Misrning Gizasidagi qiptiylar cherkovida yong‘in oqibatida 40 dan ortiq kishi halok bo‘ldi
Misrdagi Giza shahrida joylashgan qibtiylar (koptlar) cherkovida yong‘in ro‘y berib, kamida 41 kishi halok bo‘ldi va o‘nlab kishilar tan jarohati oldi. Xabar qilinishicha, ko‘plab odamlar yong‘indan keyin yuzaga kelgan tiqilinchda jabrlangan. Qurbonlar orasida bolalar ham bor.
Reuters agentligi manbalari xabar berishicha, «Abu-Sifin» cherkovida yakshanba ibodatiga 5 ming nafarga yaqin kishi yig‘ilgandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in elektr uzatish simlarida yuzaga kelgan va uning o‘chog‘i ibodatxonaga kirish qismida bo‘lgan. Natijada binodan chiqish to‘silib qolgan va tiqilinch yuzaga kelgan.
Keyinroq yong‘in bartaraf etilgan, hozircha uning kelib chiqish sababi noma’lum, ammo qo‘shni cherkov ruhoniylaridan biri «Frans-press» agentligiga aytishicha, binoda qisqa tutashuv tufayli yong‘in yuzaga kelgan. «Elektr ta’minoti uzilgandi va ular generatordan foydalanishayotgandi. Elektr yana qaytganida esa yuklama yuzaga kelgan», degan u.
Guvohlar yong‘in boshlanish chog‘ini shunday tasvirlashadi: «Dindorlar uchinchi va to‘rtinchi qavatga yig‘ilishgandi va biz ikkinchi qavatdan tutun burqsib chiqayotganini ko‘rdik. Odamlar zinalar bo‘ylab pastga tusha boshlashdi va bir-birlarini yiqitib bosib o‘tishdi. Keyin biz portlash ovozini eshitdik, uchqun chaqnaganini va derazadan olov chiqayotganini ko‘rdik», degan agentlik bilan suhbatda hodisa guvohlaridan biri Yasir Munir. Uning izohlashicha, bu vaqtda u hamrohi bilan birinchi qavatda bo‘lgan, shu tufayli qochib qolishga ulgurgan.
Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy «qurbonlarning oila a’zolariga chin dildan hamdardlik» izhor etgan.
Voqea joyiga fojia sabablarini o‘rganish uchun prokuratura xodimlari yo‘llangan.
Giza Nil sohilida joylashgan va Qohira konglomeratsiyasi tarkibiga kiradi.
103 mln kishi yashovchi Misrda 10 mln atrofida xristian-qibtiylar istiqomat qiladi. Misr xristianlari tez-tez diskriminatsiyadan shikoyat qiladi, soni ko‘p bo‘lishiga qaramay ularning mamlakat hayotidagi o‘rni bunga mutanosib emas.
Mavzuga oid
17:46
Misrdan gepatitga qarshi dorining navbatdagi partiyasi olib kelindi
21:23 / 21.12.2024
Farg‘onadagi sexda yuz bergan yong‘in oqibatida bir kishi halok bo‘ldi
08:45 / 20.12.2024
Toshkentda yana bir yo‘lovchi avtobusida yong‘in chiqdi
15:10 / 19.12.2024