O‘zbekiston | 12:49 / 06.09.2022
7827
3 daqiqa o‘qiladi

2022 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston YaIM hajmi 5,4 foizga o‘sdi – Temur Ishmetov

Foto: KUN.UZ

Joriy yilning birinchi yarmida foyda solig‘i tushumlari 18,6 trln so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yil darajasida saqlab qolingan. Bunga asosiy sabab sifatida oltin va mis qazib chiqaruvchilar uchun oshirilgan soliq stavkasining pasaytirilishi keltirilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida Moliya vaziri Temur Ishmetov ma’ruza qilib, davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2022 yil birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha ijrosi to‘g‘risida hisobot berdi.

Qayd etilishicha, birinchi yarim yillikda O‘zbekiston YaIM hajmi 394 trln so‘mni tashkil etgan holda, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,4 foizga o‘sgan. Shuningdek, hisobot davrida tashqi savdo aylanmasi 25 mlrd dollarni tashkil etib, 32,4 foizga oshgan.

2022 yilning dastlabki olti oyi davomida budjet daromadlari 93 trln so‘mni tashkil etib, 2021 yilning mos davriga nisbatan 18 trln so‘mga ko‘paygan.

“Joriy yilning birinchi yarmida foyda solig‘i tushumlari 18,6 trln so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yil darajasida saqlab qolindi. Foyda solig‘i tushumlari o‘smasligining asosiy sababi oltin va mis qazib chiqaruvchilar uchun oshirilgan soliq stavkasining pasaytirilishidir. Foyda solig‘i tushumining 9,5 trln so‘mi yoki 51 foizi aynan shu oltin va mis qazib chiqaruvchilar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ulardan tushumlar o‘tgan yilning shu davriga solishtirganda 2,2 trln so‘m yoki 26 foizga pasaygan. Lekin ushbu korxonalardan yo‘qotilgan foyda solig‘i tushumi davlat budjetiga dividend shaklida undirilmoqda”, deya ta’kidladi Ishmetov.

Shuningdek, hisobot davrida maktabgacha ta’lim muassasalari soni 403taga o‘sgan. Jumladan, davlat bog‘chalari soni 33 taga, nodavlat bog‘chalar soni esa 370 taga ko‘paygan.

Ma’lumot uchun, 2022 yil 1 yanvardan boshlab yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari oltin va mis uchun 7 foizgacha (oldin oltin uchun ham, mis uchun ham 10 foiz edi) kamaytirilgandi.

Mavzuga oid