Jahon | 13:04 / 21.08.2022
48475
10 daqiqa o‘qiladi

Inson matonati: 76 kun okeanda yeguliksiz qolib ketgan muhandis qanday tirik qolgan edi?

Inson matonati va chidami uni aql bovar qilmas sinovlardan ham omon olib chiqishi mumkin. AQShlik Stiven Kallahen ana shunday chidam va matonatga ega insonlardan biri hisoblanadi. U 1981 yilda Atlantika okeanida 76 kun yeguliksiz qolib ketib, hayot uchun kurashadi va tirik qoladi

1952 yilda AQShning Pensilvaniya shtatida tug‘ilgan Stiven Kallahen yoshligidan kemasozlikka qiziqadi. U o‘rta maktabni bitirgach harbiy-dengiz muhandisligi bo‘yicha tahsil oladi.

O‘qishni tamomlagach o‘z sohasida ishlash bilan birga turli dengiz poygalarida qatnasha boshlaydi. Shu bilan birga turli gazeta va jurnallarda safar taassurotlarini yozib beradi.

Bundan tashqari, turli kemasozlik kompaniyalari bilan hamkorlik qilib, ularga kichik kemalar, yaxtalarning dizaynni chizib beradi. Hayotida sodir bo‘lgan muhim bir voqeagacha Stivenni hech kim tanimagan. Ammo 76 kun Atlantika okeanida yeguliksiz, tirik qolgach u butun dunyoga mashhur bo‘ladi.

Poyga va falokat

1982 yilda bir kishilik parusda Atlantika okeanini suzib o‘tish bo‘yicha musobaqa tashkil etiladi. Unda Stiven Kallahen ham ishtirok etadi. O‘shanda u 29 yoshda edi.

Ushbu musobaqada belgilangan talablar asosida barcha dengiz sayohati ishqibozlari qatnashishi mumkin edi.

1981 yil kuzda Stiven o‘zining 6,5 metr uzunlikdagi «Napoleon-Solo» parusida Buyuk Britaniyaga qarashli Penzas shahridan suvga tushadi. U yerdan Ispaniyaning La-Korunya shahrigacha boradi va shu yerda uning parusi buziladi.

Foto: trendymen.ru

Stiven bir necha kun davomida parusni tuzatadi va poygadagi ishtirokini davom ettiradi.

1982 yil 29 yanvar kuni Stiven Kanar orollari tarkibiga kiruvchi Ierro oroliga yetadi va bu yerdan Karib havzasida joylashgan Antigua orolini mo‘ljal olib yo‘lga chiqadi.

Stiven 6 kun suzgach okeanda ob-havo yomonlashib, to‘fon boshlanadi. Bu paytda u Afrika qit’asi yaqinida joylashgan Yashil Burun orollaridan 450 mill uzoqlikda edi.

To‘fon Stivenning parusiga zarar yetkazadi va uning osti teshilib cho‘ka boshlaydi. Stiven parusdan maxsus rezina qayiq, garpun, ikkita suv ishlab chiqaruvchi quyosh qurilmasi, navigatsiya xaritasi, ozroq suv va yeguliklarni olishga ulguradi.

Parus cho‘kib ketganda Stiven usti yopiladigan rezina qayiq, biroz yegulik, bir necha litr suv hamda ochiq dengizda qanday qilib tirik qolish mumkinligi haqida yozilgan kitob bilan qolgan edi xolos.

Diametri qariyb 2 metr bo‘lgan rezina qayiq dengizning sho‘r suvida 40 kun chidashi mumkinligi haqida kafolat berilgan edi. Uni Atlantika okeanidagi Janubiy Passat oqimlari ohista surib ketadi va Stiven ochiq dengizda chorasiz qoladi.

Foto: outdoorrevival.com

Yashash uchun kurash

Stivendagi yegulik va suv tez orada tugaydi. Shundan so‘ng unga ochlik xavf sola boshlaydi. U garpun bilan baliq tutishga urinadi, ammo bu ish oson bo‘lmaydi. Okeanda baliqlar chuqurroq joylarda bo‘lishadi va Stiven bor-yo‘g‘i bir nechta baliq tutishga muvaffaq bo‘ladi.

U tasodifan rezina qayig‘i ichiga kirib qolgan qushlar va uchar baliqlarni tutib oladi. Stiven baliqlarni va qushlarni tiriklayin yeyishga majbur edi. Bu uni dengizchilarda uchraydigan singa kasalligidan asrab qoladi.

Foto: g1.globo.com

Stiven o‘zi turgan joydan biroz narida dengiz kemalari qatnaydigan yo‘nalish borligini, agar o‘sha yerga yetsa najot topishi mumkinligini bilardi. Ammo eshkaksiz, faqat qo‘l bilan harakatlanib uyoqqacha yetib olishning imkoni yo‘q edi. Buning ustiga Stiven och-nahor bo‘lgani uchun unda kuch-quvvat qolmagandi.

Stivenga ochlikdan tashqari suvsizlik ham azob bera boshlaydi. U quyosh yordamida suv ishlab chiqaruvchi qurilma yordamida har kuni yarim litrdan ozroq suv olar va bu Stivenning chanqog‘ini bosmasdi.

Stiven ishlatgan suv qurilmasi juda sodda ishlangan bo‘lib, uning tepasi plyonka bilan yopilgan va osti dengiz suviga tegib turardi. Quyosh nurlari plyonka ostidagi dengiz suvini parlantirar, natijada suv bug‘i plyonkaga borib yopishib, chuchuk suv tomchisiga aylanardi.

