O‘zbekiston | 12:57 / 24.08.2022
11725
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimligi qoshida Jamoatchilik kengashi qayta tuzildi

Jamoatchilik kengashining yangi tarkibi shakllantirildi. Unda Nikita Makarenko, Aleksandra Ivanyujyenko, Saodat Abduzakirova, Abu Ali Niyozmatov kabi faollarning ismi keltirilmagan.

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 69-sessiyasida shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev chiqish qilib, hokimlik qoshidagi Jamoatchilik kengashi faoliyati bo‘yicha taklif berdi.

“O‘zingizga ma’lum, poytaxtimiz aholisi va mehmonlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, aholi turmush darajasi sifatini yanada oshirish – asosiy maqsadimiz. Lekin so‘nggi vaqtlarda aholimiz manfaati uchun qilayotgan xayrli ishlarimizni keng jamoatchilikka o‘z vaqtida va to‘liq yetkazib bera olmayotganimiz sabab, turli e’tiroz va ba’zi paytda noxolis tanqidlarga uchrayapmiz.

Shu o‘rinda yana bir narsaga alohida to‘xtalmoqchiman, amalga oshirilayotgan ishlar va loyihalar ko‘lami qanchalik keng, katta bo‘lmasin, jamoatchilikning fikri, maslahati va kerak bo‘lsa ba’zi o‘rinlarda tanqidisiz kutilgan ijobiy natijaga erishishning iloji yo‘q.

Shu sababli biz jamoatchilik bilan yaqindan va ochiq ishlash, aholining faol qismini shahrimizda olib borilayotgan islohotlarga kengroq jalb etish maqsadida Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi ishini siz deputatlarimiz bilan bamaslahat qayta ko‘rib chiqishga qaror qildik.

Endilikda Jamoatchilik kengashi fuqarolarimizga olib borilayotgan islohotlar va loyihalarni to‘liq, shaffof yetkazib bera oladigan vakolat va tizimga ega tuzilma bo‘ladi.

Shuningdek, Jamoatchilik kengashining yangi tarkibi shakllantirildi. Alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman, yangi Jamoatchilik kengashi ishida ekspert sifatida xohlagan fuqaro ishtirok etishi mumkin”, – dedi hokim.

Ortiqxo‘jayev kengash raisi lavozimiga Toshkent shahar Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Furqat Mahmudxo‘jayev nomzodini taklif qildi. U avvalroq shahar hokimining birinchi o‘rinbosari ham bo‘lgan.

“Furqat akani ortiqcha tanishtirib o‘tirish menimcha shart emas, davlat va jamoat tashkilotlarida uzoq yillar davomida mas’ul vazifalarni bajarib kelgan. Qolaversa, Toshkent shahrining taraqqiyoti va taqdiriga doimo jon kuydiradigan fidoyi, vatanparvar insonlaridan biri.

Men keng jamoatchilikka, OAV vakillarini, jurnalist va blogerlarni, xususan, shahrimizdagi o‘zgarishlar, poytaxtimizning flora va faunasiga befarq bo‘lmagan Nikita Makarenko, Aleksandra Ivanyujyenko, Saodat Abduzakirova, Abu Ali Niyozmatov kabi faol hamshaharlarimizni Jamoatchilik kengashi a’zoligiga taklif qilaman.

Ishonamanki, ularning bu yerdagi faoliyati, fikrlari, taklif va tashabbuslari, albatta, shahrimizdagi yangilanishlar hamda o‘zgarishlar jarayoniga, bizning turli soha va yo‘nalishlardagi faoliyatimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, – dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Tadbir davomida Furqat Mahmudxo‘jayev chiqish qilib, poytaxtda qilinayotgan ishlar jamoatchilik bilan bamaslahat qilinadigan bo‘lsa, xato va kamchiliklar kamayishini aytib o‘tdi.

Taklif Toshkent shahar kengashi deputatlari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar hokimligida Jamoatchilik kengashi 2018 yilda tuzilgan edi. Kengashning birinchi raisi tadbirkor Hikmat Abdurahmonov bir yildan so‘ng raislikdan ketgan edi.

Kengashning nizomi va yangi tartibi Jahongir Ortiqxo‘jayev bugun, 24 avgust kuni imzolagan qaror bilan tasdiqlandi.

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining tarkibi:

  1. Sabohat Yusufaliyevna Po‘latova – Yoshlar ishlari agentligi Bektemir tumani bo‘limi boshlig‘i
  2. Ortiq Turg‘unboyevich Hojiyev – Toshkent viloyati “Issiqlik manbai” IChB Qibray “Issiqlik manbai” rahbari
  3. Bobir Sobirovich Mansurov – Mirobod tumani O‘zLiDeP kengashi raisi
  4. To‘raboy Tursunovich Nazarov – “Toshkentmebel” MChJ boshqaruv kengashi raisi
  5. Jahongir Husanovich Mirzayev – Xalq deputatlari Sergeli tuman kengashi kotibiyati mudiri
  6. Jamshid Fathullayevich Karimov – “Grand Thornton” MChJ auditorlik tashkiloti bosh direktori
  7. Zafarjon Anvarovich Ilhomov – 7-son tug‘uruq kompleksi bosh shifokori
  8. Furqat Siddiqxo‘jayevich Mahmudxo‘jayev – Toshkent shahar Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i
  9. Dilshod Yodgarovich Isomiddinov – “Paxtakor” klubi Qibray bazasi direktori
  10. Farhod Fattohovich Abdurahmonov – O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari
  11. Viktor Vladimirovich Mixaylov – “Novosti Uzbekistana” nashri bosh muharriri
  12. Tatyana Aleksandrovna Gribanova – 158-son o‘rta ta’lim maktabi direktori
  13. Anna Andreyevna Ayrapetova – “Fresh media” MChJ rahbari
  14. Nazira Qobilovna Isroilova – “Shoh produkt plyus” MChJ rahbari
  15. Jasur Alisherovich Mirqosimov – “Best translation” MChJ bosh direktori
  16. Ravshanxon Ergashevich Jo‘rayev – “Uzreport” axborot agentligi bosh direktori
  17. Umid Sayitovich Ro‘ziyev – Toshkent shahri “Nuroniy” klinik shifoxonasi bosh shifokori
  18. Hasanjon Mamatkarimovich Dadaboyev – “Yeko Plast Produkt” MChJ rahbari
  19. Yevgeniy Semenovich Sklyarevskiy – “Pisma o Tashkente” internet sahifasi asoschisi

Mavzuga oid