Jahon | 16:53 / 27.08.2022
31415
18 daqiqa o‘qiladi

Aka-uka Bayroqdorlar: Pul muhim emas, biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz

Uchuvchisiz boshqariladigan Bayraktar dronlari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda ukrainaliklar qarshiligining o‘ziga xos ramziga, Bayraktar so‘zining o‘zi esa ommaviy madaniyatning ajralmas qismiga aylandi. Bugungi kunda ushbu dronlarning ishlab chiqarilishi ortida aka-uka Xoluq va Saljuq Bayroqdor turibdi.

Ukrain harbiylari Bayraktar dronlarini qabul qilmoqda. Foto: Getty Images

Aka-ukalar ofisi Istanbulning chekka hududida joylashgan. Maydon va binoning o‘zi dunyoning turli burchaklarida urushlar yo‘nalishini o‘zgartirgan harbiy dronlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyadan ko‘ra ko‘proq g‘arb universiteti kampusiga o‘xshaydi.

Kirish joyida xodimlar uchun Usmonlilar imperiyasi tarixiga oid ko‘plab kitoblar qo‘yilgan, ular orasida namoz o‘qish qoidalari haqidagilari ham bor. Bino universitetga o‘xshatilishi bejiz emas, xodimlarning o‘rtacha yoshi 29-30 atrofida.

Kabinetlarning birinchisi katta aka Xoluqniki – u kompaniyada CEO lavozimini egallagan va bosh direktor hisoblanadi.

Xoluq Bayroqdor prezident Zelenskiy bergan «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan

Devorda qahrabodan yasalgan ukrainaliklar kulbasining surati osilgan, stolida yumshoq o‘yinchoq – Bayraktar TB2 droni bor.

Xoluq dastlab 2020 yilda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy qo‘lidan Kiyevda olgan «Buyuk xizmatlari uchun» davlat ordenini g‘urur bilan ko‘rsatdi.

Suhbat davomida Xoluq o‘tgan yili vafot etgan otasi O‘zdemir Bayroqdorni ko‘p esga oladi. Uning ukasi, kompaniya texnik direktori bo‘lib ishlaydigan va Bayraktar dronlarining me’mori hisoblangan Saljuq ham otasini ko‘p xotirlaydi.

Erdo‘g‘anning kuyovi

2016 yilda Bayroqdorlar oilasi Turkiya prezidenti bilan quda bo‘ldi: Saljuq Erdo‘g‘anning qiziga uylandi
Foto: ANADOLU AGENCY VIA GETTY IMAGES

Xoluqning aytishicha, havaskor-uchuvchi bo‘lgan otasi unga aviatsiyaga bo‘lgan muhabbatni singdirgan. O‘zdemir Bayroqdor 1984 yilda avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish kompaniyasini tashkil etadi.

Ishlab chiqarishdan tashqari u siyosat bilan ham faol shug‘ullangan, shu tufayli Turkiyaning amaldagi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan tanishgan (o‘sha paytda u hali prezident emasdi).

Ikkalasi ham 1998 yilda taqiqlangan Islomiy farovonlik partiyasi a’zosi edi. Rasmiylar partiyani birinchi prezident Kamol Otaturk tomonidan asos solingan Turkiya Respublikasining dunyoviy qadriyatlariga putur yetkazadi deb hisoblagandi. Shundan so‘ng partiya nomi «Adolat va taraqqiyot» deb o‘zgartirildi. Hozirda u Turkiyaning hukmron partiyasi hisoblanadi.

2016 yilda esa qarashlari yaqin siyosatchilar rasman qarindosh bo‘lishdi. Saljuq Erdo‘g‘anning qizi Sumayyaga uylandi. Bu esa Turkiyada ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘ldi – mamlakat rahbari bilan qarindoshlik aloqasi oilaviy biznes gullab-yashnashiga olib kelishi aytildi.

Saljuq bu tanqidlarga qo‘shilmaydi.

«Biz 2000-yillarda dronlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganmiz va qaysidir ma’noda otam, akam, onam va men bunga o‘z hayotini bag‘ishlaganmiz, deydi u. - Erdo‘g‘anning qizi bilan to‘y 2016 yilda bo‘lgan, u paytga qadar birinchi Mini va Bayraktar TB1 droni allaqachon ishlab chiqilgan edi».