Foto: pikabu.ru

Ochiq okeanda qolib ketganining 40-kunida Stiven uzoqdan katta kemaning o‘tib ketayotganini ko‘rib qoladi. U harchand harakat qilmasin, kemadagilar Stivenni sezishmaydi. Shu tariqa bir necha kun mobaynida uning yaqinidan qariyb o‘ntacha kema o‘tib ketadi. Biroq ularning birontasi Stivenni payqamaydi. Shundan so‘ng uning umidi uziladi.

Okeanda yurganiga 50 kundan oshganidan so‘ng Stivenni ochlik va suvsizlikdan ko‘ra rezina qayiqning holati tashvishlantira boshlaydi. Qayiqqa 40 kun kafolat berilgani uchun u istalgan paytda teshilib, yaroqsiz bo‘lib qolishi mumkin edi. Ammo Stivenning baxtiga rezina qayiq ancha kunga chidab beradi.

1982 yil 20 aprel kuni ochiq dengizda qolib ketganiga 76 kuni bo‘lganda holdan toygan Stivenning qayig‘i Gvadayelupe orollari tarkibiga kiruvchi Mari Galant oroli yaqiniga borib qoladi. Bu paytda u holsizlikdan hushini yo‘qotayozgan, rezina qayiqda harakatsiz holda yotardi.

76 kun davomida Stivenning qayig‘i oqim yordamida Atalantika okeani bo‘ylab 3300 kilometr (1800 dengiz mili) masofani bosib o‘tgan edi.

Ertasi kuni Stivenning qayig‘ini mahalliy baliqchilar payqab qolishadi. Bir gala qushlarning qandaydir rezina qayiq tepasida aylanishi ularning e’tiborini tortgandi.

Foto: sea.wreia.us

Baliqchilar Stivenni suvdan olib chiqib, darhol shifoxonaga olib borishadi. Shunda u 20 kilogrammga ozib ketgani, dengizning sho‘r suvi uning terisini shikastlagani aniqlanadi.

Shundan so‘ng dunyoning eng mashhur gazetalarida u haqda maqolalar chop etiladi. Telekanallar u haqda reportajlar va ko‘rsatuvlar qilishadi. Shu tariqa u jahonga mashhur bo‘ladi.

Avtobiografik asar va film

Stiven uyga qaytganidan so‘ng sog‘ligini tiklab, ishiga qaytadi. Quvvati tiklangach yana yaxta sporti musobaqalarida qatnasha boshlaydi. Bu haqda uning o‘zi shunday deydi:

«Siz o‘ylaganingizdan ko‘ra kuchliroq va chidamliroqsiz. O‘tmishda shunday holatga tushib qolgan odamlar bilan suhbatlashdim. Ularning barchasi qiyin vaziyatga tushib qolganidan afsuslanmaydi. Shu jumladan men ham. Men mislsiz mashaqqatga duch kelib o‘zimni va dunyoni yaxshiroq angladim».

Shundan so‘ng Stiven uzoq yillar davomida AQShdagi kemasozlik universitetlarida ham ma’ruzalar o‘qiydi. Leksiyalardan birida u talabalarga boshidan o‘tkazgan sinovlarni, 30 yoshga to‘lgan kunini Atlantika okeanida yolg‘izlik va umidsizlikda, 60 yoshga to‘lgan kunini oqqondan davolanayotganda shifoxonada o‘tkazganini aytadi.

Foto: irecommend.ru

1986 yilda Stiven okeanda qanday qilib jon saqlab qolganini hikoya qiluvchi asarini yozadi. Asar «76 kun dengiz asirligida» nomi bilan New-York Times gazetasida 36 hafta davomida davomli chop etiladi. Asar o‘quvchilar tomonidan iliq kutib olinadi

Biroz o‘tib Stivenning asari kitob holida chop etiladi va bir necha yil davomida dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilinadi.

Keyinchalik, 2012 yilda rejissyor Eng Li Stivenni o‘zi suratga olayotgan «Pining hayoti» filmida rejissyor maslahatchisi sifatida ishlashga taklif etadi. Mazkur filmda ham Stivenga o‘xshab okeanda uzoq vaqt yolg‘iz qolib ketgan hind yigitining taqdiri hikoya qilinadi.

Film suratga olinayotganda Stiven rejissyor va bosh rolni ijro etgan aktyorga uzoq kunlar davomida ochiq dengizda qanday qilib jon saqlagani haqida o‘z tajribalarini o‘rtoqlashadi.

Foto: «Pining hayoti» filmidan kadr

«Bir kun menga rejissyor Eng Li qo‘ng‘iroq qildi va suratga olayotgan filmida ishtirok etishimni so‘radi. Men mavzuni ham, vazifamni ham bilmasamda darhol rozi bo‘ldim. Suratga olish maydonchasiga borganimdan so‘ng loyiha haqida gapirib berishdi. Bosh qahramon rolini o‘ynayotgan aktyorga suvda o‘zini qanday tutishda, sahna bezaklarida yordam berdim. Suratga olish tugagandan so‘ng rejissyor mendan taassurotlarimni so‘radi. Men g‘urur bilan «Bu 76 kun okeanda qolib ketishdan ham qiyinroq bo‘ldi» deb javob berdim», degan edi Stiven intervyularidan birida.

Garchi Stivenning asari film qilinmagan bo‘lsa ham, uning hayoti haqida bir nechta hujjatli film suratga olingan.

Foto: Wikipedia

Bugun Stiven 70 yoshda. U hanuzgacha turli universitetlar va akademiyalarda leksiya o‘qiydi. Sayohatlari bitilgan maqolalarni OAV da chop etib turadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid