Jamiyat | 12:39 / 15.08.2022
24408
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda er-xotin tarvuzdan zaharlanib vafot etdi

Namanganning Norin tumani Katta yaydoq mahallasida yashagan 68 yoshli erkak va uning 63 yoshli rafiqasi ovqatdan zaharlanish oqibatida vafot etdi. Ular bozordan sotib olingan va 2 kun muzlatkichda saqlangan tarvuzni iste’mol qilishgan.

Foto: industry60plus

Chol-kampirning ikki farzandi hamda 6 va 10 yashar ikki nevarasi ham ovqatdan zaharlangan, ular tuman tibbiyot birlashmasiga joylashtirilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsiddinov Kun.uz'ga taqdim etgan birlamchi axborotga ko‘ra, oila a’zolari ovqatdan va 7 avgust kuni tuman dehqon bozorining old qismidan sotib olinib, ikki kun muzlatkichda saqlanib, 9 avgustda iste’mol qilingan tarvuzdan zaharlangan. Marhumlar o‘limi 11 avgust soat 09:30 larda oila xonadonida ro‘y bergan.

Norin tumanlararo STEBning 11 avgustdagi 71- va 72-sonli dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, o‘limga noma’lum agentdan (ovqat maxsulotidan) zaharlanish, ichki a’zolar shok holati, qonning suyuq holda bo‘lishi, surunkali yurak ishemik kasalligi, o‘tkir miya o‘pka shishi, o‘tkir yurak qon tomir va nafas yetishmovchiligi sabab bo‘lgan.

Tuman prokuraturasi holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasini tayinlagan va tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.

Mavzuga oid