Sport | 13:29 / 05.09.2022
11337
6 daqiqa o‘qiladi

«PSJ» 65 million yevro jarimaga tortildi, 19 ta klub nazoratga olindi – UYeFA qarori

UYeFA 2021/22 mavsumida moliyaviy feyr-pley (MFP) qoidalariga amal qilinishi bo‘yicha taftish natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan bir qancha klub jazolanadigan bo‘ldi.

Umumiy hisobda 8 ta klub jarimaga tortildi va yana 19 tasi, jumladan, Premer-Liganing bir qancha top-klublari UYeFA nazorati ostiga olindi.

Quyida sanksiyaga tushgan klublar ro‘yxatini taqdim qilamiz.

«Parij Sen-Jyermen» | 65 million yevro

«PSJ» MFP qoidalarini eng ko‘p buzgan klub deb topildi. Parijliklar juda katta – 65 million yevro miqdorida jarimaga tortildi. Ular 10 million yevroni oldindan to‘lashga majbur, qolgan 55 million yevro esa shartli jazo. Uning to‘lanishi UYeFA tomonidan qo‘yilgan talablarni bajara olishiga bog‘liq.

«PSJ» 2021 yil yozida juda katta xarajat qildi. Jumladan, qoidabuzarlikda Lionel Messi va Janluiji Donnarumma kabi yulduzlar shartnomasi ham «katta rol» o‘ynadi.

«Roma» | 35 million yevro

«Roma»ning Yevropa Konferensiyalar Ligasidagi g‘alabasi qimmatga tushdi. Italiyaliklar 35 mln yevro miqdorida jarimaga tortildi. Xuddi «PSJ» klubi kabi bu pulning hammasi oldindan to‘lanishi shart emas.

«Roma» 5 million yevroni bo‘nak hisobida to‘laydi. Qolgan qismi UYeFA qo‘ygan talablarning qanday bajarilishiga bog‘liq.

2021 yil yozida «Roma» 40 mln yevro evaziga Temmi Abrahamni olgan edi. 

Joze Mourino shogirdlari Konferensiyalar Ligasidagi g‘alabadan so‘ng, bu mavsumda Yevropa Ligasida ishtirok etishadi.

«Inter» | 26 million yevro

A Seriyaning yana bir klubi «Inter» ham MFP qoidalari chegarasidan chiqib ketdi va 26 million yevro miqdorida jarimaga tortildi. Shundan 4 million yevro oldindan to‘lanadi.

«Inter» o‘tgan mavsumda Italiya chempionligini asosiy raqibi «Milan»ga boy berdi. Ikkinchi o‘rinni egallab, Chempionlar Ligasi 2022/23 mavsumi ishtirokchisiga aylandi.

«Yuventus» | 23 million yevro

«Yuventus» ham Italiyadagi bir qancha klublar qatori UYeFA tomonidan jarimaga tortildi. Uning miqdori 23 million yevroga teng, shundan 3,5 million yevro oldindan to‘lanadi.

Turinliklar 2022 yil yanvar oyida «Fiorentina» hujumchisi Dushan Vlaxovich transferi uchun 81,6 mln yevro berishdi.

O‘tgan mavsumda «Yuventus» chempionatda g‘alaba qozona olmadi, ammo Massimiliano Allegri jamoasini Chempionlar ligasiga olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

«Milan» | 15 million yevro

UYeFA tomonidan jazolanadigan Italiya klublarining to‘rtinchi va oxirgisi – «Milan». Jarima miqdori A Seriya klublari orasida eng kam – 15 million yevroga teng. Shundan 2 million yevro oldindan to‘lanadi.

«Milan» 2021/22 mavsumida katta xaridlarni amalga oshirmadi, biroq, o‘tgan yillardan qolgan qarzlar o‘z so‘zini aytdi.

«Rossoneri» mavsum yakunida Italiya chempionligini qo‘lga kiritdi.

«Beshiktosh» | 4 million yevro

Ro‘yxatdagi top-5 liga vakili bo‘lmagan yagona klub - «Beshiktosh». Qizig‘i shundaki, o‘tgan mavsumda istanbulliklar Turkiya Superligasini 6-o‘rinda yakunlashdi va yevrokuboklarda ishtirok etmaydigan bo‘lishdi.

Ularga qo‘yilgan jarima miqdori 4 million yevroni tashkil etadi, shundan 600 ming yevro sharsiz to‘lanishi kerak.

«Monako» | 2 million yevro

Liga 1 klublari xarajatlar borasida «PSJ» bilan raqobatlasha olmaydi. «Monako» bunga «urinib ko‘rdi» va MFP qoidalarini buzib, jarimaga tortildi.

Albatta qoidabuzarlik raqibiga nisbatan unchalik katta bo‘lmadi. Klub 2 mln yevro jarimaga tortildi, shundan 300 ming yevroni oldindan to‘laydi.

O‘tgan mavsumda «Monako» Chempionlar Ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi, ammo saralashdan o‘ta olmadi. Shu bois ular Yevropa Ligasi mavsumiga hozirlik ko‘rmoqda.

«Marsel» | 2 million yevro

«Marsel»da ham vaziyat shunday. Klub o‘tgan mavsumda «PSJ»ga qarshi kurashish uchun bor kuchini sarfladi, jumladan pullarni ham. Qishda Samuel Jigo, Sead Kolashinats, Sedrik Bakambu transferlari amalga oshirildi. Yakunda chempionatda ikkinchi o‘rinni egalladi va Chempionlar Ligasi guruh bosqichi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Klub UYeFA tomonidan 2 mln yevro jarimaga tortildi, shundan 300 ming yevroni oldindan to‘laydi.

19 ta klub nazorat ostida

Ko‘plab klublar MFP qoidalarini buzishga yaqin edi, biroq, COVID-19 bilan bog‘liq yumshatishlar tufayli jazodan qutulib qolishdi. UYeFA ularni alohida nazorat ostiga olgan.

Hozirda 19 ta klub kuzatilmoqda: «Barselona», «Bazel», «Chelsi», «Borussiya Dortmund», «Fenerbahche», «Feyyenoord», «Latsio», «Lester», «Lion», «Manchester Siti», «Napoli», «Reyndjers», «Betis», «Antverpen», «Sevilya», «Trabzonspor», «Union Berlin», «Volfsburg» va «Vest Hem».

UYeFA 2022/23 mavsumida moliyaviy feyr-pley (MFP) qoidalariga amal qilinishi bo‘yicha taftish natijalarini keyingi yili e’lon qiladi. Unda COVID-19 bo‘yicha yumshatishlar inobatga olinmaydi.

Mavzuga oid