Jahon | 16:32 / 23.08.2022
19094
3 daqiqa o‘qiladi

Patrushev ShHTdagi hamkasblarini AQSh bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish xavfi haqida ogohlantirdi

U Tojikistonda AQSh boshchiligida bo‘lib o‘tgan «Mintaqaviy hamkorlik-2022» o‘quv mashg‘ulotlarini nazarda tutgan.

Nikolay Patrushev / Foto: MID RF

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Markaziy Osiyodagi harbiy mashg‘ulotlari, unda ba’zi ShHT davlatlari ishtirok etishi Vashingtonga potensial harbiy harakatlar teatrini o‘rganish uchun zarur. Bunday fikrni Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev 19 avgust kuni Toshkentda hamkasblari bilan uchrashuvda bildirdi, deb xabar beradi EurAsia Daily uning nutqining avval e’lon qilinmagan qismlariga tayangan holda.

Uning ta’kidlashicha, Vashington Afg‘onistonning qo‘shnilari bilan u yerda antiterror amaliyotlari uchun go‘yoki vaqtinchalik infratuzilma yaratish bo‘yicha kelishuvga erishish urinishlaridan voz kechmayapti.

RF Xavfsizlik kengashi kotibining qayd etishicha, Moskva AQSh qo‘mondonligida 10 avgust kuni boshlangan «Mintaqaviy hamkorlik – 2022» harbiy mashg‘ulotlarini aynan shu nuqtayi nazardan ko‘rib chiqmoqda.

Ularda ShHTga a’zo davlatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Pokiston, shuningdek, Mo‘g‘uliston Xalq Respublikasi harbiy xizmatchilari ishtirok etmoqda.

«Hamkorlarimizga eslatib o‘tmoqchimanki, amerikaliklarga bunday tadbirlar birinchi navbatda potensial operatsiyalar teatrini o‘rganish, istiqbolli nishonlar koordinatalarini aniqlashtirish va yuqori aniqlikdagi qurollarning raqamli xaritalarini to‘g‘rilash uchun kerak. Umid qilamanki, ShHTga a’zo barcha davlatlar Amerikaning bu tashabbuslari bizning xavfsizligimiz uchun o‘ta katta xavf tug‘dirayotganini endi anglaydi», - dedi Patrushev. 

Patrushevga ko‘ra, hozir dunyoda jiddiy geosiyosiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda va aslida global inqiroz avj olmoqda. Buning sababi - G‘arbning o‘z hukmronligini o‘rnatish istagi. Moskva ShHT faoliyatini bugungi kunda yuzaga kelayotgan geosiyosiy voqelikni hisobga olgan holda modernizatsiya qilish zarur, deb hisoblaydi.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan tadbirda ShHT Xavfsizlik kengashlari kotiblari tashkilotning sentabr oyiga mo‘ljallangan sammiti kun tartibini muhokama qildi.

ShHT sammiti sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadi. Tashkilotga a’zo davlatlarning barcha yetakchilari unda ishtirok etishlarini tasdiqladi. Biroq, ayrim davlat rahbarlari hozircha ishtirok etish formati haqida bir qarorga kelmagan.

Hozirda ShHTga Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston a’zo hisoblanadi. Kuzatuvchi davlatlar – Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston, hamkor davlatlar – Ozarboyjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka. Tashkilot sammiti sentabr oyi o‘rtalarida Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda Eronning tashkilotga qo‘shilish jarayoni yakunlanishi hamda Misr, Qatar va Saudiya Arabistoniga muloqot bo‘yicha hamkor maqomi berilishi kutilmoqda.

Shuningdek, Belarusning ShHTga to‘la huquqli a’zo sifatida kirish haqidagi arizasi ham o‘rganilmoqda.

Mavzuga oid