O‘zbekiston | 15:16 / 04.09.2022
35702
7 daqiqa o‘qiladi

«Bayroq boshqalarda ketmoqda» - yana tarixiy filmlar ishlashdagi oqsashlar haqida

Ko‘pchilik davlatlar o‘z mafkurasini ko‘p jihatdan shonli tarixiga asoslab yaratadi, ajdodlarining mag‘lubiyatlariga emas, g‘alabalariga ko‘proq e’tibor qaratadi. Shu yo‘l bilan zamondoshlari oldida milliy g‘urur tuyib, avlodlarida vatanparvarlikni kuchaytirishga urinadi.

Nazarimda, tarixni o‘rganishda biz azaldan samarasiz uslubni tanlaganmiz. Bu holat ayniqsa bugungi kunda yaqqol bilinib qoldi. Biz Boburni ulug‘lab ming adadli jurnal chiqarayotgan bir paytda turklar “Muhtasham yuz yil”, “Ertug‘rul” kabi seriallari bilan nafaqat o‘zlaridagi, balki dunyo bo‘ylab, jumladan O‘zbekistondagi millionlab insonlarni maftun qilib qo‘yishmoqda.

Bu haqda ko‘p gapirilgan, ammo qaytarish zarurati hali hamon ulkan – bizda o‘shanday tarix yo‘qmi? Nega turk seriallaridagi rangdor va ulug‘vor qahramonlarga ko‘z tikib hayratlanamiz-u, o‘zimiznikiga bee’tibormiz?

Bahona tayyor – kinosanoatimiz imkoniyati unchalik emas.

Xo‘p, kimdir astoydil urinib ko‘rdimi? Bobur haqidagi 10 qismli, tasvir sifati haminqadar, eski videofilmni ham orziqib tomosha qilamiz-ku? Nega bu ish davom ettirilmayapti?

Yaqinda Mustaqillik bayramini nishonladik. Kechada markaziy nuqta sifatida jadidlarga e’tibor ko‘rsatildi. Davlat rahbari ham tarixning bu nuqtasida ochilmagan sahifalar bisyorligi, o‘rganilishi, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘pligini ta’kidladi. Ammo jadidlar masalasida ham haligacha oqsayapmiz. Olingan bir-ikkita filmlarda izchillik yo‘q. Mafkuraviy, tarixiy tomonlarini ochib berishga urinyapmiz-u, tomoshabinni maftun qilib oladigan darajada badiiylashtirib yubora olmayapmiz.

Endi o‘sha xorij seriallariga e’tibor qaratsak – ayrimlar ularda tarixiy haqiqat o‘zgartirilgan, deydi. Qandini ursin! Ular o‘z oldiga hujjatli yoki ilmiy-ommabop film yaratish maqsadini qo‘ymagan, qo‘ymaydi ham. Demak mubolag‘alarga, rangdorlik san’atiga, ancha-muncha uydirmalarga ham yo‘l qo‘yilaveradi. Maqsad yagona – sifatli mahsulot yaratish va tomoshabinni jalb qilish. Qolgani o‘z-o‘zidan bo‘laveradi, biz kabilar Sulton Sulaymonning qudrati va adolatidan hayratlanaveramiz, pul topsak Turkiyaga oshiqaveramiz. Seriallardagi mayda-chuyda kamchiliklar, bo‘rttirishlar bilan kimning ishi bor?

Ko‘z tegmasin, biz mukammallikka intilib yillarni o‘tkazyapmiz. Hatto tarixiy filmlarimiz taqdirini qardoshlarga topshirib, ulardan umid qila boshladik ham.

Axir Sulaymon bilan zamondosh bo‘lgan boburiy shahzoda Akbarshoh undan kam yurishlar qilganmidi? Sulton Sulaymon-ku, ulkan tarixga ega imperiya, asosan musulmonlarga tayangan qudratli davlatning davomchisi edi. Akbarshoh qiyinchilik bilan shakllanayotgan, diniy va irqiy ziddiyatlarga ko‘milgan hududda ulkan davlat barpo etgan.

