O‘zbekiston | 15:50 / 06.08.2022
13621
3 daqiqa o‘qiladi

“Savollarimiz ochiq qoldi” - Abdurahmonov 2,6 mlrd so‘mga baholangan Yangi O‘zbekiston strategiyasining tashviqot loyihasi haqida

Jamoatchilik tanqidlaridan kelib chiqqan holda, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobining mobil ilovasi, o‘quv qo‘llanmasi, majmuasi va lug‘atini yaratish, buning uchun xorijga xizmat safarlari tashkil etish maqsadida so‘ralayotgan 2,6 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi ehtimoli kam. Bu haqda innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ma’lum qildi.

Foto: AOKA

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobini ommalashtirish bo‘yicha deputat Akmal Saidov boshchilik qilayotgan loyihaga 2,6 mlrd so‘m so‘ralayotgani muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

2 avgust kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi hay’ati (mablag‘ ajratuvchi) yig‘ilishida vazir Ibrohim Abdurahmonov loyihani tanqid qilgandi.

Abdurahmonov 4 avgust kungi matbuot anjumanida bu borada qo‘shimcha ma’lumot berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar qilmoqda.

Vazirning aytishicha, hozir loyihalashtirishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Vazirlikka yuborilgan loyihalar bir necha bosqichda tekshirilib, keyin moliyalashtirish masalasida qaror qabul qilinadi.

“Bu joyda manfaatlar to‘qnashuvi juda ham katta. O‘zbekistonda barcha olimlar bir-birini yaxshi taniydi va bir-biriga xulosa berishi juda ham qiyin. Shuning uchun bizda zanjirlarni uzgan joyimiz bor. Loyiha ilmiy ekspertiza, texnik ekspertiza, ilmiy kengashlar va jamoatchilik kengashi muhokamasidan o‘tadi”, – dedi u.

Abdurahmonovga ko‘ra, 1-bosqich – texnik ekspertiza raqamlashtirilgan bo‘lgani uchun undan har qanday loyiha o‘tadi. Keyingi bosqich ilmiy ekspertiza bo‘lib, bunda loyihani ikki kishi tekshiradi. Bu sub’yektiv tekshirish bo‘lgani uchun, loyiha keyingi bosqichda ilmiy kengashga tashlanadi. 25-31 a’zodan iborat ilmiy kengashdan o‘tsa, keyin vazirlik hay’atida ko‘riladi.

“Vazirlik hay’atida mening ishtirokimda ko‘riladi. O‘sha loyihani ham hali moliyalashtirmadik. Uni, mana, ilmiy kengashning raisi, qo‘shma kengashdan o‘tkazganmiz. Ular bizga buni qayta ko‘rib chiqish talabini qo‘yishdi. Qaytadan shakllantirish qo‘limizdan keladi deyishdi. Shakllantirsa, yana ko‘rib chiqamiz.

Lekin bizning savollarimiz ochiq qoldi, YouTube'da ham turibdi, jamoatchilikning fikri ham turibdi. Mana shundan o‘tib ketib, loyihani bizga topshiraman deyishsa, qarshiligimiz yo‘q, yana bir marta ko‘rib beramiz.

O‘ylaymanki, bu loyiha [hay’atga takroran] kiritilishi imkoniyatlari juda ham kam. Loyiha hay’atda ko‘rilsa, sizlar bundan albatta xabar topasizlar. Chunki yig‘ilishlarimiz onlayn translatsiya bo‘ladi”, – dedi Abdurahmonov.

Loyiha uchun so‘ralayotgan 2,6 mlrd so‘m nimalarga sarflanishi ko‘zlangani haqida Kun.uz'ning avvalgi materialida tanishishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda budjet defitsiti YaIMga nisbatan avval kutilganidek 3 foiz emas, kamida 4 foiz bo‘lishi taxmin qilinyapti.

Mavzuga oid