Saljuqning qayd etishicha, turmush qurganidan keyin siyosiy tanqidlar ko‘proq bo‘lgan, lekin uning hayoti ko‘p o‘zgarmagan.

Foto: ANADOLU AGENCY VIA GETTY IMAGES

Aka-ukaning so‘zlariga ko‘ra, Bayroqdorlar oilasi doimo «ishlab chiqarish» bilan yashab kelgan va zavodda ishlashga odatlangan. Ular maktabda o‘qigan paytida ham dastgohlarni dasturlashda yordam berishgan.

Saljuq o‘sha paytda mamlakatning eng nufuzli litseylaridan biri, Istanbuldagi Robert Amerika kollejida ta’lim olgan. Aka-ukalar Turkiya va AQSh oliy o‘quv dargohlarini tamomlagan, Saljuq Amerikada dronlarni ishlab chiqarish bo‘yicha mutaxassislik olgan.

O‘qishni tamomlab, «texnologik imkoniyatlarni rivojlantirish» maqsadida vataniga qaytib, otasining Baykar aviasozlik kompaniyasiga ishga kirishgan.

«Aviatsiya bayroqdorlari» va «teng huquqli dunyo»

Aka-ukalarning aytishicha, dronlarni ishlab chiqarish juda kichik muhandislar jamoasi bilan boshlangan va bunga faqat shaxsiy mablag‘lar sarflangan.

Muvaffaqiyatning asosiy sabablaridan biri – bu jangovar harakatlarning haqiqiy ishtirokchilari bo‘lgan turk askarlari bilan doimiy aloqada bo‘lish va dronlarni harbiylarning talab va ehtiyojlariga mos ravishda yangilab borishdir.

Harbiy dronlar nega ularning familiyasi bilan atalgani so‘ralganda, aka-ukalar Bayraktar turkchada «Bayroqdor» so‘zini anglatishi, bu nom dronlar uchun mos kelishini aytishdi.

«Biz aviatsiya sohasida bayroqdor bo‘lishni xohladik», deydi Saljuq.

Bayraktar shaxsan ular uchun nimani anglatishi so‘ralganida, Xoluq dronlarning yanada adolatli va teng huquqli dunyo yaratilishiga hissa qo‘shishini xohlayotganini aytdi.

Hozirga vaqtda Ukrainadagi urushda ukrainalik harbiylar Bayraktar TB2 dronlaridan rus qo‘shinlariga qarshi faol foydalanmoqda.

Bu dronlarning Rossiya zirhli texnikasini yo‘q qilayotgani aks etgan videolar butun dunyo bo‘ylab tarqaldi. Ukrainaliklar uchun esa turk dronlari Rossiya agressiyasiga qarshilik ko‘rsatishning o‘ziga xos ramziga aylandi. Ular haqida qo‘shiqlar yozilmoqda, bolalar va uy hayvonlari ularning sharafiga nomlanyapti va asta-sekin Bayraktar so‘zi ukrainaliklarning ommaviy madaniyatida o‘z o‘rnini egalladi.

Saljuq Bayroqdor Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini «adolatsiz va noqonuniy urush» deb ataydi.

Aka-ukalar Ukrainani ochiq qo‘llab-quvvatlab, ukrainalik harbiylarga bir necha dronlarni tekinga sovg‘a qilishgan, ko‘ngillilar tomonidan yig‘ilgan pul esa ukrainalik qochqinlar ehtiyojiga yo‘naltirilgan.

Bayraktar’ning ukrainaliklar uchun o‘ziga xos erkinlik ramziga aylangani haqida qanday fikrda ekani so‘ralganda, Xoluq ushbu texnologiyalar Ukrainani mustaqillik uchun kurashda qo‘llab-quvvatlayotganidan faxrlanishini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina erkin dunyo uchun kurashmoqda.

Saljuq ham Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini «adolatsiz va noqonuniy urush», ukrain xalqini esa oliyjanob deb atadi.

Aka-ukalar Ukrainaga qanday yordam berishyapti?

Baykar kompaniyasining Ukraina bilan hamkorligi urushdan ancha oldin boshlangan. Rossiya Qrimni annexia qilib, «DXR» va «LXR» deb ataluvchi hududlarga harbiy yordam bera boshlaganidan so‘ng, Kiyev himoyaning turli yo‘llarini izladi.