Biz Akbarshohni hanuz Pirimqul Qodirovning “Avlodlar dovoni” asari doirasida bilamiz. Yaqinda hindlar ishlagan bir film namoyish etildi. Unda Akbarshoh o‘z o‘g‘li Salimga suygan yoriga uylanishga izn bermaydi. Ammo Salim fikrida qat’iy turadi. Hindlar kinoasarlarda muhabbat omilini birinchi o‘ringa qo‘yishadi. Tabiiyki bu filmda ikki yoshning shuncha qarshiliklarga qaramay so‘nmagan muhabbati birinchi planga olib chiqilgan.

Yoki yana o‘sha Sulton Sulaymonga qaytamiz. Tarix darsliklarida turklar zamonaviy Avstriya poytaxti Vena ostonasida mag‘lub bo‘lib, ortga qaytgani yozilgan. Ammo “Muhtasham yuz yil” serialida Sulton qattiq sovuq va uzluksiz janglar tufayli toliqqan askarlarini Vena yaqinidan ortga qaytarish to‘g‘risida buyruq beradi, ya’ni mag‘lubiyat silliqqina yopib ketiladi.

“Sheryurak” filmini ko‘pchilik ko‘rgan. Mel Gibson jonlantirgan Uilyam Uollesning qahramonliklaridan, o‘limga tik boqqanidan hayajonlanganmiz. Ammo o‘sha qahramon Uilyam Uolles o‘z yurtida 10-15 ming jangchi ishtirokidagi kichik janglarda g‘olib bo‘lgan, o‘z davrida qisqa muddat juda obro‘li shaxs hisoblangan, hanuz milliy qahramon darajasida bo‘lsa-da, davlatiga baribir mustaqillik tuhfa etolmagan. Nafaqat mustaqil bo‘la olmagan, balki nisbatan kichik Shotlandiya hududida yaxlit birlikni ta’minlay olmagan va oxir-oqibat shuning qurboni bo‘lgan. Ammo biz uning qahramonliklari haqidagi otashin filmni ko‘zda yosh bilan ko‘ramiz, qalbimizda o‘sha davr ruhiyati uyg‘onadi.

Ana, kinoustalar kichik va keyinchalik ahamiyatsizga aylangan g‘alaba atrofida mubolag‘alar to‘plab, olamshumul asarlar yaratishmoqda. Ammo bizda ikki yuz minglab askarni boshqarib, yana shuncha (yoki undan ham ko‘proq) Yildirimga qarshi chiqib, mahv etgan Sohibqironning shonli jangi haqida arzigulik film yo‘q.

Biz ulkan tariximizni yoritishda 500-1000 adadli jurnallarga suyangan bir paytda dunyo kinematografiyasi mubolag‘alar, badiiy bo‘rttirishlar bilan hammani o‘ziga jalb qilib ulgurdi. Boshqacha aytganda bayroq boshqalarda ketdi.

To‘g‘ri, bunday nashrlarning ham o‘z o‘rni bor, xorijda ham ular hanuz mavjud. Lekin ko‘proq turli-tuman grantlar, homiylar yoki ma’lum obunachilarga suyanib chop etiladi. Ammo bugungi kunda ulkan tarixni yorqin tasvirlab berish poygasida faqat bu nashrlarga suyanib qolish o‘zini oqlamaganini tan olishimiz kerak. “Tarixni g‘oliblar yozadi” degan naql bugungi kunda “Tarixni kinochilar yozadi” degandek o‘zgarib borayotgan bir paytda biz faqat qog‘ozga ishonib qolganimiz g‘alati bo‘lmoqda.

Ha, garchi Amir Temurning g‘olib bo‘lgani rad etib bo‘lmas fakt bo‘lsa-da, lozim darajada yoritib berilmagani uchun Yildirim oldida, Akbarshoh shuncha qahramonliklari bilan ham arzirli bir serial yoki filmga loyiq ko‘rilmagani uchun Sulton Sulaymon oldida yutqazmoqda.

Aynan bizning yurtimizda, o‘z nigohimizda yutqazmoqdami, xorijni qo‘yavering endi... 

Abror Zohidov

Mavzuga oid