O‘zbekiston | 07:59 / 24.08.2022
8639
2 daqiqa o‘qiladi

Umumiy ovqatlanish korxonalari uchun yangi sanitariya talablari tasdiqlandi

Umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablari Adliya vazirligi tomonidan hisobga olindi.

Foto: Fotolia

Yangi talablar bilan tadbirkorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi ayrim talablar (suv ta’minoti bo‘lmaganda korxona faoliyatini to‘xtatishi, ovqat tayyorlashda ko‘mir va o‘tindan foydalanishni taqiqlash) bekor qilindi.

Quyidagi sanitariya-gigiyena talablari belgilandi:

  • umumiy ovqatlanish korxonalarida ichimlik suvi bilan ta’minlash markazlashtirilgan suv ta’minoti tizimiga ulanish yo‘li bilan amalga oshirilishi;
  • markazlashtirilgan suv ta’minoti bo‘lmaganda, ichki suv ta’minoti artezian qudug‘idan, boshqa quduqlardan yoki kaptajlardan foydalanish;
  • chiqindi maydonchasini belgilangan masofada joylashtirish imkoni bo‘lmaganda, chiqindilar korxonalar sovitish tizimi, yuvish va dezinfeksiyalash imkoni bo‘lgan alohida xonasida saqlanishiga yo‘l qo‘yilishi.

Umumiy ovqatlanish korxonalarida quyidagilarni amalga oshirishga ruxsat etilmaydi:

  • texnologik jarayon talablariga rioya qilishni ta’minlash imkoniyati mavjud bo‘lmaganda mahsulot tayyorlash;
  • yaroqlilik muddati o‘tgan, sifatsiz yoki sifati bo‘yicha shubhali, buzilish belgilari bo‘lgan mahsulotlardan foydalanish;
  • germetik idishlarda sabzavotli, go‘shtli, baliqli, qo‘ziqorinli konservalar tayyorlash;
  • quritilgan va dudlangan baliq tayyorlash va quritilgan qo‘ziqorinlar tayyorlash.

Ishlab chiqarish jarayonida bevosita ishtirok etuvchi xodimlar tomonidan ish boshlashdan oldin quyidagilar amalga oshirilishi shart: zargarlik buyumlari, soatlar yechilishi; sochlar ro‘mol yoki qalpoq ostiga yig‘ilishi; toza sanitariya kiyimlari kiyilishi; qo‘llar iliq suvda sovun bilan yuvilishi va dezinfeksiyalovchi vositalar bilan ishlov berilishi, tirnoqlar olingan va lak surilmagan bo‘lishi kerak.

Mavzuga oid