Xoluqning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hukumati uchuvchisiz boshqariladigan samolyotlarni so‘rab, ko‘plab davlatlarga murojaat qilgan, ammo kelishuvga faqat Turkiya rozi bo‘lgan.

«Ukrainada 2018 yildan buyon Bayraktar tizimlari qo‘llanmoqda», deb eslaydi u. – «O‘sha paytda Ukraina bilan mudofaa sanoati sohasida juda muhim loyihalar imzolandi».

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya mutaxassislari ukrainalik ko‘plab harbiylarga Bayraktar TB2 dronini boshqarishni o‘rgatgan. Ulardan biri yaqinda Rossiya zarbasi oqibatida halok bo‘lgan. Baykar kompaniyasi vakillari uning dafn marosimida qatnashgan. Aka-ukalar uning oilasiga yordam bermoqchi.

Xoluq Bayroqdor kompaniyaning Ukraina bilan hamkorligiga hech narsa soya sololmasligi va bu o‘rinda pul birinchi o‘rinda emasligini aytadi.
Foto: ANADOLU AGENCY VIA GETTY IMAGES

«Urush boshlanganda biz oziq-ovqat, bolalar ovqati yoki gigiyena vositalaridan iborat o‘nta yuk mashinasida gumanitar yordam jo‘natdik. Ukraina – biz bilan yaqin aloqaga ega davlat. Biz ukrainaliklarning dardiga sherikmiz va o‘z yerini muvaffaqiyatli himoya qilayotgani, ularning qahramonligini qadrlaymiz», deydi Xoluq.

Bularning barchasi olijanob ishlardek tuyuladi, ammo Baykar kompaniyasi Ukrainadan o‘z qurollarini sotadigan bozor sifatida foydalanayotganini ta’kidlaydigan tanqidchilar ham bor. Aka-ukalar bunga nima deb javob berishadi?

Xoluq tijorat manfaatlari borligini yashirmaydi. Ammo urush boshlanganidan beri kompaniya Ukraina bilan hamkorlik qilish uchun katta kuch sarfladi. «Biz uchun mustahkam aloqalarni o‘rnatish va ikkitomonlama manfaatli hamkorlikni rivojlantirish ustuvor vazifadir», deydi u.

«Ha, deb tasdiqlaydi u, Ukrainada urush boshlanishi bilan Bayraktar dronlariga qiziqish ortdi va shu bilan birga savdolar hajmi ham oshdi. Ukrainadagi urushdan oldin Ozarboyjon ham dronlardan Armanistonga qarshi Tog‘li Qorabog‘dagi urushda qo‘llagan, ulardan, shuningdek, Suriya va Liviyadagi urushlarda ham muvaffaqiyatli foydalanilgan. Va ko‘pincha mojaroning boshqa tomonida Rossiya edi».

«Pul birinchi o‘rinda emas»

Rossiya bunga munosabat bildirdimi? – degan savol o‘rinli.

«Biz texnologiyalarni ishlab chiquvchi kompaniyamiz, – deydi Xoluq. – O‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz bor. Biz strategik hamkorlik qilgan davlatlar qatori mamlakatimiz taraqqiyotiga ham hissa qo‘shishga harakat qilmoqdamiz. Biz bu texnologiyalardan o‘zimiz foydalanmaymiz. Biz ularni ishlab chiqamiz va boshqalarning foydalanishi uchun beramiz».

Uning eslatishicha, Ukrainada dronlardan ukrainalik harbiylar foydalanadi va ulardan qachon foydalanishni aynan o‘zlari hal qilishadi.

«Hammasi xuddi boshqa mahsulotlarga o‘xshash. Albatta, afsuski, Rossiya ommaviy axborot vositalarida biz tuhmatga uchrayapmiz. Chunki tizimlarimiz havo hujumiga qarshi mudofaa va zirhli transport vositalarini yo‘q qiladi. Lekin oxir-oqibat, biz texnologiya bilan ta’minlaydigan kompaniyamiz. Ulardan qanday foydalanish boshqa odamlarning qarori», deydi u.

Shu bilan birga, u Bayraktar dronlari «Ukrainaning mustaqillik uchun kurashiga o‘z hissasini qo‘shayotgani va bu hissaning eng yaxshi tarzda amalga oshirilishini ta’minlash uchun harakat qilayotgani»ni yashirmaydi.

