi emas.

Vazir: O‘zim tushunmayman Yangi O‘zbekiston lug‘ati nimaligini. Strategiya yozilgan, yangi terminologiyalar o‘z-o‘zidan kelib qolmagan, taraqqiyot so‘zi ham o‘zgarmagan.

Qiyomiddin Nazarov: Muhtaram birinchi prezidentning «Yuksak ma’naviyat yengilmas kuch» kitobi chiqqanda, 800 so‘zdan iborat juda katta lug‘at bo‘ldi. «Ma’naviyat» markazi bilan 290 ta yangi so‘z qo‘shildi. O‘shanda ham «Ma’naviyat» degan lug‘at qilingandi.

Vazir: Hamma kitobning glossariysi bo‘ladi, lekin u lug‘at degani emas.

Qiyomiddin Nazarov: Men markazga Innovatsiya vazirligi eng ko‘p bergan mablag‘ 1 mlrd 200 million so‘m, shuncha so‘raganlaringda savol bo‘lmas edi dedim.

Vazir: Dunyoda bir yillik ilm-fan loyihalarini moliyalashtirish 100 ming dollardan oshmaydi. NASAdan tashqari loyihalarni oladigan bo‘lsangiz ham 100 ming dollardan oshmaydi yillik moliyasi. Lug‘at masalasida qattiq bo‘lishingiz kerak, taraqqiyot strategiyasini o‘qish uchun, tushunish uchun qiyin bo‘lgan so‘zlarni glossariy qilsa bo‘ladi, lug‘at emas lekin.

Hozir hamma ustimizdan kuladi, hamma yangi O‘zbekistonni gapiradi «qayeri yangi» deb. Buni to‘g‘ri tushuntirishimiz kerak. Lug‘at qilamiz desak, endi tasavvur qiling. Ziyolilar o‘z aybimizni bilishimiz kerak, hali tushunmasdan turib yangi yo‘nalish ochyapmiz. Shuning uchun fikrimni aytdim, ilmda hamma narsani to‘g‘ri baholashni xohlayman. Mobil ilova 800 million so‘m ekan, unda ishlaydigan 18 odam nima karomat ko‘rsatadi? Tashviqotini tushunganim yo‘q.

***

Shundan so‘ng axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fanlari bo‘yicha Ilmiy-texnik kengash raisi Namoz Mirzayev mobil ilovaga taklif qilinayotgan mablag‘ va xizmat safarlari haqida fikr bildirdi.

«Metodologik qo‘llanma, risolalarni 1000 adaddan chiqaramiz deyapsizlar. Bundan foyda yo‘q, bu bilan aholining hamma qismini qamrab olmaymiz. Undan ko‘ra, ularning elektron variantini chiqarib, internetga joylaylik. Mablag‘ ham sarflanmaydi bunga. Xizmat safari haqida eshitmagan ekanman.

O‘ylaymanki, chet el tajribasini o‘rganish uchun chet elga borish shart emas. Biror narsa ochiq manbalarda bo‘lmasa, borganingiz bilan uni sizga bermaydi», – dedi Namoz Mirzayev.

«Yangi O‘zbekiston» lug‘ati xalqda teskari reaksiya paydo qilishi ehtimolini eslatgan Ibrohim Abdurahmonov shunday dedi:

«Mobil ilovani birinchi marta qilayotganimiz ham yo‘q. Meni onlaynda ko‘rib, har xil xulosa qilayotganlar bo‘lishi mumkin. Yangi O‘zbekiston lug‘atiga qarshi ham emasman. Har xil lug‘at qilamiz deb bu so‘zga nisbatan xalqimizda teskari reaksiya bo‘lishiga sabab bo‘lishimiz mumkin».

Innovatsion rivojlanish vazirligining yig‘ilishdan keyingi bayonotiga ko‘ra, ilmiy texnik kengash loyihaga taklif qilingan – 2,6 mlrd so‘mlik summani qabul qilmagan.

Shuningdek, loyiha umuman rad etib ham yuborilmagan. Aksincha kengash uni amalga oshirish uchun 1 mlrd 932 mln so‘m taklif etgan. Loyiha qabul qilinishi uchun uni vazir boshchiligidagi vazirlik hay’ati ma’qullashi kerak.

Mavzuga oid