O‘zbekiston | 17:23 / 27.08.2022
14353
3 daqiqa o‘qiladi

Komil Allamjonov: «No photo, no video muammosi allaqachon yo‘qotilishi kerak edi»

Foto: Avaz Tohirovning Facebook'dagi sahifasi.

BBC o‘zbek nashri jurnalisti Avaz Tohirov unga Toshkentdagi Mustaqillik maydoni va Yangi O‘zbekiston bog‘ida suratga olishga ruxsat berilmagani haqida o‘zining Facebook sahifasida post yozgandi. Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov o‘zi teg qilib (belgilab) yozilgan postga munosabat bildirdi.

«No photo no video muammosi mamlakatimiz ijtimoiy hayotidan allaqachon yo‘qotilishi kerak edi, ammo u qayta va yana qayta yuzaga kelmoqda. Suratga olish taqiqlanishini tartibga soluvchi biror hujjat yo‘q.

2018 yil IIV tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi hududida jamoat joylarini, bino va inshootlarni suratga olish va videotasvirga tushirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi loyiha tayyorlanib, muhokama uchun e’lon qilingan, ammo qabul qilinmaganligicha qolib ketgan edi.

Mamlakatning ochiqlik siyosatiga zid bo‘lgan, ayrim o‘zboshimchalik bilan joriy qilingan taqiqlar jamiyatga zarar keltirishi muqarrar. Agar Vazirlar mahkamasining suratga olishni taqiqlash to‘g‘risidagi qarori bo‘lmasa, barcha idoralar xodimlariga, bunday holatlarda qanday yo‘l tutish kerakligi haqida ko‘rsatma berilishi kerak.

Butun dunyoda biror narsaga taqiq bo‘lmasa, demak unga ruxsat berilgani nazarda tutiladi. Qonun bilan suratga olish taqiqlangan obektlar ro‘yxati mavjud. Qolgan hamma joylarda – fotograflar, sayyohlar uchun ham, O‘zbekiston fuqarolari uchun ham to‘liq erkinlik ta’minlanishi zarur», deb yozdi Allamjonov.

BBC o‘zbek tahririyati muxbiri Avaz Tohirov 25 avgust kuni Toshkentdagi Yangi O‘zbekiston bog‘ida suratga olishga ruxsat berishmagani, bu uchun yozma ruxsatnoma so‘rashgani haqida post yozgandi. 26 avgust kuni esa jurnalist «Saga davom etadi» degan sarlavha bilan yana bir post qoldirib, unga Yangi O‘zbekiston bog‘ida bo‘lgani kabi Mustaqillik maydonida ham suratga olishga ruxsat berishmaganini ta’kildab, bu haqdagi postiga Komil Allamjonovni ham belgilagandi.

Mavzuga oid