Agar Moskva sizga katta pul taklif qilsa, ularga ham dron sotasizmi?

«Biz uchun pul birinchi o‘rinda emas. Pul va moddiy resurslar bizning biznesimizda hech qachon maqsad bo‘lmagan, - deydi Xoluq Bayroqdor. «Ukraina bilan do‘stligimiz va hamkorligimiz ko‘p yillardan buyon davom etib kelmoqda. Shuning uchun qancha pul taklif qilinishidan qat’i nazar, bunday vaziyatda [Moskvaga] dronlarni berish haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Bu davrda biz Ukrainani to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Chunki biz juda mustahkam aloqalarga egamiz, Ukraina esa juda adolatsiz, tajovuzkor va asossiz hujumga uchramoqda. Shuning uchun ham Ukraina bilan hamkorligimizga hech narsa soya solmaydi, qancha pul taklif qilinmasin, bu boradagi pozitsiyamiz aniq».

Intervyu olingan kuni Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an o‘z partiyasi yig‘ilishida Vladimir Putin go‘yoki Bayroqdorlar oilasi bilan hamkorlik qilmoqchi ekanini aytgan. Matbuot xizmati Xoluq bilan bog‘lanib, o‘z intervyusida Putinni tilga olmaslikni va faqat «Rossiya» so‘zini ishlatishni maslahat bergan. Saljuq esa bu davlat darajasidagi masala ekaniga ishora qilib, izoh berishdan umuman bosh tortdi.

Biroq, Xoluqning so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, Bayroqdorlar oilasi va Rossiya o‘rtasida hech qanday hamkorlik bo‘lmaydi, ayniqsa, rus qo‘shinlarining Ukrainaga bosqini davom etayotgan davrda.

Harbiy dronlarni kimga yetkazib berish masalasini kim hal qilishi haqidagi savolga Xoluq, ham kompaniya, ham Turkiya davlati deb javob berdi. Biroq, so‘nggi so‘zni tashqi siyosatdagi manfaatlarini hisobga olgan holda faqat Anqara aytishi oydinlashmoqda.

Avvalroq Moskva Eronning «Shahid-129» dronlariga qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Saljuq Eron dronlarining texnik xususiyatlaridan xabardor emasligini aytdi. Ammo uning qo‘shimcha qilishicha, Bayraktar o‘z sinfidagi eng yaxshi dron hisoblanadi.

«Janglarda o‘zini yaxshi namoyon qilgan boshqa bunday dron dunyoda yo‘q», deydi u.

Bayraktar’larning urushdagi roli qanday

BBC harbiy sharhlovchisi Pavel Aksyonovning so‘zlariga ko‘ra, Baykar Bayraktar TB2 – o‘rta balandlikda va uzoq parvoz qiluvchi dronlarning harbiy bozorida haqiqiy yulduz.

«Bu dron bir necha harbiy mojarolarda muvaffaqiyatli qo‘llangan va deyarli qarshilikka uchramagan. Jumladan, Ozarboyjon armiyasi Tog‘li Qorabog‘da, Turkiya armiyasi Suriyadagi «Bahor qalqoni» operatsiyasi paytida, Liviya hukumati Haftar armiyasiga qarshi muvaffaqiyatli foydalangandi», deydi u.

Ukrainaga qadar Bayraktar dronlari nafaqat razvedkada, balki nishonlarga zarba berishda ham muvaffaqiyat qozongan. Yuqori balandlikda bo‘lgan dronning zarbalari hayratlanarli edi. O‘z kamerasi tomonidan olingan kadrlarda boshqariladigan bombalar hech narsadan shubha qilmayotgan dushman askarlariga zarba berayotganini ko‘rish mumkin edi.

Biroq, Ukrainada Bayraktar’lardan asosan havo hujumiga qarshi tizimlarda foydalanilmoqda – kuzatuv, nishonni belgilash va razvedkada. Gap shundaki, bunday qurilmalar bombardimonchi va qiruvchi samolyotlar yoki vertolyotlarning o‘rnini bosolmaydi. Ularning yuk tashish qobiliyati ancha past va tezligi ham yuqori emas.

Ammo ularning havoda uzoq vaqt qolib, kuzatuvni amalga oshirish va tezkor-taktik havo razvedkasi bilan shug‘ullanish qobiliyati juda ham samarali hisoblanadi.

Bayraktar TB2 o‘z sinfidagi yagona dron emas. Misol uchun, Xitoy o‘zining Wing Loong dronlarini ishlab chiqarib, Misr, Qozog‘iston, BAA va boshqa mamlakatlarga eksport qiladi. Ushbu toifadagi eng mashhurlardan biri Isroilning IAI Heron droni bo‘lib, ko‘plab mamlakatlarga, jumladan Turkiyaga ham eksport qilingan.

Shuningdek, Amerikaning MQ-9 Reaper dronini ham tilga olish joiz. U 1990-yillarda harbiylar tomonidan xizmatga qabul qilingan afsonaviy MQ-1 Predator dronining merosxo‘ri sanaladi va eng samarali qurilmalardan biridir.

Vashingtondagi Tashqi siyosat institutining katta ilmiy xodimi Rob Lining so‘zlariga ko‘ra, Bayraktar’lar Ukrainada ko‘proq yordamchi vazifasini bajarmoqda.

«Urushning birinchi haftalarida biz rus harbiy texnikasiga dronlar yordamida zarba berilishining guvohi bo‘ldik. Chunki ular Ukraina bo‘ylab havodan himoya qilinmagan holda harakatlanishdi. Ammo mart oyida rossiyaliklar bu xatoni bartaraf qilishdi. Shundan keyin Ilon (Zmeyniy) orolidan tashqari barcha hududlarda Ukraina dronlarining Rossiya harbiy texnikasiga zarbalarini ko‘rmadik», deydi u.

Donbassda Bayraktar’lardan faol foydalanilmayapti. Chunki Rossiya armiyasi u yerda havo hujumiga qarshi qudratli texnikalarni joylashtirgan. Shu sababli, dronlardan faqat razvedka maqsadida foydalanilmoqda. Ularning yuqori aniqlikdagi optikasi bunga imkon beradi.

Dron hal qiluvchi qurol emas, u muayyan sharoitlarda, masalan, dushmanning havo mudofaasi zaifligida yoki dronlarni zaif qiladigan elektron urush imkoniyatlari yo‘qligida foydali bo‘lishi mumkin.

Tog‘li Qorabog‘dagi urushda ular hal qiluvchi rol o‘ynadi, chunki Ozarboyjon havoda ustunlikka ega edi. Ammo Ukrainada vaziyat boshqacha, bu yerda aniq ustunlik yo‘q. Bir urushda muhim bo‘lgan narsa boshqa urushda ahamiyatsiz bo‘lishi mumkin.

Boshqa dronlar

Baykar kompaniyasi yana bir Bayraktar Akıncı dronini ham ishlab chiqaradi. Unda Ukrainada ishlab chiqarilgan turbinalardan foydalaniladi.

Akıncı - dronning yangi modeli bo‘lib, uni ishlab chiqarishda  ukrainlar dvigatelidan foydalanilgan. Foto: ANADOLU AGENCY

Saljuqning so‘zlariga ko‘ra, ularning sinfi yuqoriroq – kattaroq va tezroq. Unda Ukraina turbinalari ishlatilganiga qaramay, hali bu mamlakatga yetkazib berilmagan. Ular yetkaziladimi, degan savolga ikkala aka-uka Ukraina tomoni hali bunday so‘rov bilan murojaat qilmaganini aytishdi.

Ayni paytda aka-ukalar Turkiyaning birinchi tovushdan tez uchuvchi droni Kızılelma va Bayraktar TB3 yangi droni ustida ishlamoqda.

Ikkala dron ham vertolyot tashuvchi kemalardan ucha oladi va qo‘na oladi. Kızılelma ham Ukraina turbinalaridan foydalanadi.

Ammo hamkorlik bu bilan to‘xtab qolmaydi. Xoluqning qayd etishicha, ular Ukraina hududida uchuvchisiz qiruvchi samolyotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni va ukrainalik yoshlar uchun tadqiqot markazlarini ochishni rejalashtirmoqda.

Aka-ukalar dronlarni ishlab chiqish markazini tashkil etish uchun yer sotib olishganini aytishdi, ammo urush tufayli ishlar to‘xtab qoldi.

Mavzuga oid